Breaking News

Husni Muborak sudga tortilmoqda, aybdor deb topilsa dorga osiladi


Ayblanuvchi sud zalida katta panjara ichida, karavotda. Misrni qariyb 30 yil davomida temir panja bilan boshqargan Muborak kasal.
Ayblanuvchi sud zalida katta panjara ichida, karavotda. Misrni qariyb 30 yil davomida temir panja bilan boshqargan Muborak kasal.

Misrda olti oy oldin 18 kunlik namoyishlar ketidan hokimiyatdan ag’darilgan Husni Muborak ustidan Qohirada bugun sud boshlandi.

Husni Muborak unga qo’yilayotgan biror aybni bo’yniga olmadi. Hammasini qa’tiyan inkor etdi.

Ayblanuvchi sud zalida katta panjara ichida, karavotda yotibdi. Misrni qariyb 30 yil davomida temir panja bilan boshqargan Muborakning yuragi kasal.

Sud raisi Ahmad Rifaat
Sud raisi Ahmad Rifaat

Sud binosi oldiga yuzlab tarafdorlar, qolaversa, sobiq rahbardan norozi fuqarolar jarayonni katta ekranda tomosha qilmoqda.

“Bugun juda xursandman”,- deydi misrliklardan biri. “Muborak va uning mafiyasi qilmishi uchun javob berishi shart”.

Tartib saqlash uchun yuzlab politsiyachi safarbar etilgan.

Husni Muborak fevral oyida unga qarshi bosh ko’targan fuqarolarni o’ldirishni buyurganlikda ayblanmoqda. Qo’zg’olonda 900 ga yaqin kishi halok bo’lgan. Aynan mana shu jinoyatda aybdor deb topilsa, o’limga mahkum etilishi mumkin. Misrda oliy jazo dorga osish, demakdir.

Muborakning ikki o'g'li A'lo va Jamol ham otasining yonida
Muborakning ikki o'g'li A'lo va Jamol ham otasining yonida

Shuningdek, sobiq rahbar korrupsiya, vakolatlarini suiiste’mol qilganlik va xalq mulkini o’marganlikda ayblanmoqda.

Sudda panjara ichida, Muborakning yonida ikki o’g’li A’lo va Jamol ham turibdi.

Ularga ham yulg’ichlik va ko’plab qonunlarni buzganlik ayblari qo’yilgan. Ular ham o’zini aybsiz deb biladi.

Shuningdek, Muborak qo’lida Ichki ishlar vaziri bo’lgan Habib al-Adliy va olti qo’mondon sudga tortilmoqda.

Qohirada Muborak tarafdorlari namoyishda
Qohirada Muborak tarafdorlari namoyishda

Yana bir ayblanuvchi hamon qidiruvda bo’lgan Hussayn Salom, Misrda dong’i ketgan biznesmen.

Husni Muborak va uning oilasi Qizil dengiz bo’yidagi so’lim maskan Sharm al-Shayxda uy qamog’ida kun kechirmoqda.

Jarayon xavfsiz kechsin, deya sud Qohira Politsiya Akademiyasiga ko’chirilgan. Oldin bu maskan Husni Muborak nomida edi.

Misr bo’ylab Husni Muborakni qoralaydiganlar ham, uni maqtaydiganlar ham yetarli.

Muborakning tarafdorlari
Muborakning tarafdorlari

Kimdir Muborakni bu mamlakatni 30 yil davomida tinch va barqaror saqlagan rahbar, deya ta’riflasa, boshqalar uni fuqaroni ezganlikda, xalq haqqini yeganlikda ayblaydi.

83 ga kirgan Muborak aslida harbiy uchuvchi bo’lgan.

1981 yilda prezident Anvar Sadat jangarilar tomonidan o’ldirilganida, u vitse-prezident edi. Hokimiyat unga qoladi.

Suzana Muborak
Suzana Muborak

Muborakka kamida olti bor suiqasd uyushtirilgan. U dunyoda eng kuchli himoyalangan rahbarlardan biri edi.

Husni Muborak davrida Misr qo’shni Isroil bilan tinchlikka erishdi, G’arb bilan aloqalar mustahkamlandi.

Misr Amerikaning yaqin ittifoqchisi, Isroil-Falastin masalasi bo’yicha ishonchli maslahatchiga aylandi.

Jamol (chapdan) va A'lo Muborak
Jamol (chapdan) va A'lo Muborak

Muborak, deya tan oladi G’arb siyosatdonlari, terrorizm va ektremizmga qarshi kurashda faol edi. AQSh va Yevropa bilan hamkorlik qildi. Lekin Misrda siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy ahvol og’ir edi.

Muborak mamlakatni favqulodda qonunlar yordamida boshqardi, ya’ni xavfsizlikni ta’minlash bahonasi bilan fuqaroni oddiy huquqlaridan ayirdi. So’z erkinligi, matbuot erkinligi, arz qilish erkinligi, uyushish erkinligi, amaldagi siyosatni tanqid qilish erkinligi, e’tiqod erkinligi va hokazo.

Muborak G'arbning do'sti edi, lekin xalq bosh ko'targanida Amerika va Yevropa namoyishchilar tarafida bo'ldi
Muborak G'arbning do'sti edi, lekin xalq bosh ko'targanida Amerika va Yevropa namoyishchilar tarafida bo'ldi

Ishsizlik va qashshoqlik kuchaydi. Muborak olib borgan iqtisodiy islohotlar, asosan, boy tabaqa manfaatlarini ko’zladi. Boylar boyidi, kambag’allar yanada qashshoqlashdi.

Xalqaro hamjamiyat bosimi ostida, Muborak 2005 yildagi prezident saylovlarida o’zidan boshqa nomzod maydonga chiqishi uchun yo’l berdi. Demokratiya tarafdorlari Ayman Nurni ko’rsatdi. Muborak so’zsiz saylandi va oradan sal o’tib, Ayman Nur korrupsiya aybi bilan sudga tortildi.

Misrda yangi davr boshlanmoqda
Misrda yangi davr boshlanmoqda

Husni Muborak o’g’li Jamolni valiahd sifatida tayyorlamoqda, degan qarash keng ekan, rahbar keksaygan sari Misrda unga nisbatan norozilik ham osha bordi.

Muborakning rafiqasi Suzana, ko’pchilik nazarida, o’zini Misr malikasidek tutar, oddiy xalq va uning tashvishlaridan juda yiroq edi. Bugun omma uning qilmishlari uchun ham adolat talab qilmoqda.

Husni Muborak va uning rafiqasi inqilobdan beri ancha sog’liqdan ketgani aytiladi. Ular sud oxirigacha ham turib bersa, katta gap, deydi tahlilchilar.

Misr xalqi oldida yangidan yangi sinovlar.

Bu yil yangi parlament saylanishi, yangi bosh qomus ishlab chiqilib, tuzum tubdan yangilanishi kutilmoqda.

Bu esa fuqarodan nafaqat kuchli mas’uliyat, balki chuqur sabr-toqat ham talab qiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG