Breaking News

"Ezgulik" qurultoyida yangi rahbar va strategiya aniqlanadi


Vasila Inoyatova

“Ezgulik” jamiyati o’z yetakchisi Vasila Inoyatovaning vafoti ortidan tashkilotning kelgusi faoliyatiga doir bayonot tarqatgan. Unga ko’ra, tashkilot inson huquqlari himoyasini asosiy vazifasi deb bilgan holda Inoyatovaning yo’lini davom ettiradi. Yaqin kunlarda yangi rahbarning saylanishi rejalanmoqda. Jamiyat raisligiga nomzodlardan biri, huquq himoyachisi Abdurahmon Tashanovga ko’ra, nodavlat tashkilotlar faoliyatiga doir so’nggi o’zgarishlar O’zbekistonda 70 ga yaqin bo’limlariga ega “Ezgulik” faoliyatining kuchayishiga xizmat qiladi.

Vasila Inoyatova 19-may kuni shifoxonada vafot etdi. U “Ezgulik” jamiyatiga 2002-yildan rahbarlik qilgan edi. Jamiyat o’sha yili xalqaro tashkilotlar talabiga ko’ra O’zbekistonda rasman ro’yxatdan o’tgan edi.

“Ezgulik” faollarining bildirishicha, Inoyatovaning vafoti nafaqat tashkilot, balki huquq himoyachilari doxil jamoatchilik uchun ham katta yo’qotish bo’ldi.

“Biz Vasila opaning o’limi munosabati bilan tarqatgan bayonotimizda u kishining inson huquqlari borasidagi kurash yo’li davom etishini bildirdik. Bu o’z o’zidan emas – Markaziy kengash a’zolari bilan kelishilgan fikr. Vasila opaning yo’li boshqa bir rahbar yetakchiligida davom etadi. Qurultoyda, Markaziy kengash yig’ilishida kimga ishonch bildirilsa, o’sha odam bu ishni davom ettiradi. Hozirgi vaziyatda nizomga ko’ra uch oy davomida jamiyatni kengash a’zolaridan biri muvaqqat rahbar sifatida boshqarib turadi, qurultoyda esa jamiyat strategiyasini belgilaydigan yangi rahbar saylanadi. Bu bayonotimiz odamlarning o’zaro suhbatlarda, ijtimoiy tarmoqlarda “Ezgulik” jamiyatining keyingi taqdiri nima bo’lishi haqidagi savollariga javob tariqasida ko’rilishi mumkin”, - dedi Tashanov.

“Ezgulik” mamlakatda rasman ro’yxatga olingan inson huquqlari tashkiloti hisoblanadi, respublika bo’ylab 70 ga yaqin bo’limlari, yuzdan oshiq a’zolarining borligi ta’kidlanadi. Jamiyat yaqin kunlarda qurultoy o’tkazib, unda yangi rahbar saylanishi kutilmoqda.

Raislikka nomzodlardan biri Tashanovning aytishicha, yaqin bir-ikki hafta ichida Markaziy kengash majlis qilib, muvaqqat rahbarni saylaydi, u esa o’z navbatida qurultoy ishlariga tayyorgarlik ko’radi.

“Qurultoyni avgust oylarida o’tkazish rejasi bor. Ehtimoliy nomzodlar haqida gapiradigan bo’lsak, ko’pchilik menga Vasila opaning izdoshi sifatida murojaat qilyapti, xabaringiz bor, tashkilotda ancha yillardan beri ishlab kelaman, katta ehtimollik bilan vaziyatni qo’lga olishga harakat qilaman. Albatta bu ish saylov yo’li bilan hal qilinadi, qolaversa, mendan tashqari tashkilotda boshqa munosib nomzodlar ham bor. Agar hamkasblar meni qo’llab-quvvatlasa, tashkilot faoliyatini rivojlantirishga tayyorman”, - deydi Tashanov.

Unga ko’ra, O’zbekistonda nodavlat tashkilotlar faoliyatiga doir qabul qilingan yangi qarordan kelib chiqqan holda jamiyatning faoliyati, ish uslubida ham o’zgarishlar rejalangan.

“Albatta, bu o‘zgarishlar mamlakatda so’nggi paytda yaratilgan sharoit bilan bog’liq. Nodavlat tashkilotlarning ishlashi uchun imkoniyatlar kengaymoqda. Xorij tashkilotlarining moliyaviy ko’magidan foydalanishga ruxsat berildi. “Ezgulik” ishlagan avvalgi paytlarda, masalan, AQSh elchixonasi tomonidan ajratilgan bir grantni ololmay, ancha ovora bo’lgan edik. Tashkilot strategiyasiga ham ayrim o’zgarishlar kiritiladi. Masalan, yaqingacha Vasila opaning shaxsiga suyanib ishlaganmiz, hozir esa buni o’zgartirish vaqti keldi. Yoshlarga, yangi liderlarga ko’proq imkoniyat berishni rejalayapmiz. Huquq tashkilotlariga yoshlarni tortish kerak, bu huquq himoyachilari orasida dolzarb bo’lgan muammolardan”, - deydi Tashanov.

62 yoshli Vasila Inoyatovaning vafoti kop’chilik uchun kutilmagan voqea bo’ldi. Ammo uning qarindoshlari, safdoshlari marhumaning kasalligidan, xuruj kuchayib borayotganidan xabardor bo’lishgan. Abdurahmon Tashanov Inoyatovani so’nggi bor shifoxonaning jonlantirish bo’limida ko’rgan.

“Vasila opa mustaqillikning dastlabki yillarida maydonga chiqqan faollardan edi. Siyosiy faollarni ta’qib etish boshlanganidan so’ng faoliyatini inson huquqlari sohasida davom ettirdi. 1994-yilda prezident shaxsini haqorat qilish aybi bilan unga nisbatan qamoq jazosi tayinlandi, ammo keyinchalik amnistiya qo’llandi. Inson huquqlari faoliyati davomida bir qator xalqaro mukofotlarga sazovor bo’ldi. U BMT, YXHT doirasidagi anjumanlarda O’zbekistondagi inson huquqlariga oid vaziyat bo’yicha hamisha o’zining ochiq ma’ruzalari bilan qatnashib kelgan edi. Uning o’limi biz uchun katta musibat. Vasila opaning vafoti kutilmagan holat emas. U bilan uzoq yillar birga ishladik, ozodlikka chiqqan siyosiy mahbuslarni kutib olishga borgan paytlarimizda ham uning salomatligi o’ta og’ir ekaniga guvoh bo’lganman. So’nggi kunlarda oshqozondagi yara jiddiy bezovta qilayotgan edi, men Vasila opani o’limidan ikki kun oldin shifoxonaning jonlantirish bo’limida ko’rgan edim”, - deydi Tashanov.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG