Breaking News

Germaniya O'zbekiston hukumatini huquqni e'zozlashga undamoqda


Toshkent, 30-mart, 2017
Toshkent, 30-mart, 2017

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YXHT) ayni damda Germaniya boshqaruvida va bu davlat Tashqi ishlar vaziri Frank Shtayenmayer Markaziy Osiyoga safar qilmoqda. Kecha u Toshkentda Prezident Islom Karimov bilan uchrashgan. Mintaqaviy xavfsizlik hamda inson huquqlari bilan bog’liq masalalar muhokama qilingan.

Shtayenmayer O’zbekiston hukumatini qonun ustuvorligini ta’minlab, fuqaro erkinliklarini e’zozlash va demokratik qadriyatlarning ildiz otishi uchun zamin yaratishga undagan.

Germaniya va butun Yevropa mintaqa tinchligi va farovonligidan manfaatdor, deya ta’kidlagan Shtayenmayer. Berlin Toshkent bilan ochiq muloqot qilish istagida.

O’zbekiston-Germaniya muzokaralarida huquq masalasi ko’tarilgani haqida mahalliy axborot vositalari xabar bermadi. Muloqotning bu jihatlarini nemis matbuoti yoritdi xolos. “Nemis to’lqini”ga ko’ra, bu mavzu Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan uchrashuv paytida muhokama qilingan. O’zbekiston matbuotiga ko’ra esa YXHT rasmiylari mahalliy fuqaro jamiyati a’zolari bilan gaplashgan.

Prezident Islom Karimov bilan muloqot, 30-mart, 2016
Prezident Islom Karimov bilan muloqot, 30-mart, 2016

Shtayenmayer YXHT doirasidagi hamkorlikka urg’u bermoqda. Terrorizmga qarshi kurash – asosiy vazifalardan biri. Germaniya O’zbekistonni Berlinda yaqin kelajakda rejalangan xalqaro konferensiyaga taklif qilgan.

O’zbekison inson huquqlari tashabbus guruhi rahbari Surat Ikromov fikricha, G’arb diplomatiyasining respublikadagi vaziyatga ta’siri va imkoniyatlari tobora cheklanib bormoqda.

“Hozir shunday narsa kuzatilayapti: Yevropa Ittifoqi rasmiylari uchrashgan taqdirda ham avval rasmiylar bilan, keyin huquq himoyachilari bilan uchrashishadi. Menimcha, aksincha, avval faollar bilan uchrashib keyin inson huquqlariga oid vaziyatni rasmiylarga yetkazish, muhokama qilish kerak. Yevropa Ittifoqi hozirga kelib bu masalada o’zidagi dastaklardan unumli foydalanayotgani kuzatilmaydi”, - deydi Ikromov.

Toshkentda YXHT vakolatxonasi bor. Ammo uning inson huquqlari bo’yicha faoliyati ancha cheklangan. Surat Ikromov singari faollar deydiki, YXHT idorasi va hukumat o’rtasida mamlakatdagi mustaqil faollar, huquq himoyachilari bilan hamkorlik qilmaslik to’g’risida kelishuv bor ekan, bu vakolatxona roli juda tor.

“YXHT bunaqa hamkorlik memorandumini faqat O’zbekiston bilan imzolagan”, deydi u.

O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan uchrashuv, 30-mart, 2016
O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan uchrashuv, 30-mart, 2016

O’zbekiston qamoqxonlarida qiynoqlarga qarshi kampaniya olib borayotgan Xalqaro Amnistiya tashkiloti “Jasliq”, “Toshturma” va Milliy xavfsizlik xizmati tergov izolyatorlarini qiynoqlar makoni deya ta’riflaydi.

Markaziy Osiyo inson huquqlari uyushmasi yaqinda Milliy xavfsizlik xizmati hibsxonasida saqlanayotgan o’shlik o’zbek Baxtiyor Xudoyberganov taqdiri haqida ma’lumot tarqatdi.

Rossiya fuqarosi bo’lgan Xudoyberganov Turkiyadan O’zbekiston orqali O’shga o’tmoqchi bo’lgan, ammo aeroportda uning telefonidan Qur’on suralari, O’shdagi etnik nizoga doir ma’lumotlar chiqqani uchun hibsga olingan. Uzoq vaqt bedarak ketgan Xudoyberganovning daragi yaqinlarining sa'y-harakati bilan aniqlangan.

Markaziy Osiyo inson huquqlari uyushmasi rahbari Nadejda Atayeva Xudoyberganov ayni paytda rasman diniy ekstremistik materiallar tarqatishda ayblanayotgani, unga nisbatan qiynoqlar qo’llanayotgani yuzasidan xavotir bildirmoqda.

“Xudoyberganovni hibs qilishganidan so’ng xalqaro qidiruvga ham berishgan”, deydi huquq himoyachisi.

Toshkentda matbuot anjumani, 30-mart, 2016
Toshkentda matbuot anjumani, 30-mart, 2016

Nadejda Atayevaga ko’ra, O’zbekistonda inson huquqlari bilan bog’liq vaziyat aynachli. Bu manzarada YXHT raisining Toshkentga safari va unda inson huquqlari masalasi ko’tarilgani oz bo’lsa-da umid beradi.

YXHT inson huquqlari monitoringi bo’yicha faqat rasmiy bir pozitsiyaga ega, ko’p narsa qog’ozda, deydi Atayeva, lekin Germaniya bu tashkilotda o’z so’zi va o’rniga ega davlat.

“Masala rasmiy uchrashuvda ko’tarilishi, eslatilayotgani yaxshi, xalqaro jamoatchilik diqqati mamlakatdagi ayanchli vaziyatni chetlab o’tmaydi”, - deydi Atayeva.

Yevropa Ittifoqi va O’zbekiston o’rtasida 2006-yildan boshlangan inson huquqlari bo’yicha muloqot ham aynan Germaniya tashabbusida amalga oshgan.

Germaniya tashqi ishlar vaziri Samarqandni ham ziyorat qildi. Tojikiston va Qirg’izistonda ham bo’ladi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG