Breaking News

AQSh O'zbekistonga katta miqdorda harbiy yordam ko'rsatmoqda


AQSh O’zbekistonga 308 dona bronetransportyor (MRAP - zirxli mashina), shuningdek, 20 dona zirhli remont-evakuatsiya mashinasi (BREM) uzatmoqda.

Davlat departamentining "Amerika ovozi" ga tasdiqlashicha, O’zbekistonga 308 dona bronetransportyor, MRAP rusumidagi zirhli mashina, berilmoqda. Shuningdek, 20 dona zirhli remont-evakuatsiya mashinasi (BREM). Ularning transportirovkasi uchun respublikaning o’zi to’laydi va ta’minot bir necha bosqichda amalga oshirilmoqda. Bu mashinalar qay maqsadda ishlatiladi, ularning ta’miri va trening – Pentagon butun jarayonni o’zi nazorat qiladi.

Aytish joiz, MRAPlarning har bir donasi yangiligida 1 million dollar turadi. BREMlar esa ikki million dollar. Markaziy Osiyoga AQShdan hali bu qadar katta miqdorda harbiy vosita uzatilmagan. Hozircha mintaqada O'zbekistondan boshqa hech bir davlat bunday yordam olmagan. AQSh yetakchi diplomati Dan Rosenblum bilan bu borada suhbat bilan mana bu yerda tanishing.

Markaziy Osiyoda harbiy qudrat haqida gap ketganda, Amerika va Rossiya roli albatta tilga olinadi va ularning har biri mintaqada o’ziga xos o’yin o’ynayotganlikda gumon qilinadi.

Rossiya rasmiylari va kremlparast mutaxassislarning bir narsaga ishonchi komil: Amerika Markaziy Osiyo davlatlarini federatsiyaga qarshi qayramoqda va ularga zimdan harbiy yordam uzatib kelmoqda. Afg’onistondagi urushdan qolgan vositalar shimoldagi qo’shnilar qo’liga o’tmoqda.

Amerika rasmiylari bu iddaolarni jiddiy qabul qilmaydi va rus ekspertlarini konspiratsion teoriyalar to’qib, uydirma gaplar bilan Rossiya nufuzini oshirishga urinayotganlikda ayblaydi.

Haqiqat shuki, Afg’onistondagi uzoq yillik urush Amerikaning mintaqadagi imijini harbiylashtirdi. Hamkorlik asosan shu jabhada bo’ldi. Oliy darajali safarlar va muloqotlarda urg’u ko’proq xavfsizlikka berildi. Poytaxtlarga AQShning to’rt yulduzli qo’mondonlari borganida, mezbon davlatlar ham bu tashriflarni “mana biz Amerikaga judayam kerakmiz” qabilida ko’z-ko’z qildi. Oq uy hozirda bu imijni yangilashga bel bog’lagan. Lekin qanday qilib? Iqtisodiy, ijtimoiy-madaniy rishtalarni kengaytirib, inson huquqlari va demokratiya targ’ibotini kuchaytirgan holda, deya javob beradi diplomatlar.

Masalani o’rganib kelayotgan mutaxassislar deydiki, Amerikaning mintaqaga harbiy ko’magi Rossiyadan kelayotgan qurollar va boshqa turdagi yordam oldida hech narsa emas. Farqi shuki, AQSh bergan yordam oshkor etiladi, Rossiyaniki esa sir tutiladi.

Garvard universitetidan ekspert Dmitriy Gorenburg fikricha, Afg’onistondagi urushdan qolgan texnika Markaziy Osiyoga hadya qilinmoqda degan shov-shuv - Rossiyaning ishi. Bunday vositalarni uzatish juda murakkab jarayon, deydi u Jorj Vashington universitetida o'tgan anjumanda so'zlar ekan. Avvalo texnika Amerikaga kerak emas deb topilishi kerak. Kongress ruxsat berganidan keyin esa tegishli davlat bu vositani Amerikadagi olis omborxonalardan olib ketadi. Xarajatlarni mintaqa davlatlari qoplamoqda.

Amerika harbiy hamkorlik shartlari ko’p hollarda davlatlarning ensasini qotiradi va masala chigallashgani sari qiziqish va talab ham so’nishi mumkin. Masalan, O’zbekiston o’tgan yili harbiy vertolyotlar so’rab qilgan iltimosini qaytib olgan.

