Breaking News

Vashingtonning qora kunlari


Vashingtonning qora kunlari
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:48 0:00

1968-yilning aprelida Amerika fuqaro huquqlari kuychisi Martin Lyuter King otib o’ldirilgan. Qotillikdan keyin yuzlab shaharlarda to’polonlar boshlanib, xususan poytaxt Vashington ancha zarar ko’rgan. Oradan yarim asr o’tib, bugun shahar qiyofasi o’zgacha.

1968-yil. Martin Lyuter King o’ldirilganidan keyin Amerikaning 100 dan ziyod shaharlarida yong’in, tartibsizliklar yuz bergan.

50 yil o’tib, Vashingtonda o’sha voqealarni eslatuvchi yaralar bitgan. Shaharning “Qora Brodvey” (U Street) nomi bilan tanilgan qismi afro-amerikalik xonanda va sozandalar beshigi edi. Ko’plab yulduzlar shu yerda yetishgan.

“1968-yilda Lyuter King joniga qasd qilishganidan keyin katta o’zgarishlar ro’y berdi. Juda og’ir damlar. O’sha kuni kimdir eshikni ochib, “Kingni otishdi, Kingni otishdi!” deb hayqirgani esimda. Hech kim ishonmagan”, - deydi Virjiniya Ali, “Ben’s Chili Bowl” degan mashhur oshxona egasi.

To’polonlar boshlanib komendant soati joriy etilgan bo’lsa ham bu maskan eshiklarini yopmagan. Tez yordam xodimlariga, faollarga xizmat ko’rsatishda davom etgan.

“Kimdir eshikdan voqeani e’lon qilib ketdi, orqasidan kirgan boshqalardan ham shu gapni eshitdik. Ishonmadik. Mijozlar orasida kimdir tranzistorli radiosini yoqdi”, - deydi Ali.

Dyui Hyuz 1960-yillar boshida “Amerika Ovozi”da radio boshlovchi edi. U paytlar uyali aloqa bo’lmagan.

“Konsert dasturlari bekor qilindi. Radio studiyalarda kim mikrofon qarshisida o’tirgan bo’lsa, odamlarga murojaat qilgani esimda: uyingizga qayting, bolalaringiz yonida bo’ling, mulkingizni himoya qiling”,- deydi u.

1968-yilda Vashingtondagi boshqa bir radio stansiyada ishlab yurganimda, deydi Hyuz, ishonchli manbalar bizga ko’chadagi telefondan informiya yetkazishardi.

“Suhbatdoshlarimiz trubkani tashlab, qochib qolgan hollar ham bo’lgan. Odamlar shok holatida, g’azabga to’lgan, ba’zilar esini yo’qotib qo’ygan, deb tasvirlab berishgan bizga. Qo’liga tushgan narsa bilan oynalarni sindirishardi, hech kim to’xtata olmagan”.

Martin Lyuter Kingga o’q uzilgani mamlakat bo’ylab isyonlarga sabab bo’ldi, biroq tarixchilarga ko’ra, vaziyat shundoq ham tarang edi.

“Shaharda keskin kayfiyatni shakllantirgan omillar mavjud edi. Maktablarda segregatsiyaga qarshi kurash boshlanganidan keyin oq tanlilar chekka joylarga ko’chib ketgan”, - deydi Samir Megelli, Smitson muzeyi xodimi.

Oq tanlilar ketishi bilan shahar byudjeti ham kamayib ketgan.

“Shaharlar uchun federal va shtat miqyosida mablag’ uzilgani sabab binolar, mahallalar ta’mirdan o’tmagan, xarob ahvolga kelib qolgan. Maktablar gavjum, byudjet qisqargan, moliya katta muammo edi”, - deydi suhbatdosh.

“Vashington ko’rkam bir joyga o’xshagani bilan, odamlar ertalab tursa yeyishga hech vaqosi yo’q edi”, - deya eslaydi jurnalist Dyui Hyuz.

Poytaxtda to’polonlar qariyb ikki hafta davom etib, 13 kishi o’lgan. Mingdan oshiq xonadonlar yonib, oilalar ko’chada qoldi. Yetkazilgan ziyon bugungi pulda 174 million dollarga tushgan.

50 yilda ko’p narsa o’zgardi. Vashington 1968-yildan buyon sakkiz merni ko’rgan bo’lsa, hammasi qora tanli. Hozirgi mer bu lavozimdagi ikkinchi ayol. Oq tanli oilalar shaharga qaytdi. Hozir aksar aholisi qora tanlilardan iborat emas. 1968-yil vayronalaridan tiklangan shaharda bugun o’rtahol oilalarni jalb qilmoqda. Uy-joy narxi mamlakat bo’ylab eng qimmatlaridan.

“Birodar bo’lib yashashni o’rganmasak, barchamiz ahmoqlar kabi halok bo’lamiz”, - degan edi Tenglik kuychisi Martin Lyuter King.

King oxirgi ma’ruzasini shu yerda, Vashington milliy soborida o’qigan. Bir necha kun o’tib, Tennessi shtatida uning joniga qasd qilishgan. Kingning so’nggi nutqlari ham birdamlik, tenglik haqida edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG