BMT: Quddus Isroil poytaxti emas

  • Amerika Ovozi

BMT Bosh assambleyasida AQShga qarshi rezolyutsiya muhokama qilinmoqda, 21-dekabr, 2017-yil, Nyu-York, AQSh.

BMT Bosh assambleyasi AQShning Quddusni Isroil poytaxti deb tan olish haqidagi qarorini keskin tanqid qiluvchi rezolyutsiya qabul qildi.

Bosh assambleyaning 21-dekabr kuni o'tgan favqulodda yig'ini Falastin tashabbusi va arab davlatlari qo'llab-quvvatlovi bilan tashkil etildi.

"AQSh mustaqil davlat sifatida foydalangan huquqi uchun bugun Bosh assambleyada ajratib qo'yilganini, hujumga tutilganini eslab qoladi", - dedi Vashingtonning BMTdagi elchisi Nikki Xeyli.

"BMTga dunyoning eng katta yordam hissasini qo'shishimizni so'rashganda, ko'plab davlatlar oldimizga kelib o'z foydalari uchun ko'proq mablag' ajratishimizni iltimos qilganda bu kunni eslaymiz", - deya qo'shimcha qildi u.

AQShning BMTdagi elchisi Nikki Xeyli rezolyutsiyaga qarshi ovoz bermoqda.
AQShning BMTdagi elchisi Nikki Xeyli rezolyutsiyaga qarshi ovoz bermoqda.

Biroz avval BMT Xavfsilzik kengashida ham AQSh qarorini qoralovchi rezolyutsiya ovozga qo'yilgan edi. Kengash a'zolarining 14 nafari yoqlab ovoz bergan hujjat AQSh veto qo'ygani bois o'tmadi.

Rezolyutsiya Quddusning muqaddas shahar ekanini qayd etib, uning siyosiy maqomi kelajakda Isroil va Falastin o'rtasidagi muzokaralar orqaligina hal qilinishi lozimligini ta'kidlaydi.

Xavfsizlik kengashi qaroridan farqli o'laroq, Bosh assambleyada qabul qilingan hujjat majburiy ijro kuchiga ega emas. U muhim xalqaro mavzularda dunyo hamjamiyatining qarashini aks ettirib, shu orqali tanqidga uchragan tomonlarga bosim o'tkazishni ko'zlaydi.

AQShga qarshi qabul qilingan rezolyutsiyaga ovoz bergan 172 davlatning 128 tasi uni yoqladi, faqat 9 mamlakat unga qarshi chiqdi. 35 davlat betaraf qoldi.

AQSh va Isroil bilan birga qarshi ovoz berganlar Gvatemala, Gonduras, Marshall orollari, Mikroneziya, Nauru, Togo va Palaudan iborat.

Ovoz berish jarayonida 20 dan ortiq davlat qatnashmadi. Ular orasida AQSh bilan yaqin hamkorlik o'rnatgan Gruziya va Ukraina ham bor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG