Breaking News

Dushanbe: CICA sammitida Afg'oniston, xavfsizlik, savdo muhokama qilindi


Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo’yicha kengashga (CICA) a’zo davlat rahbarlari 14-15-iyun kunlari Dushanbeda o'tgan sammitda mintaqada tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, terrorizmning barcha shakl va ko’rinishlariga, giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish bo’yicha yondashuvni ishlab chiqish, shuningdek, atrof-muhitni muhofaza qilish kabi masalalarda fikr almashdi.

Osiyoda ishonch choralari - Dushanbeda sammit
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:21 0:00

Kengashning Tojikiston raisligida o’tkazilgan beshinchi sammiti “Xavfsiz va yanada ravnaq topgan mintaqa sari yagona yondashuv”, deb nomlandi.

"Tojikiston o’z raisligi paytida konstruktiv muloqotlarni mustahkamlash va Osiyo mintaqasini uyg’unlikda rivojlanishiga xizmat qilishni asosiy vazifalaridan deb biladi", - dedi majlisni ochgan Prezident Emomali Rahmon.

Uning fikricha, Osiyo mintaqasi yangi muammo va xatarlarga duch kelmoqda, shuning uchun xavfsizlik va barqarorlik hamda ishonch choralarini mustahkamlash muhim ahamiyatga ega.

"Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo’yicha kengashning oxirgi sammitidan beri dunyoda ko’plab voqealar bo’lib o’tdi. Terrorizm va ekstremizm xavfi dolzarbligicha qolmoqda. Fuqarolar urushini boshidan o’tkazgan Tojikiston xalqi tinchlik va barqarorlik qadrini biladi", - deydi Rahmon.

Afg’oniston tinchligi sammitda asosiy mavzulardan bo’ldi. Emomali Rahmon Xitoy Prezidenti Si Zinpin bilan muloqotidan so’ng quyidagini ta'kidladi:

"Afg’onistonda tinch-oromlik uchun tarafdorlik va birgalikda sa'y-harakatlar haqida fikr almashdik. Biz kelgusida ham barcha yo’nalishlarda zich hamkorlik qilamiz va ikki taraflama munosabatlar va xalqaro hamda mintaqaviy mavzularda fikr almashinuvini davom ettiramiz".

Afg’oniston tinchligi masalasiga O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham to’xtalib o’tdi.

"Afg’onistondagi vaziyatni tartibga solish Osiyo mintaqasidagi barqarorlikning muhim omili hisoblanadi. Biz tinchlikka erishishga qaratilgan har qanday formatdagi muzokaralarni qo’llab-quvvatlaymiz. Bu borada Rossiya, Xitoy va Qo’shma Shtatlar ishtirokida Afg’oniston bo’yicha uch tomonlama uchrashuvlar natijalarini mamnuniyat bilan qayd etamiz. Afg’onistonda tinchlik o’rnatish va ushbu mamlakatda yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish butun mintaqa uchun yangi strategik imkoniyatlar yaratishini alohida qayd etmoqchiman", - dedi Mirziyoyev.

Bugungi kunda dunyo ishonch inqiroziga yuz tutmoqda, deydi O'zbekiston rahbari.

"Ishonch inqirozini bartaraf etish va xavfsizlikni mustahkamlash uchun, birinchi navbatda, inson kapitalini rivojlantirishga qulay sharoit yaratish zarur. Shu munosabat bilan o’zaro hurmat va jamoaviy mas’uliyatga asoslangan kengashimiz faoliyati har qachongidan ham muhim bo’lib bormoqda, xavfsizlik - yaxlit tushuncha va ishonch esa uning fundamental asosi".

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin esa savdo urushlarini qoralab, mamlakatlar orasida ishonchni tiklashga undadi. Xalqaro tijoratda "qoidasiz urushlar" bo'lishiga qarshimiz, adolatli savdo qoidalarini joriy etishimiz kerak, deydi u.
CICA sammiti so’nggida yakuniy deklaratsiya qabul qilingan. Keyingi uchrashuv 2022-yilda o’tkaziladi.

Osiyo va Yevropa davlatlarini o’rganish institutining janubiy-sharqiy Osiyo bo’limi xodimi Mirsaid Rahmonov fikriga ko’ra, Osiyo o’z manbalari va tabiiy boyliklariga ega bo’lgan mintaqa va uning imkoniyatlari dunyoning boshqa mintaqasi, masalan, Yevropadan kam emas. Osiyo aholisi energetik hamda iqtisodiy rivojlanishi uchun bu imkoniyatlardan foydalanishi zarur.

Tojikistondagi o’zbeklar yetakchisi, siyosiy masalalar bo’yicha tahlilchi Ilhom YusupovCICA forumi faoliyati xususida shunday deydi:

"Bu tuzilmaning asoschilaridan biri Qozog’istonmi yoki boshqa hamkor davlat bo’lishidan qat’iy nazar, men buni anglaymanki, bu Rossiyaning asosiy tashviqot ishi hisoblanadi. Rossiya o’zining imperiyasini yanada mustahkam qilish va dunyodagi o’ziga qarshi turadigan davlatlarga qarshi tuzilmalar tuzish bilan shug’ullanadi, degan xulosaga kelaman. Sababi ekstremizm, terrorizm, integratsiya, iqtisod-savdo sohasidagi ishlarni aytadigan bo’lsak, har bir davlat o’zaro hal qilmoqda. Yoki boshqa tuzilmalar bor. Eng katta shakllangan tuzilma, BMTning o’zi bor. O’sha BMTning rejalarida bu yerda ko’riladigan masalalarning hammasi belgilab qo’yilgan. Nima uchun katta tuzilmalarni rivojlantirish o’rniga boshqa kichik tuzilmalar tuzishadi? To'g'ri gapni aytsak, bular hech qanaqa natija bermaydi. Uchrashishadi, hujjatlarga imzo chekishadi va yana hammasi qog’ozda qolib ketaveradi. Afg’oniston masalalarini hech qachon ular kelib yechib bermaydi. Buni qo’shnilar hal qilishi kerak. Bu tuzilmalar hech qanday natija bermaydi, degan fikrdaman. Agar o’sha masalalar og’izda, qog’ozda qolib ketmay, 50-60 foizga bajarilsa ham, nur ustiga nur bo’lar edi".

1999-yilda Qozog’iston tashabbusi bilan tashkil etilgan, qarorgohi Nursulton shahrida joylashgan CICAga 27 davlat a’zo, jumladan Xitoy, Hindiston, Eron, Turkiya va Rossiya. Kuzatuvchilar - Belarus, Indoneziya, Filippin, Malayziya, Ukraina, AQSh va Yaponiya, shuningdek, BMT, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti, Arab Ligasi, Xalqaro Mehnat Tashkiloti va turkiy tilli mamlakatlar Parlament Assambleyasi.

Har to’rt yilda o’tadigan kengash sammitiga hozirgacha Qozog’iston, Turkiya va Xitoy raislik qilgan. Tojikiston raisligi 2020-yilga qadar davom etadi.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG