Breaking News

So'z erkinligi va e'tiqod, AQShdagi munozaralar


So’z erkinligi Amerikada konstitutsiya bilan kafolatlangan huquq. Davlat uni cheklovchi biror qonun qabul qilishi mumkin emas. Ammo har qanday huquq kabi, so’z va fikr erkinligining ham chegarasi bo’lishi kerak deb hisoblovchilar bor. Internetda musulmonlarni tahqirlovchi film chiqqach, bu mavzu atrofidagi bahslar yanada kuchaydi.

So'z erkinligi va din, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:24 0:00
Yuklab oling

Liberal nasorolar guruhi Lyuter Pleys cherkovida yakshanba kuni tinchlik so’rab ibodat qilmoqda. Yetakchi ruhoniy Keren Brau dunyo bugun zo’ravonlikka to’lib ketdi, deydi.

“Tinchlik diyori bo’lgan bu o’lkalarga bora olamizmi? Xudo biladi, nimalar bo’lmayapti u yerlarda. “Vashington Post”ni o’qisangiz, dunyoni yakson qilishning uch yo’liga ko’zingiz tushadi”, - deydi ruhoniy.

Zo’ravonlik qilish noto’g’ri, ammo internetdagi videoga nisbatan musulmonlarning g’azabini ham tushunsa bo’ladi, deydi u.

“Masalaga boshqa tomondan qarasangiz, nima uchun bu film bunchalar qattiq e’tirozlarni uyg’otganini tushunish mumkin”, - deydi Keren.

Ammo nasroniylikka qarshi tahqirlar haqida gapirganda, Keren jahlini bosadi.

“Xochni peshobi bilan bulg’agan bu odamlarga cherkov nima yomonlik qildi? Din bunday odamlarga biror aziyat yetkazdimi?”, - deya so’raydi ruhoniy.

Musulmon dunyosida kuchli norozilik namoyishlariga sabab bo’lgan film bo’yicha amerikaliklar turli fikrda.

Bu o’lkada musulmonlar ham AQShda dinni tahqirlash jinoyat emasligini yaxshi biladi.

Michigan shtati Diyeborn shahridagi islomiy markaz rahbari imom Hasan Qazviniy AQShdagi qibtiy nasorolar tomonidan yaratilgan filmni keskin qoralaydi.

“Bu qibtiylar, afsuski, jamiyatimiz tomonidan berilgan erkinlikni suiiste’mol qilishdi. Agar ular boshqa joyda yashashganda, bunday ishga qo’l urib muammo yaratishga balki jur’at ham qilisholmagan bo’lardi”, - deydi imom.

Amerika katolik universiteti professori Robert Destroning aytishicha, AQSh bosh qomusidagi Birinchi tuzatish so’z erkinligini to’la kafolatlaydi.

“Hukumatimiz diniy munozaralarda tarafkashlik qilmasligi kerak”, - deydi u.

Professorning aytishicha, tartibsizlik keltirib chiqarish xavfi bo’lsa, so’z erkinligi cheklanishi mumkin.

“Odamlarga qarashlaringiz noto’g’ri, deb aytish oson. Ammo buning chegarasini kim belgilaydi? Boshqalarning e’tiqodini himoya qilishimiz kerak, deb aytishimiz mumkin. Ammo hukumatlar bu narsani siyosiy yoki diniy muxolifatga zug’um o’tkazish vositasi qilib olishi mumkin”, - deydi professor.

Dindor amerikalik Krista Martin professor fikrlariga qo’shiladi.

“Buni aytish mumkin, ammo bu mumkin emas” deb din va diniy bahslarni nazorat ostiga olishga urinish, menimcha, juda qaltis ish”, - deydi u.

Amerikada deyarli har bir yirik din vakillari turli tahdid va hujumlarga uchrab turadi. Ayniqsa, internetda. Ko’pchilik nazarida, bu e’tiqod erkinligi huquqi uchun to’lanadigan badal.

So'z va e'tiqod erkinligi/Freedom of speech and religion
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:47 0:00
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG