Breaking News

Ukraina: Korrupsiya hollarini taftish qilgan jurnalistlarga ogohlantirish


Jurnalist Mixaylo Tkach oshxonasidagi teshiklarni suratga olib, Feysbukka joylashtirgan

Xira videoda Ukrainadagi “Sxemalar” nomli jurnalistik surishtiruv guruhiga tegishli mashinaga bir odam yaqinlashgani, birozdan so’ng mashina yonib ketganini ko’rish mumkin. Kiyev yaqinidagi Brovari shahrida bu ishga aloqadorlik gumoni bilan ikki kishi qo’lga olindi, deya bildirmoqda Ichki ishlar vaziri Arsen Avakov.

Bu avgust oyida ayni jurnalistlarga qarshi uyushtirilgan ikkinchi hujumdir. “Sxemalar” loyihasini “Ozodlik” radiosi Ukrain xizmati va Ukrainadagi “Pershiy kanal” birgalikda yuritadi.

Loyiha muxbirlaridan biri Mixaylo Tkach o’z uyining oshxonasi shiftida teshiklar paydo bo’lganini qayd etib deydiki, kimdir kuzatuv moslamalarini o’rnatishga harakat qilgan.

“Ozodlik” va “Amerika Ovozi” AQSh Global Media Agentligi tomonidan boshqariladi.

17-avgustda Ukrainaning Brovari shahrida jurnalistlarning mashinasiga o't qo'yilgan
17-avgustda Ukrainaning Brovari shahrida jurnalistlarning mashinasiga o't qo'yilgan

“Asabiga tegayapti”

Mixaylo Tkach oshxonasidagi teshiklarni suratga olib, Feysbukka joylashtirgan. “Jurnalistik faoliyating yuqoridagi amaldorlarning asabiga tegayapti”, deb meni ogohlantirishgan edi, deydi u.

“Sxemalar” loyihasi doirasida jurnalistik surishtiruvlar olib boruvchi muxbirlar fikricha, mashinaga o’t qo’yilgani hamda Tkachning uyida kuzatuv moslamalarini o’rnatishga bo’lgan urinish ular tayyorlayotgan reportajlar bilan bog’liq.

Yoqib yuborilgan mashina Ukraina hukumatining yuqori doiralarida poraxo’rlik hollarini tekshirish, mamlakat bo’ylab harakatlanish uchun qo’llangan edi.

Prezident Vladimir Zelenskiy huquq-tartibot idoralarini hujumga qo'l urganlarni tezda topishga chaqirdi. Jurnalistlar, jumladan meni tanqid qilganlar ham, himoya qilinishi lozim, deydi u.

“Ozodlik” radiosi direktori Deyzi Sindelar shunday bayonot berdi:

“Hech kim jabrlanmaganidan mamnunmiz. Biroq bu voqealar “Ozodlik” muxbirlarini qo’rqitish, Ukrainadagi jurnalistlar uchun tahdidli muhitni yaratishga qaratilgani tashvish uyg’otadi”.

Prezident Vladimir Zelenskiy
Prezident Vladimir Zelenskiy

Boshqa voqealar

“Sxemalar” loyihasi muxbirlari ilgari ham hujumga uchragan, ta’qib qilingan va ularning shaxsiy ma’mulotlari internetda tarqatilgan. Mahalliy va xalqaro jurnalistik tashkilotlarga ko’ra, ularning ovozini o’chirishga harakat qilinmoqda.

“Afsuski, Ukrainada ko’pincha bunday hujumlar jazosiz qoladi, natijada jazosizlik muhiti shakllanadi”, - deydi Xalqaro matbuot instituti rahbari muovini Skott Griffen.

Vashingtonda joylashgan “Ozodlik uyi” (Freedom House) huquq tashkiloti Ukrainada, xususan, korrupsiya hollarini tekshirayotgan jurnalistlarga bosim va xurujlar oddiy hol ekanini qayd etadi. Tashkilot reytingida Ukraina “qisman erkin” jamiyat sifatida baholanadi.

Masalan, o’tgan yili Cherkasi shahrida mahalliy jurnalistga kim hujum qilgani haligacha noaniq. Vadim Komarov ko’chada hushsiz holatda topilgan, bir necha haftadan so’ng boshiga yetkazilgan jarohatlaridan vafot etgan. Xalqaro matbuot institutiga ko’ra, hujumdan bir kun oldin u korrupsiyada doir maqola chop etishini e’lon qilgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG