Breaking News

Terrorizmga qarshi kurashning ko’rinmas taraflari


Terrorizmga qarshi kurashning ko’rinmas taraflari
Terrorizmga qarshi kurashning ko’rinmas taraflari

Terrorizm ildiziga bolta urish uchun uni moliyaviy manbalardan ayirish lozim, deydi ekspertlar.

Jinoyatchini ushlash uchun pulning izidan borgan kifoya deyishadi. Nyu-York va Vashingtonga qilingan hujumlar ketidan “dushman” so’zi yangicha talqin qilina boshlangan.

Urush nafaqat jang maydonida, balki virtual dunyoda, kompyuterda ham olib borilmoqda.

Metyu Levitt Vashington oliygohida kontr-terrorizm va razvedka masalalari bo’yicha izlanadi.

“Tadqiqotlardan bilamizki, xalqaro tahdidlarning oldini olishning effektiv yo’li – ularni moliyadan ayirish”, - deydi u.

11-sentabr xurujlarini, o’z-o’zidan ma’lumki, yovuz mafkura bilangina uyushtirib bo’lmas edi. AQSh razvedkasi qo’lidagi barcha ma’lumotni elakdan o’tkaza boshladi: elektron kommunikatsiya, xalqaro sayohat, moliyaviy operatsiyalar.

“Masalan, men sizgan bank orqali pul qabul qilib olsam, buning ortida bir gap bo’lishi mumkin. Pul meniki ham emas, sizniki ham emas - biz shunchaki vositachilar, yirik tizimning bir bo’lagi. Moliyaviy operatsiyani kim, nima maqsadda amalga oshirayotganini tekshirib, ijrochilarga chiqsa bo’ladi”, - deydi Metyu Levitt.

Terrorizmga qarshi kurashning ko’rinmas taraflari
Terrorizmga qarshi kurashning ko’rinmas taraflari

AQSh hukumati shu maqsadda Moliya vazirligi qoshida maxsus idora ochgan. Vashingtondagi Tashqi Aloqalar kengashi eksperti Styuart Levi terrorizm va moliyaviy razvedka bo’limini boshqargan.

“AQSh Moliya vazirligi - o’zining razvedka idorasiga ega dunyodagi yagona vazirlik. Bunga ehtiyoj borki, uni ochib qo’yishgan. Juda ishonchli ma’lumotlar to’playdi”, - deydi u.

Bugunga kelib shuni bilamizki, 11-sentabr xurujlarini amalga oshirish uchun 500 million dollar ajratilgan. Pul Yevropa va Yaqin Sharq davlatlaridagi banklar orqali Amerikaga, buyurtmani bajaruvchi odamlarga yetkazilgan.

Buni aniqlash uchun tergovchilar ancha vaqt sarfladi. Bryusselda asoslangan SWIFT, xalqaro moliyaviy kommunikatsiya uyushmasidan ma’lumot olindi.

“AQSh-Yevropa hamkorligi doirasida bu agentlik ma’lumot bazasidan foydalanishga ruxsat berishgan o’shanda”, - deydi Levi.

Natijada AQSh hukumati terroristik faoliyatda gumon qilingan shaxslar va guruhlarning bank-hisob raqamlarini muzlatdi. Oradan ko’p o’tmay, al-Qoida agentlari qo’lga olindi, jumladan Hambali ismli shaxs. 2002-yili Bali orolidagi portlashni uyushtirgan ham u.

Terrorizmga qarshi kurashning ko’rinmas taraflari
Terrorizmga qarshi kurashning ko’rinmas taraflari

Ammo xavfsizlik deb shaxsiy erkinliklar toptalishiga qonun yo’l qo’ymaydi. Hukumatga buni qayta-qayta eslatishdi.

“Razvedka idoralari bu maxfiy ma’lumotlarni qo’lga kiritib bilganini qilayapti degan shikoyatlar tushgan. Vaholanki, bunday bo’lishi mumkin emas. Nazorat kuchli”, - deydi mutaxassis.

2010-yilda Al-Qoidaga qarshi kurash eng yuksak nuqtaga yetdi. AQSh maxsus kuchlari Osama bin Ladenni Pokistondan topib, yo’q qildi. Reyd paytida qo’lga kiritilgan ma’lumotlardan ma’lumki, al-Qoidaning homiylari avvalgidek ko’p emas.

Styuar Levi so’zlariga ko’ra, Bin Laden ekstremizm tarafdorlarini o’ziga ergashtira oladigan, mablag’ to’plash va odam yollashda yo’l ko’rsata oladigan rahbar edi.

“Uni o’ldirib, al-Qoidani effektiv boshqaruvdan ayirdik. Bu juda katta yutuq, terror tizimiga kuchli zarba berildi. Albatta, uning o’rniga boshqalar keladi. Tahdid ketmagan”.

Terrorizmni zamonga moslashuvchan maxluq deyishadi. O’zini moliyalash uchun hech narsadan tap tortmaydi: narkotiklar, qurol savdosi, garovga olishlar. Hozirgi kunda terroristlar arzon, kichik xurujlarga zo’r bermoqda.

Terrorizmga qarshi kurashning ko’rinmas taraflari
Terrorizmga qarshi kurashning ko’rinmas taraflari

Pulning izidan borsangiz, egasini baribir topasiz, deydi ekspertlar.

"Terrorizmning kattayu kichigi bo’lmaydi. Jinoyat ortida buyurtmachi, vositachi, ularni pul bilan ta’minlovchi odamlar bor. Muhimi, issig’ida ketiga tushish. Deylik, besh ming dollar katta pul emas, lekin qo’liga yetib bormasa terrorchi ishini bajara olmaydi”, - deydi Vashington oliygohi professori Metyu Levitt.

Terrorizm ustidan g’alaba e’lon qilishga hali erta. Begunoh odamlarni o’ldirishga qaratilgan yovuz mafkurani yengish uchun xalqaro hamjamiyat bugun barcha vositalarni ishga solmoqda - siyosiy, iqtisodiy, moliyaviy va harbiy. Kurash hali uzoq yillar davom etadi.

XS
SM
MD
LG