Mintaqa harbiy tizimlari uchun Rossiya mahsulotlarini ishlatish oson va treninglardan ham asosan shu davlatda o’tiladi. Lekin, deydi ekspertlar, Markaziy Osiyo qurolli kuchlari, umuman olganda, Amerika, Yevropa davlatlari, Xitoy, Hindiston va Turkiya singari mamlakatlarda ham malaka oshirib kelmoqda. Olingan bilim vatanda qanchalik foydali? Javoblar har xil. Dunyoqarash kengayadi, yondashuv o’zgaradi, ayrim hollarda harbiylar shartnoma tugashi bilan boshqa sohalarga o’tib ketadi. Uzoq muddatni ko’zlab sarmoya qilish, saboq berish juda qiyin masala, deydi Gorenburg. Avvalo, yuqori maosh va ijtimoiy himoyani ta’minlash kerak.

AQSh Mudofaa universiteti professori Rojer Kangas Vashingtonni harbiy yordam berish jarayonini qayta ko’rib chiqishga, umumiy strategiyani o’zgartirishga undaydi.

Birinchidan, deydi u, Amerika mintaqa bo’yicha o’z bilim va malakasini oshirishi kerak. Ikkinchidan, yondashuvni va mintaqa bilan ishlaydigan odamlarni o’zgartiravermaslik kerak. Bir ishga bel bog’lagan rasmiy uni oxiriga yetkazmay boshqa joyga ketadi, o’rniga kelgan odam esa yangicha uslub tanishtiradi. Natijada hamkor davlatlar Amerikani tushunishga qiynaladi, Amerikaning o’zi esa yangi yo’nalishni tushuntirish, targ’ib qilish bilan band bo’lib, vaqt va kuchni boy beradi. Kangas Markaziy Osiyo mamlakatlarini ham o’z yondashuvlarini oydinlashtirishga, maqsadlarini aniqroq tushuntirishni o’rganishga chaqiradi. Hamkorlik oddiy aloqadan boshlanadi, deydi u.

Vashington hozirda mintaqaga nisbatan yangi strategiya ishlab chiqqan, lekin uning asosi o’zgarmagan: har bir davlat suverenitetini quvvatlash, xavfsizlikni ta’minlashda ko’maklashish, o’zaro manfaatlar yo’lida birga ishlash hamda erkinlikni targ’ib qilish. Bu maqsadlar uchun ajratilayotgan mablag’ miqdori oshmaydi. Har bir davlat bilan o’ziga xos muloqot va kelishuv asosida ish qilinadi.

Jorj Vashington universitetida o'tgan ilmiy anjumandan, 12-yanvar, 2015
Jorj Vashington universitetida o'tgan ilmiy anjumandan, 12-yanvar, 2015

Amerika Markaziy Osiyoni birdamlikka undab, Afg’onistondagi yangi hukumat bilan yaqindan aloqa qilishga chaqirmoqda. Mintaqa rasmiylari esa notinch yurt bilan hamkorlikni kengaytirishga shoshmayapti, deydi Skot Smit, AQSh Tinchlik instituti ilmiy xodimi. Amerika o’z harbiylarini Afg’onistondan butkul olib chiqib ketmagani mintaqa uchun xush xabar, deydi u. Bu davlatning o’zi G’arb madadisiz oldinga qadam tashlay olmasligini eslatib turibdi.

2009-yildan beri Afg’onistonga no-harbiy yuk tashilgan Shimoliy Ta’minot Tizimi, Markaziy Osiyo orqali o’tgan transport yo’nalishi, hali to’xtamagan. Biroq ancha kam yuk olib o’tilmoqda.

Chegara xavfsizligini ta’minlash, qoradori savdosiga qarshi kurash va harbiy salohiyatni oshirishda ko’maklashish uchun yangidan yangi loyihalar ishlab chiqiladi va hamkorlik aslo to’xtamaydi, deydi Amerika rasmiylari. Mintaqada yangi bazalar ochish rejada emas.

Qirg’iziston bilan esa yangi bitim imzolanmas ekan, bu sohada biror qadam tashlanmaydi, deydi diplomatlar. Chunki Manas aerdoromidagi tranzit markazi yopilar ekan, Qirg’iziston parlamenti AQSh bilan mavjud kelishuvlarni bekor qilgan. Shu bilan har qanday harbiy hamkorlik to’xtagan.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi"ning yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for nearly 20 years on TV, radio and online. For the last year, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Masters in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Imamova played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented over 800 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari,” which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy and The National Interest. Imamova also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at the Uzbek state broadcaster in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG