Breaking News

AQSh ittifoqchilar bilan kelishib olish harakatida


Parij, 4-oktabr, 2021

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Parijda Fransiya, Britaniya va Avstraliya diplomatlari bilan keng qamrovli muzokaralar olib bormoqda.

Amerikaning bu davlatlar bilan aloqalari o'tgan yillarda ancha orqaga ketgan. Bayden ma'muriyati hozirgacha ular bilan yang sahifa ocha olgani yo'q.

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining 60 yilligi nishonlanar ekan, Blinken Parijdagi tadbirlarda ishtirok etib, bu blok ahamiyatiga urg'u bermoqda.

Fransiya 2022-yildan Yevropa Ittifoqiga raislik qiladi. Olti oy mobaynidagi boshqaruvda Parij AQSh bilan sheriklikni kuchaytirishi kerak. Rasmiylar jarayon oson kechmasligini tan oladi.

Global masalalarda kelishib olish lozim. Atlantika okeanining ikki tarafidagi davlatlar koronavirus pandemiyasidan chiqish borasida bir to'xtamga kelishi zarur.

AQSh va Avstraliya dengiz kuchlari Tinch okeanida mashqda, 2019
AQSh va Avstraliya dengiz kuchlari Tinch okeanida mashqda, 2019

Avstraliya va Britaniya bilan erishilgan yangi xavfsizlik bitimi Parijni g'azablantirgan. Chunki unga ko'ra, Avstraliya Amerika texnologiyasi bilan kamida sakkiz suvosti kemasi bunyod etadi. Avstraliya buning uchun sal oldin Fransiya bilan imzolangan kelishuvdan chiqdi.

Parij keskin javob tariqasida Avstraliya va Amerikadagi elchilarini chaqirib oldi. Bu davlatlarga ishonch yo'q, deya bong urdi fransuz rasmiylari.

22-sentabr kunlari prezidentlar Jo Bayden va Emmanuel Makron gaplashgach, elchi Vashingtonga qaytadigan bo'ldi.

Oktabr oyi oxirida ikki rahbar Rimda Katta Yigirmalik sammitida ham alohida so'zlashishi kutilmoqda.

Ekspert Jeyms Golgiyer deydiki, Oq uy Parijdan bunday qattiq munosabat kutmagan.

"Hind okeani va Tinch okeani hududlari xavfsizligi AQSh uchun ustuvor masala ekan, Yevropa yondashuvi va manfaatlari ham inobatga olinishi lozimligi ayon bo'ldi", - deydi Goldgiyer.

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti iqlimdagi salbiy o'zhgarishlarga diqqat qaratmoqda.

"Blue Dot Network" degan mexanizm orqali a'zo davlatlar infrastrukturani yashillashtirishga bel bog'lagan. Xalqaro me'yorlar va mezonlar yangilanadi.

AQSh, Avstraliya va Yaponiya "Blue Dot Network" tizimiga 2019-yilda o'tgan. Infratuzilmalar endi yanayam shaffof va ekologik jihatdan chidamli va foydali bo'lishi shart. "Blue dot" deb Yerning fazodan naqadar kichik bir ko'k nuqtadek ko'rinishi nazarda tutiladi.

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining bu haftadagi yig'inlarida Xitoy kuzatuvchi sifatida ishtirok etmoqda.

Gaitidan kelgan minglab odamlar AQSh-Meksika chegarasida, 25-sentabr, 2021
Gaitidan kelgan minglab odamlar AQSh-Meksika chegarasida, 25-sentabr, 2021

Blinken Yevropadan Meksikaga borib, bu davlat bilan xavfsizlikni muhokama qiladi. AQSh Ichki xavfsizlik vaziri Alexandro Mayorkas va Adliya vaziri Merrik Garland ham Meksika hukumati bilan muzokaralarda qatnashadi.

Meksika-AQSh chegarasida turli davlatlardan migrantlar yig'ilib, Amerikaga kirishga harakat qilishi doimiy muammo. Odam savdosi, qoradori savdosi, uyushgan jinoiy guruhlar faoliyatiga qarshi kurash davlatlardan yaqin hamkorlik talab qiladi.

Yaqinda Meksika bilan chegarada 15 mingcha gaitilik yig'ilib, AQShda kirishni so'raganida Bayden ma'muriyati ularga eshik ochmagani janjallarga sabab bo'lib, davlatlar orasida ziddiyatlar avj oldi. Meksika hukumati bu migrantlarni vataniga qaytardi. Blinken va boshqa vazirlar bunday chigalliklar yuzasidan ham qo'shni mamlakat rasmiylari bilan fikr almashib olishi kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG