Breaking News

Ekspertlar: AQSh ASEAN tashkiloti bilan yaqinroq ishlashi lozim


ASEAN tashkilotining onlayn o'tkazilgan majlisi, 12-noyabr, 2020

20-yanvardan prezidentlikka kirishadigan Jo Bayden Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasi (ASEAN) bilan yaqinroq hamkorlik qilsa, 650 million aholiga ega ushbu mintaqa AQSh bilan uzoq muddatli bitimlar tuzishga tayyor.

Kuzatuvchilarga ko’ra, 10 a’zolik ushbu blokda AQSh o’z rolini oshirsa, Osiyo rahbarlarida Vashingtonning Xitoyga qarshi himoya vazifasini bajarishga tayyor ekani haqidagi ishonch ham kuchayadi.

Amerikaning xavotiri shuki, dengizdagi hududiy tortishuvlar ASEANning to’rt a’zosi – Bruney, Malayziya, Filippin va Vyetnamni o’z ichiga olsa-da, Xitoy sekin-asta nazoratni qo’lga olmoqda. Prezident Tramp ogohlantirish sifatida bir necha bor mintaqaga harbiy kemalarni safarbar etgan. Shuningdek, AQSh Xitoyning kichik qo’shnilariga qurol sotmoqda, ularning armiyasini treningdan o’tkazmoqda.

Biroq Trampning 53 yillik dialog formatiga, ya’ni ASEANga amaldagi yondashuvi Xitoyga bu hukumatlarga ta’sir ko’rsatish imkonini berdi, deb hisoblaydi professor Karl Tayer.

Masalan, Pekin pandemiya davrida “yumshoq kuchini” ishga solib, Janubi-sharqiy Osiyo davlatlariga iqtisodiy yordam berdi. ASEAN yig’inlariga ham muntazam ravishda delegatsiya jo’natib, takliflar kiritadi.

“Har qanday ko’p tomonlama tashkilotlar, xususan ASEAN, Xitoyga bas kela oladigan kuch sifatida AQShning to’liq ishtirokini taqozo etadi. Aks holda, bunday tashkilotlarning boshqa a’zolari nisbatan zaif pozitsiyadan ish tutishga majbur”, - deydi Tayer.

“Yuz yillik Osiyo maslahatchilari” nomli tadqiqot firmasi rahbari Manu Baskaran Trampning Osiyo liderlari bilan muomalasini “xavotirli” deya tasvirlaydi. Masalan, 2017-yilda AQSh rahbari Janubiy Koreyadan u yerdagi AQSh harbiy inshooti uchun mablag’ talab qilgan.

Trampning Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Un bilan uchrashuvlari ham “kutilmagan qarorlar” edi, deya yozadi Baskaran.

Prezident Tramp ASEAN yig’inlarida 2017-yilda qatnashdi, 2018 va 2019-yillarda esa vakillarini jo’natdi. U erkin savdo bitimlarini tark etib, Xitoyga qarshi tariflar yuzasidan Jahon savdo tashkiloti bilan tortishdi. 2020-yilda esa AQShni Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti a’zoligidan chiqardi.

Jo Bayden xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni qayta yo’lga qo’yishi kutilmoqda, chunki uning Demokratik partiyasi diplomatiyaga boshqacha yondashadi, deydi professor Eduardo Araral.

“AQSh ASEAN bilan ishlashi to’g’risida reja bor, bu esa qisqa muddatda noaniqlikni va ziddiyatlarni kamaytiradi”, - deydi u.

Tadqiqotchi Aron Rabena fikricha, AQSh Xitoyga qarshilik ko’rsatish uchun ham ASEAN bilan hamkorlik qilishi shart. Dengizdagi hukmronlik da’volari sabab Xitoydan norozilik kuchli bo’lsa-da, Janubi-sharqiy Osiyo hukumatlari savdo va sarmoya bobida baribir unga tayanadi.

Qog’ozda ASEAN na Xitoy, na AQSh tarafida, lekin tashkilotning ko’pgina a’zolari Amerika bilan bir necha o’n yillardan beri ittifoqchi.

Ekspertlarning qayd etishicha, AQSh ASEAN bilan savdo bitimi bo’yicha muzokara boshlasa, bu guruh a’zolari tomonidan ijobiy qarshi olingan bo’lardi.

2009-yilda Xitoy va ASEAN erkin savdo hududi barpo etishga kelishib olgan. Janubi-sharqiy Osiyoning katta qismi eksportga tayanadi va AQSh bozoriga chiqishni istaydi.

Manu Baskaran deydiki, Baydendan ekspertlar maslahatiga quloq tutib hamda Osiyo liderlarining fikr-qarashlarini inobatga holda qarorlar qabul qilishini kutish mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG