Breaking News

Markaziy Osiyo: Atrof-muhit muhofazasi har bir insonning burchi


Markaziy Osiyodagi ekologik muammolar tahlili
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:13:14 0:00

Markaziy Osiyodagi ekologik muammolar tahlili

Iqlim va atrof-muhitga kelganda har bir masala mahalliy va global. Kambag’al davlatlarga past foizda kredit berib, taraqqiy etishda yordamlashadigan Jahon banki yaqinda Markaziy Osiyoda yangi mintaqaviy loyiha boshlayotganini ma’lum qildi. 38 million dollar ajratilmoqda. Vashingtonda asoslangan bu xalqaro tashkilotning bildirishicha, mablag’ning 9 million dollari Tojikiston, 14 million dollari O’zbekiston va 15 million dollari regional miqyosda ishlatiladi. Maqsad - tobora o’zgarib borayotgan iqlimga moslashish va ekologik talofatlarning oldini olish.

Jahon bankining yetakchi eksperti Kulsum Ahmad bilan bu va boshqa mavzularda muloqot qildik.

Markaziy Osiyo xaritasiga qarasak, 70 millionga yaqin aholi yashaydigan katta mintaqani ko’ramiz. Ekologik muammolar talay. Ular ortida murakkab omillar borligi ham sir emas. Mamlakatma-mamlakat tahlil qiladigan bo’lsak, bugungi eng dolzarb masala nima degan bo’lar edingiz?

Kulsum Ahmed, Jahon banki: Darhaqiqat muammolar juda ko’p. Tabiatga kelganda, u siyosiy chegara tanlamaydi, shu bois mintaqaviy tahlil qilishni ma’qul ko’raman. Uch narsaga ahamiyat qaratmoqchiman: iqlimdagi salbiy o’zgarishlar, tabiiy boyliklar to’g’ri boshqarilmasligi va atrof-muhitning ifloslanishi. Iqlimga kelganda, bilasiz, Markaziy Osiyo daryolari muzliklar eriganida va qor sabab suvga to’ladi. Qishda yoqqan qor kun ilishi bilan suvga aylanib, pastga qarab oqa boshlaydi. Lekin o’rtacha harorat yuqorilagani uchun u tezlikda erib, suv toshqinlari kuzatilmoqda. Suv ayni kerak bo’lgan mahalda esa yo’q. Bir tomondan selga guvohmiz, boshqa tomondan esa qurg’oqchilikka. O’rtacha harorat janubda 0,6 gradus, shimolda esa 1,5 gradusga oshgan. Bu jiddiy muammo. Agar o’rtacha harorat 2 gradusga oshsa, muzliklarning yarmi erib bitadi, 4 gradusga oshsa, 75 foizidan ayrilamiz. Kunlar yo juda sovuq, yo juda issiq bo’ladi. Oddiy qilib aytganda, muvozanat yo’qolgani sari hayot og’irlashadi.

Aholi va hukumatlar nima qila oladi bu muammoga qarshi? Iqlimdagi o’zgarishlarni qanday qilib yengish mumkin?

Kulsum Ahmed, Jahon banki: Global iqlimga qarshi bir davlatning o’zi kurasha olmaydi. O’z nomi bilan global muammo bu. Ekologik jihatlarini olsak, yerdan unumli foydalanishni odat qilish kerak, havo va suv zararlanmasligi uchun harakat qilish lozim. Nazarimda, bu borada choralar ko’rila boshlagan. Atrof-muhitning bulg’alanishi ikki omilga borib taqaladi: sanoatlarning befarqligi va kundalik ravishda ommaviy loqaydlik. Tegishli sohalar ustidan nazoratni mustahkamlash, ekologik mas’uliyatni ta’minlash, tabiatga zarar keltirgan tomonlarni jazolash singari choralar ko’riladi. Markaziy Osiyoda hukumatlar harakat qilayapti.

Qanday qilib, masalan?

Kulsum Ahmed, Jahon banki: Jahon banki va Qozog’iston hukumati birgalikda olib borgan loyiha natijasida Nura daryosi merkuriydan tozalandi. Yarim asr mobaynida bu suvlarga bir yarim tonna merkuriy tashlangan. 170 ming odamning hayotiga ta’sir qilgan bu muammo. Merkuriy jigar va buyraklarga qattiq zarar yetkazadi. Uch yarim ming gektar yerdagi ikki million tonna tuproq tozalandi. Bu oson emas, lekin uddalashdi.

Mintaqa davlatlari qishloq xo’jaligiga asoslangani bois suv yetishmasligi va tuproq sifati buzilgani haqida ko’p eshitamiz. Bular ham jiddiy muammolar, shunday emasmi?

Kulsum Ahmed, Jahon banki: Judayam to’g’ri. Markaziy Osiyo aholisining 50-75 foizi qishloq joylarda yashaydi va tirikchilik dala, bog’lar va chorva bilan bog’liq. Jahon banki iqlimdagi o’zgarishlar ta’sirini tahlil qilib, hisobot chop etgan. Unga ko’ra, ekologik muammolar sabab qashshoqlik ko’lami kengayishi muqarrar. Suvsiz qanday qilib dehqonchilik qilasiz, qanday kun ko’rasiz? Shu kungacha erishgan yutuqlar boy berilishi mumkin. Ob-hayot ta’minoti va tuproqni parvarishlash hamma yerda birlamchi vazifa bo’lishi kerak.

Jahon banki bu borada nima ishlar qilayapti? Qanday loyihalar boshlagan?

Kulsum Ahmed, Jahon banki: Suv va yerdan to’g’ri foydalanish bo’yicha proyektlar bor va hozir ham davom etayapti. Xususan, Tojikistonda. Ekinzorlarni boshqarish, qishloq aholisi uchun sharoitni yaxshilash, imkoniyatlarni kengaytirish, eroziyaning oldini olish. Tojikistondagi loyiha 35 ming aholi hayotini osonlashtirishi kerak.

Bu ko’p emas, oz.

Kulsum Ahmed, Jahon banki: Ha, ko’p emas, lekin 45 foizi xotin-qizlar va loyiha aynan ular ishtirokida olib borilayapti. Bu, nazarimda, katta ahamiyatga ega. Qozog’istonda o’rmonlarni saqlab qolish, ildizlar kuchli va sog’lom bo’lishini ta’minlash maqsadida maxsus proyekt amalga oshirildi. O’rmonlar – boylik. 250 ming gektar maydondagi daraxtzorni asrab-avaylash yo’lida katta ishlar qilindi. Uning ichida, Orolbo’yi hududi ham bor. Qurib ketgan maydon ko’kalamzorlashtirildi. O’zbekiston ham jalb etildi, toki ular ham bu tajribadan o’rgansin, dedik. Yangi boshlayotgan yirik loyihamiz esa butun Markaziy Osiyo mintaqasi, ya’ni Orol dengizi ta’sirida yashaydigan hududni o’z ichiga oladi. Unda dehqonlar, hukumatlar, mutaxassislar va nohukumat tashkilotlar qatnashadi. Yangi sharoitga, tobora o’zgarib borayotgan iqlimga moslashish kerak. Ko’tarilib borayotgan haroratga chidamli ekin ekish, tabiat kamroq zarar ko’rishini ta’minlash kerak. Har bir fuqaro bu borada o’z hissasini qo’shishi lozim. Loyihaning birinchi qismi O’zbekiston va Tojikistonda.

Orol dengizining qurishi, shubhasiz, zamonamizning eng og’ir ofatlaridan biri. Siz mutaxassis sifatida bu muammoni uzoq yillardan beri o’rganib kelasiz. Qolgan suvni saqlab qolish borasida biror yutuqqa erishildimi? Qozog’iston tomonda ancha siljish bo’lgan. O’zbekistondachi? Muammo haqida uzoq yillardan beri javrab kelamiz. Xalqaro hamjamiyat ham tinimsiz gapiradi bu borada. Lekin biror konkret qadamlar tashlandimi?

Kulsum Ahmed, Jahon banki: O’zimni Orol dengizi bo’yicha ekspert deb bilmayman. Lekin iqlim bilan bog’liq ikki omilni sanab o’tishim mumkin. Tabiiy boyliklardan to’g’ri foydalana olish kerak. Masalan, mahsuldorlik sarflanayotgan suvga arziydimi?

Ob-hayot va quvvatni qayerda va nima uchun ishlatayapsiz? Buni qayta ko’rib chiqish kerak. Har bir shaxs, jamoa, biznes va tuzum. Har bir tomchi suvni qadrlash kerak. Quvvatni ham bekorga sarflamang. Odamlar bu ikki narsa naqadar bebaho ekanini o’ylamaydi. Qo’lingizni yuvayotib, bir o’ylang, shuncha suv ketishi shartmi? Bu cheksiz narsa deb o’ylasangiz, xato qilasiz. Men mutaxassis sifatida qayerga bormay, suv va tokni uvol qilmang, deyman.

Demak, javobgarlik va mas’uliyatni oshirish kerak. Isrofgarchilik uchun kim javobgar? Kimni ayblashga haqqimiz bor? Chunki, javobgarlikni ta’minlamasdan muammolarni hal eta olmaymiz, shunday emasmi?

Kulsum Ahmed, Jahon banki: Tabiiy boyliklarni isrof qilmaslik har birimizning bo’ynimizda. To’g’rilik talab qilinadi. Adolat va aql bilan yondashish kerak. Har bir fuqaro, mahalla, xususiy sektor, davlat. Hukumat albatta nazoratni joyiga qo’yishi kerak. Boylikni suiiste’mol qilgan, atrof-muhitga zarar yetkazgan tomonlarga nisbatan chora ko’rilishi kerak.

Siyosiy qarorlarni ham hukumat qabul qiladi, jumladan, ekologiya muhofazasi bilan bog’liq sohalarda. Jahon banki davlatlar bilan yaqindan ishlaydi. Markaziy Osiyodagi har bir davlatda alohida loyihalar olib borasiz. Hozirga kelib mintaqaviy proyektlarga e’tibor oshgan. Bu nimadan dalolat?

Kulsum Ahmed, Jahon banki: Markaziy Osiyoda yer va suv boyliklari o’zaro bog’lanib ketgan va ularni boshqarish birdamlik va yaqin hamkorlik talab qiladi. Muammolarga qarshi va imkoniyatlar sari birga harakat qilmasa bo’lmaydi. Shu bois ham Jahon banki regional loyihalar bilan chiqmoqda. Davlatlar shuni so’rayapti, chunki real vaziyat shuni taqozo etadi. Shu yilning may oyida Almatidagi yig’inda bu borada kelishib olindi. Proyektni biz mamlakatlarning takliflariga asoslanib ishlab chiqdik. Albatta davlatlar farq qiladi, o’z xohish va talablari bor. Lekin ekologik masalalarda bir yoqadan bosh chiqarish juda muhim. Loyihani ikki davlat bilan boshlayapmiz, keyin boshqalar ham qo’shiladi. Bu - mintaqa uchun sinov.

Dastlabki natijalarni qachon ko’ramiz? Samarani qaydan bilamiz?

Kulsum Ahmed, Jahon banki: Birinchi navbatda iqlimdagi o’zgarishlar tahlil qilinadi va ma’lumot manbalari yaratiladi. Ikkinchi vazifa - ma’lumotga asoslangan holda tizimda yangiliklar qilish, ya’ni mavjud strukturani yangicha sharoitga moslash. Regional koordinatsiya bo’limlari ishlaydi. Uchinchidan, mamlakatlar real vaziyatdan kelib chiqqan holda birgalikda chora ko’rishini ta’minlash, qo’shni davlatlar ekologik qarorlarni kelishgan holda qilishi kerak. Informatsiya, mablag’ va mehnat asosli ravishda sarflanadi. Samarani qadamma-qadam sarhisob qilaveramiz.

Loyihani Jahon banki yuritadi, shundaymi?

Kulsum Ahmed, Jahon banki: Jahon banki kredit beradi, loyihani moliyalaydi, biroq ishni davlatlarning o’zi, ya’ni odamlar qiladi.

Texnik jihatdan hamma narsa hukumatlar zimmasidami?

Kulsum Ahmed, Jahon banki: Biz mablag ajratamiz, madad ko’rsatamiz, albatta, biroq loyiha amaliyoti mamlakatlarning o’zlariga yuklangan. Uni mintaqa mamlakatlari xohlaganidek, ular talabiga binoan, tuzganmiz. Dehqonlar va xo’jaliklar uchun imkoniyatlar yaratiladi. Jarayon Markaziy Osiyo Ekologik markazi bilan hamkorlikda boshqariladi. Ma’lumot bazasi yaratishdan to boshqaruvni yaxshilash va samaradorlikni oshirishgacha, biz - kuzatuvchi, davlatlar, ya’ni har bir mamlakatdagi tegishli organlar, mutaxassislar va xodimlar esa ijrochi.

Mintaqa bilan yaqindan tanishsiz. Markaziy Osiyoda mutaxassislarning yangi avlodiga tayana olamizmi? Har bir jamiyatga iqtidorli fuqarolar, kadrlar kerak. Iqlim va atrof-muhit bilan bog’liq murakkab muammolar ustida ishlashga qodir avlod bormi mintaqada?

Kulsum Ahmed, Jahon banki: To’ppa-to’g’ri, mohir mutaxassislar juda zarur. Chunki o’zgarishlarni ular qiladi, jarayonga ular yetakchilik qiladi, aks holda hech narsa o’zgarmaydi, yangilanmaydi. Ekologiya va klimatga qiziqish ortgan va dunyoning boshqa qismlarida bo’lganidek, Markaziy Osiyoda ham bunga guvohmiz. Umid qilamanki, qiziqish bilim va ogohlikka, tabiatga mas’uliyat bilan yondashishga yetaklaydi. Professionalsiz ish bitmaydi, ularga muhtojsiz. Ularning roli beqiyos. Ammo, shuni ham eslatgan bo’lardimki, zaxira va boyliklarni ayab ishlatish, tabiatni bulg’amaslik, ertangi kunni va bizdan keyingi avlodni o’ylash uchun ekspert bo’lish shart emas. Bu hamma uchun birdek burch.

Suhbat uchun rahmat!

Kulsum Ahmed, Jahon banki: Sizga ham katta rahmat.

Central Asia: Climate and Environment - INTW @WorldBank (SHORT)
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:34 0:00

Central Asia: Climate and Environment - INTW @WorldBank (FULL)
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:21:18 0:00

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

XS
SM
MD
LG