Tramp Kubaga siyosatni faqat so'zda o'zgartirmoqdami?

  • Amerika Ovozi

Prezident Donald Tramp Kubaga nisbatan keskin tanqid bilan chiqsa-da, Barak Obama davrida boshlangan o’zgarishlarni butkul to’xtatmoqchi emas. Gavanadagi elchixona yopilmaydi. Aloqa uzilmaydi.

Prezidentning yaqinda aytgan gaplari o’tmishga xos yondashuvni eslatdi.

“Men prezident ekanman, Amerika Kastro tuzumiga nisbatan qattiq chora ko’rib, uning jinoyatlarini fosh etadi. Kuba xalqi erkin yashashga haqli”, - deydi Tramp.

Florida shtatining Mayami shahrida kubalik muhojirlar oldida so’zlar ekan, ikki davlat orasida o’tgan ikki yil ichida rivojlana boshlagan rishtalarni yuqori baholamadi. Vashington uchun Kuba do’st emas, dedi u.

“Kuba hukumatiga qarshi sanksiyalar olinmaydi. Siyosiy mahbuslarni qo’yib yuborib, so’z va matbuot erkinligi uchun yo’l ochib, siyosiy partiyalar uchun imkoniyat yaratishi va adolatli saylovlar o’tkazishi shart”, - deydi Tramp.

Tramp o’z siyosatini bo’rttirib ko’rsatmoqda, deydi siyosatdonlar, aslida esa Obama davrida ishlab chiqilgan strategiyaning asosiy qismi amalda qoladi.

Kuba ahli Amerikadan yordam kutmoqda. Sarmoyaga intizor. Turizm kengaygan. Diplomatik aloqalar joyida. Gavana va Vashingtondagi elchixonalarda ish qizg’in.

Turizm va biznesda ayrim cheklovlar hamon mavjud va yaqin orada olib tashlanmaydi, deydi rasmiylar. Biroq ular munosabatlar shakllanishiga to’siq emas.

“Hamma ham bemalol safar qila olmaydi. Har bir sohada ham sarmoya kirita olmaysiz. Lekin boshqa imkoniyatlar bor”, - deydi Leogrand.

Vilyam Leogrand AQSh-Kuba aloqalarini azaldan o’rganib keladi. Uning tahlilicha, Trampning yondashuvi faqat zarar keltiradi. Kuba do’q bilan o’zgarmaydi.

“Aloqalar to’xtab qolgan davrda Kuba xalqi yanada ezildi, u dunyodan yanada uzilib qoldi. Bu bilan hech qanday o’zgarish bo’lmaydi. Erkinlik sari intilganlar xalqaro hamjamiyatdan madad ololmadi. Siyosiy muhit o’zgarishi uchun odamlarga chet el bilan muloqot, faol aloqa zarur”, - deydi Leogrand.

Kubada biznes astalik bilan rivojlana boshlagan. Tramp yangi to’siqlar qo’yib, har ikki tomonni salbiy oqibatlarga yetaklaydi, deydi ekspert Endryu Otazo.

“Amerika fuqarolarining Kubaga borishini cheklasangiz, turizm zarar ko’radi. Kuba va AQSh xususiy sektorlari uchun birdek zarar”, - deydi Otazo.

Trampning Kuba siyosati ortida respublikachi senator Marko Rubio va kongressmen Mario Diaz-Balart turibdi. Yangi cheklovlar – ularning taklifi.

“Prezident Tramp, sizga rahmat! So’zingizda turibsiz. Va’dangizga sodiqsiz”, - deydi Diaz-Balart.

Kubalik ko’plab muhojirlar AQShda hozir saylovchilar. Ularning aksariyati Kuba hukumatiga qarshi keskin choralar tarafdori.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG