Breaking News

Turkiyada dunyoviy tizim tahdid ostida


Bir paytlar musulmon dunyosida dunyoviy demokratiya namunasi bo’lgan Turkiya bugun ortga chekinayotganday. Hukumat dissidentlarni ta’qib qilmoqda, Sharq va G’arb o’rtasida ko’prik vazifasini bajargan bu mamlakatda din va davlat o’rtasida chegara yuvilmoqda.

Salkam bir asr oldin tashkil topgan Turkiya Respublikasi, asosan, musulmon aholidan iborat bo’lsa-da, G’arb falsafasi, g’arbcha fikrlash unga yot bo’lmagan, ilm-fan keng rivojlangan. Turkiya NATOga erta qo’shildi, Yevropa Ittifoqiga a’zo bo’lishga harakat qildi.

Biroq Prezident Rajab Toyib Erdog’an ichki konservatizm to’lqinida avtokratik boshqaruv tomon yuz tutmoqda. Bir paytlar ochiq va erkin faoliyat yuritgan matbuot bugun nishonga olinmoqda, ayniqsa o’tgan yili davlat to’ntarishiga harakatdan so’ng jurnalistlar va muxolif qonunchilar terrorizm ayblovi bilan ommaviy ravishda qamaldi, minglab davlat va maorif tizimi xizmatchilari ishdan olindi. Ta’lim dasturiga katta o’zgarishlar kiritilib, diniy ta’limga urg’u berila boshladi. Ayni damda parlamentda ko’rilayotgan bir qonun loyihasiga ko’ra, diniy yetakchilar nikohlarni qayd qilish vakolatini olishi mumkin.

Ekstremizm qo’rquvi

Hukumat siyosatini tanqid qilayotgan mahalliy va xalqaro kuzatuvchilarga ko’ra, Turkiyada dunyoviy tizim tahdid ostida, ozchilikdagi guruhlar kamsitilmoqda, bu esa ekstremizmning kuchayishiga olib kelishi mumkin.

“Bir so’z bilan aytganda, Prezident Erdog’an Turkiyaning dunyoviy ta’lim tizimini barbod qilmoqda. Hozirgi tizim tufayli Turkiya demokratik jamiyat bo’lib keldi, aholining zo’ravon jihodchi g’oyalarga berilishiga yo’l qo'ymadi”, - deydi Vashington Instituti tashkilotida Turkiya dasturlari direktori Soner Chig’atoy.

Unga ko’ra, dunyoviy ta’lim tizimi o’rnini diniy tizim egallasa, Turkiyada aholini jihodchilikka yollash, “Islomiy davlat” va al-Qoida kabi jangari guruhlarni radikallashtirish harakatlari osonlashadi. Bu ikki guruh Turkiyaga qo’shni Suriya va Iroqda chuqur ildiz otgan.

Turkiya Ta’lim vazirligining 18-iyul kuni ma’lum qilishicha, yangi milliy o’quv dasturidan evolyutsiya nazariyasi olib tashlanib, jihod tushunchasi kiritilgan. Vazirlikning tushuntirishicha, evolyutsiya nazariyasi maktab darajasi uchun murakkabdir, jihod esa islomning bir qismi bo’lib, o’quvchilarga u haqda to’g’ri tushuncha berish zarur.

Muxolifatdagi Respublikachi xalq partiyasi a’zosi Mustafo Balbey yangi o’zgarishlarni tanqid qilmoqda.

“Agar masalaga kengroq qaraydigan bo’lsak, hukumatning bu qadamlari natijasida o’quvchilar ilm-fandan, ilmiy yondashuvdan uzoqlashib boradi. Fan zamonaviy Turkiya Respublikasining asosidir. 18 yashar fuqaro davlat idorasiga saylanishi mumkinu, evolyutsiya nazariyasini tushunishga ojiz ekanmi? Ahmoqlik bu”, - deydi deputat.

So’nggi o’zgarishlar aholining Erdog’anni qo’llab-quvvatlayotgan konservativ qismi istaklari bilan hamohangdir.

“Evolutsiya bu maymun nazariyasidir. Bunga ishonmayman. Bizni Alloh yaratgan. Turkiyada dinga urg’u berish kerak. Men hukumatimiz siyosatini qo’llab-quvvatlayman. Men musulmonman. Dindan xabari bor odamlarimiz ko’proq bo’lishini xohlayman”, - deydi erzurumlik Kamol ismli taksi haydovchisi.

Xom qonunlar

Yaqinda Turkiyada o’tgan referendum ketidan shakllangan yangi Vazirlar mahkamasi diniy arboblarga nikohlarni qayd qilish vakolatini berish taklifi bilan chiqdi. Muxolifat va ayollar huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar bunga qarshi. Ularga ko’ra, bu balog’at yoshiga yetmagan qizlarni nikohga berishga yo’l ochishi, o’zga din vakillariga islomiy an’analarni majburlab o’tkazishga olib kelishi mumkin.

Tanqidchilar qonun loyihasini atroflicha muhokama qilishni taklif etarkan, jamiyatda bundan-da muhimroq muammolar borligini, nikohni qayd etish idoralari ishini eplayotganini ta’kidlamoqda.

“Hukumatning bu tashabbusi ham dunyoviy tizimga yana bir zarba berishga qaratilgan. Shu tobda bunday o’zgarishga ehtiyoj yo’q. Bu shunchaki hukumatning o’zboshimchaligini ko’rsatadi”, - deydi Respublika xalq partiyasi a’zosi, parlamentda Jinsiy tenglik qo’mitasi raisining o’rinbosari Jandan Yujer.

Prezident vakolatini kuchaytirishga qaratilgan so’nggi referendum ketidan parlament ancha zaiflashdi, Erdog’an adliya tizimi va boshqa davlat idoralarini o’z manfaatlariga moslab isloh qilmoqda. So’nggi qonunlar jamiyatni ortga tortib ketyapti, o’lim jazosini tiklash haqida gap ketmoqda. Germaniya va Yevropaning boshqa mamlakatlari bunday ehtimolga norozilik bildirmoqda.

Parlamentdagi respublikachilar nikoh haqidagi qonun loyihasini tasdiqdan o’tkazmaymiz, deydi. Biroq o’tgan yilgi voqealar muxolifatni ancha zaiflashtirdi. Hukumat Erdog’anning konservativ siyosatini tanqid qilgan matbuot va faollarni terrorchilarga chiqarib, ovozlarini o’chirishga muvaffaq bo’ldi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG