Breaking News

Xorijiy jurnalistlar Gonkongni sekin-asta tark etmoqda


Gonkongda kuchga kirgan xavfsizlik bo’yicha yangi qonun sabab ommaviy axborot vositalari (OAV) Xitoy hududidagi faoliyatini qayta ko’rib chiqmoqda. Orol mintaqaviy media markaz degan maqomidan ayrilsa ajab emas.

O’nlab yillar davomida dunyoning yirik media tashkilotlari Osiyo bo’yicha idorasini shu yerda joylashtirgan. Lekin Gonkong Xitoyning eng erkin shahri degan nomini boy bermoqda. Xavfsizlik bo’yicha keng qamrovli yangi qonun - Xitoy va Gonkong huquqiy tizimlarini uyg’unlashtirish tomon Pekin qo’ygan eng dadil qadam.

Qonun o’tgan bir yilda demokratiya tarafdorlari o’tkazgan namoyishlarga javobdir. Hujjatdagi noaniq bandlar so’z erkinligiga sezilarli ta’sir ko’rsatmoqda.

Ko’chish qarori

“Nyu-York Tayms” (The New York Times) nashri shu hafta Gonkongdagi byurosining uchdan bir qismini Janubiy Koreyaga ko’chirishga qaror qildi.

“Yangi qoidalar bizning faoliyatimiz va jurnalistika uchun nimani anglatishi noma’lum. Ehtiyot chora sifatida tahririyatni diversifikatsiya qilishni o’rinli deb hisoblaymiz”, deyiladi gazeta xodimlariga jo’natilgan xatda.

“Nyu-York Tayms” mintaqani yoritish uchun Gonkongda faoliyatini davom ettirishni istaydi, ammo bu tobora qiyinlashib borayotganini tan oladi. Mahalliy hukumat gazetaning Xitoy bo’yicha ko'p yillik muxbiri Kris Baklining ishlash ruxsatnomasini yangilashdan bosh tortgan.

Yil boshida Xitoy “Nyu-York Tayms”, “Uol Strit Jornal” va “Vashington Post” gazetalari muxbirlarini mamlakatdan chiqarib yubordi. Ularning Gonkongda ishlashiga ham ruxsat yo’q.

“Vashington Post” kamida ikki muxbirini Janubiy Koreyaga ko’chirdi. “CNN” telekanaliga ko’ra, “Uol Strit Jornal” va Fransiyaning “AFP” axborot agentligi Gonkongdagi faoliyati borasida muhokamalarni boshlagan.

Namoyishlar haqida ingliz tilida xabar tarqatuvchi “Hong Kong Free Press” yangi qonun sabab idorasini oroldan ko’chirishi mumkin.

Qonun ahamiyati

Gonkong xavfsizligi bo’yicha qonun mediaga qaratilmagan. Pekinga ko’ra, maqsad - bo’lginchilik, qo’poruvchilik, terrorizm va xorijiy aralashuvning oldini olish. Ammo 54-moddasi chet el OAV, nohukumat tashkilotlar va xalqaro guruhlarni “boshqarishni kuchaytirishni” nazarda tutadi. Ya’ni, deydi xorijiy jurnalistlar, monitoring va senzura kuchayadi.

Yana bir muammo: Gonkong fuqarolari jurnalistlar bilan gaplashishdan, intervyu berishdan qo’rqib qolgan. Qonunda keng ko’lamdagi xorijiy tashkilotlar bilan ishlash jinoyat deb belgilangani bunga sabab deb ko'rilmoqda. Qoidalar mavhumligi nafaqat jurnalistlar, balki fuqarolik jamiyati tashkilotlari orasida ham qo’rquv uyg’otmoqda.

“Qo’rquv kuchli. Ular qonundan qanday foydalanishini bilmaymiz. Xuddi boshingizda qilib ushlab turgandek”, - deya vaziyatni izohlaydi huquq faollaridan biri.

Xalqaro nohukumat tashkilotlardan biri idorasi va barcha xodimlarini Gonkongdan ko’chirgan.

“Qizil chiqizlar nimaligini bilmaymiz. Prinsiplarimizga qarshi borib, senzuraga bosh egish ham bo’lmaydi. Xodimlarimizni xavf-xatarga qo’yishni istamadik”, - dedi tashkilot xodimi “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

Muqobil variant

Aksar tahlilchilar fikricha xorijiy OAV Gongkongni tark etishi bosqichma-bosqich jarayon bo’ladi, chunki mintaqaviy media-markaz sifatida xizmat qiluvchi muqobil joy yo’q.

Xitoyni yoritishni davom ettirishni istaydigan axborot vositalari Tayvan poytaxti Taypeyni tanlashi mumkin, biroq jurnalistlarni Tayvanga ko’chirish Pekinni g’azablantiradi, chunki Pekin Tayvan hukumatini tan olmaydi.

Yaponiya poytaxti Tokioda idora ochish esa qimmat, ayniqsa kichikroq OAV uchun.

Singapurda ayrim G’arb OAV, xususan, moliya va biznesga yo’naltirilgan kompaniyalar idorasi joylashgan. Ammo OAVga doir o’ta qat’iy qoidalar muammo sifatida ko’riladi.

“Nyu-York Tayms” gazetasining yozishicha, Janubiy Koreya, xususan, “xorijiy bizneslarga ochiqligi, mustaqil matbuoti va Osiyoga doir xabarlarda markaziy o’rinni egallashi” bilan ajralib turadi.

Seul kelasi 5-10 yilda global jarayonlar markazida tursa-da, deydi Yonsey universiteti professori Jeffri Robertson, yaqin kelajakda asosiy e’tibor Xitoyda bo’ladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG