Breaking News

Robert Myuller: Tergov Trampni oqlamagan


Tinglov boshlanishidan oldin Myuller qasamyod keltirmoqda
Tinglov boshlanishidan oldin Myuller qasamyod keltirmoqda

AQSh sobiq maxsus prokurori Robert Myullerning Kongressda so’zlashicha, Rossiyaning 2016-yilgi AQSh prezident saylovlariga aralashgani haqidagi da’vo bo’yicha o’tkazilgan tergov Prezident Donald Trampni adliya ishiga to’sqinlik qilish gumonidan ozod qilgani yo’q.

AQShda adliya ishiga aralashish va tergovga to’sqinlik qilish jinoyatdir. Ba’zilar Trampni Myuller tergoviga halaqit berganlikda ayblaydi. Biroq Trampning bungacha bir necha bor aytishicha, Myuller hisoboti uni bu ishda oqlab chiqqan.

Vakillar palatasining Adliya qo’mitasi raisi Jerrold Nedler Myullerdan “Siz prezidentni to’liq oqladingizmi” deb so’raganida u “yo’q” deb javob berdi.

“Prezident da’vo qilinayotgan harakatlar uchun oqlangani yo’q”, - dedi u.

Myullerning tushuntirishicha, Adliya vazirligining amaldagi prezidentga ayblov qo’yishni man qiluvchi ko’p yillik siyosati tufayli Trampga qarshi jinoiy ish qo’zg’atib bo’lmaydi, shu sabab Myuller tergovida Trampni javobgarlikka tortish ehtimoli ko’rilmagan.

Respublikachi kongressmen Ken Bakning “AQSh prezidenti lavozimidan ketganidan so’ng uni adliya ishiga to’sqinlik qilganlikda ayblashingiz mumkinmi” degan savoliga Myuller “ha” deb javob berdi.

Sobiq maxsus prokurorning aytishicha, uning tergov guruhi bir yil mobaynida Trampdan yuzma-yuz guvohlik olishga behuda harakat qilgan. Davlat rahbari ba’zi savollarga yozma javob bergan, biroq adliya ishiga aralashish masalasiga doir savollarni javobsiz qoldirgan.

22 oy davomida olib borilgan tergov yakunida 448 sahifali hisobot tayyorlagan Myullerning tinglovda qatnashgan respublikachi kongressmen Dag Kollinsga aytishicha, tergovchilar Tramp yoki uning 2016-yilgi saylov shtabi a’zolarini saylovda g’alaba qozonish uchun Rossiya bilan til biriktirganini isbotlovchi yetarli dalil to’plashga muvaffaq bo’lmagan.

Qo’mitaning boshqa bir respublikachi a’zosi Jeyms Sensenbrenner Myullerni Trampga ayblov qo’yish mumkin emasligini bila turib tergovni davom ettirayotganlikda aybladi. Myullerga ko’ra, Adliya vazirligi hujjatlari buni man qilmaydi.

“Agar prezidentga ayblov qo’yish rejangiz bo’lmasa, bo’sh hovuzda baliq tutishda davom etaverasiz”, - dedi Sensenbrenner.

Demokratlar nazarida, Myuller hisoboti Tramp tergovga g’ov bo’lganini xulosa qiladi, respublikachilar esa, aksincha, hisobot prezidentni oqlashini aytadi. Tramp partiyadoshlariga ko’ra, tergov Myuller 2017-yil mayida hali maxsus prokurorlikka tayinlanmasidan oldin shubhali ma’lumotlarga asoslangan edi.

Respublikachilarning aytishicha, tergov britan razvedkasining sobiq agenti Kristofer Stil Trampning siyosatga kirishidan oldin Moskvaga qilgan safari haqida uzatgan asossiz da’volarga tayangan hisobot asosida boshlangan, hisobotni tayyorlash uchun xarajatlarni esa demokratlar qoplagan. Tergov boshida Trampning 2016-yil saylovlaridagi raqibi Xillari Klintonni qo’llab-quvvatlagan va uning mag’lubiyatidan alamga to’lgan noxolis tergovchilar turgan, deydi Tramp tarafdorlari.

Tramp televideniye orqali efirga bevosita uzatilgan besh soatlik tinglovni tomosha qilishga na istagi, na vaqti borligini aytgan. Biroq Myuller Oq uy uning tergoviga halaqit bermaganini aytgach, Tramp “Twitter”da “Boshqacha qilib aytganda, adliya ishiga TO’SQINLIK BO’LMAGAN” deb yozdi.

Vakillar palatasidagi 235 demokrat qonunchining bir qismi Trampga nisbatan impichment jarayonini boshlashga chaqirib keladi. Ular prezidentni Myuller tergoviga to’sqinlik qilish orqali jiddiy jinoyat va xatolarga qo’l urganlikda ayblaydi.

Vakillar palatasi impichment e’lon qilsa ham respublikachilar nazoratidagi Senat Trampni sud qilib, lavozimidan olishi amri mahol.

Ijtimoiy so’rov natijalariga ko’ra, amerikaliklarning aksariyati Trampga qarshi da’volarning jiddiy emasligiga ishora qilib, uning impichment qilinishiga qarshi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG