Turkiya iqtisodi sustlashar ekan, Erdog'anning nufuzi pasaymoqda

  • Amerika Ovozi

Anqara ko'chalarida, 17-aprel, 2017

Turkiyada prezident vakolatlari kengayadi. Yaqinda o'tgan referendum natijalari bunga yo'l ochdi. O'zgarishlar 2019-yildan kuchga kiradi. Bugungi dolzarb masala iqtisodiy sustlashganidir.

Prezident Rajab Toyyib Erdog'an 1994-yildan beri katta shaharlarda katta nufuzga ega edi. Biroq so'nggi saylovda u Istanbul singari yirik hududlarda ko'pchilik ovozini ololmadi. Buning asosiy sababi, deydi ekspertlar, tirikchilik qiyinlashganida va iqtisodiyot oqsayotgani bilan bog'liq.

Erdog'anni hokimiyatda ushlab turgan omillardan biri kuchli iqtisod edi.

"Hozirda inflyatsiya 11,3 foizda. Yaqin oylarda 12 foizga yetadi", - deydi Inan Demir, Nomura banki mutaxassisi.

“2009-yildan beri bu qadar yuqori inflyatsiyaga guvoh bo'lmaganmiz. Ishsizlik keng".

Turkiyada ishlab chiqarishning 70 foizi mamlakat g'arbida joylashgan va Yevropa bozorlari va iqtisodiy tizimiga ulangan. Aynan mana shu hududlarda Erdog'an oz ovoz olgan.

Yoshlar bugungi rahbardan norozi eng katta guruh, deydi siyosiy sharhlovchilar.

"Yoshlar orasida ishsizlik 25 foiz" ,- deydi tahlilchi Atilla Yeshilada.

Ilk bor ovoz berganlarning 58 foizi prezident vakolatini oshirmang deb chiqqan.

Turk talabalarining 72 foizi bugungi vaziyatdan qoniqmasligini aytadi. Yaqinda o'tkazilgan ommaviy so'rovlarda Turkiya oliygohlarida bilim olayotganlar aksariyat hollarda o'zini baxtsiz va omadsiz deb hisoblashini aytgan.

2019-yilda bu davlatda mahalliy, parlament va prezident saylovlari o'tadi.


Erdog'anni quvvatlayotganlar asosan qishloq joylarda yashaydiganlar va dindor aholi bo'lib, ular prezident ijtimoiy himoyani oshirganidan mamnun.

“Bu saylovchilarni xursand qilish uchun ko'p narsa kerak emas. Ularga Erdog'anning konkret yordami yoqadi. Bu guruh uchun Turkiya globallashishi u qadar qiziq emas. Menga aynan nima foyda, deb so'raydi", - deya sharhlaydi Yeshilada.

"Ular davlat yordamiga tobe. Undan ajralish bu saylovcgilar uchun eng ulkan fojia bo'ladi. Shu bois ham ular Erdog'an hokimiyatda qolishidan manfaatdor".

Referendum oldidan hukumat bizneslar uchun past foizda qarz berish, vaqtincha ish bilan ta'minlash va yangi infrastruktura barpo etish uchun yoppasiga ishga yollash kabi dasturlarni tanishtirdi.

Iqtisodiy ahvol yanada tanglashsa, saylovlar erta o'tishi ham mumkin. Muxolifat nazarida referendum natijasi adolatli emas va millionlab ovozlar tekshirilishi kerak. Oppozitsiya Erdog'anga bosimni pasaytirmoqchi emas. Xorijdagi badavlat turklar ham hukumatga qarshi propagandani kuchaytirmoqda.

Erdog'an ko'rpaga qarab oyoq uzatmay qo'ygan, deydi Yeshilada. Berilgan va'dalarni bajarish kerak. Buning uchun esa milliardlab dollar mablag' zarur. Yaqin kelajakda iqtisodni mustahkamlay olish prezident uchun birinchi o'rindagi vazifa. Aks holda xalq ishonchi uzoqqa bormasligi mumkin. Fuqaro Turkiyada hammo eng qudratli tomon, deydi tahlilchi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG