Garvard: Tramp farmoni AQShni ilmiy qudratdan ayiradi

  • Amerika Ovozi

Garvard universiteti o'zini global maskan deb hisoblaydi. Talabalar, professorlar va tadqiqotchilar butun dunyodan.

Garvard universitetining Tibbiyot maktabi boshqa fakultetlar singari nufuzli. Professor Tomas Mishel Erondan Suhayl Saraviyni tadqiqotchi sifatida yollaganida u vaqtida viza olishi uchun obdon harakat qildi. Viza olishi bilanoq bu yosh mutaxassisga alohida xona ajratib, eshigiga ism-sharifini ham osib qo'ydi. Iqtidor - bebaho narsa, deydi professor.

Prezident Donald Tramp farmoniga binoan esa endi Suhayl umuman kela olmaydi.

“Bizning eshigimiz ochiq. Bu mutaxassis bizga kerak. Laboratoriyamiz uni kutayapti lekin davlatimiz darvozani ochmayapti", - deya norozi professor Mishel.

Garvard va yana olti nufuzli universitet Prezident Tramp farmonini qoralab, adolat talab qilmoqda
Garvard va yana olti nufuzli universitet Prezident Tramp farmonini qoralab, adolat talab qilmoqda

Eron qatorida Iroq, Suriya, Liviya, Sudan, Somali va Yaman fuqarolari ham uch oyga viza olish imkoniyatidan mahrum.

Boston - AQShda eng ko'p oliygoh joylashgan hudud. Garvard va yana olti universitet va kollej Tramp qarorini qoralab, huquqshunoslarni ishga solgan holda, adolat talab qilmoqda. Jahon bo'ylab saralab olinadigan mutaxassislar universitetlar uchun boylik, har tomonlama yutuq, deya eslamoqda bu maskanlar.

Garvard universiteti rahbari Dru Faust xonim hukumatga murojaat qilib, ilm izlab, o'z bilim va tajribasini Amerika va dunyo bilan baham ko'rish uchun bu mamlakatga intilayotgan insonlarga darvozani keng ochmaslik tubanlik va aqlsizlikdir, deya bayon qildi. Boshqa oliygohlarning rahbarlari ham unga qo'shildi.

Garvard olimi Sumya Raychodri eronlik hamkasbiga intizor
Garvard olimi Sumya Raychodri eronlik hamkasbiga intizor

Garvardda yana bir taniqli olim Sumya Raychodri Erondan yangi hamkasbini kutmoqda. Samira Asqariy o'tgan hafta yetib kelishi kerak edi, lekin farmon aynan o'shanda chiqdi.

Amerika bu insonlarsiz xavfsizroqmi?

“Ular noyob bilim egalari", - deydi Raychodri. Samira yuqumli kasalliklarga tubdan kurashish yo'llarini izlab, natijalarini birma-bir xatlab kelayotgan olima.

Suhayl esa yurak mushaklari hujayralari va qon tarkibini o'rganib kelmoqda. Murakkab jarayonlardan iborat tadqiqotni u Garvardda yakunlamoqchi.

Tramp farmoni bunday mutaxassislar uchun hech qanday istisnoga yo'l bermaydi.

“Qarabsizki, zehni o'tkir, tirishqoq va kamyob kadrlarni rad etayapmiz. Amerika axir imkoniyatlar diyori. Men siyosatchi emasman, olimman. Ilm chegara tanlamaydi", - deydi professor Mishel.

Garvard universitetida 20 mingdan oshiq talaba bo'lsa, yarmi chet eldan
Garvard universitetida 20 mingdan oshiq talaba bo'lsa, yarmi chet eldan

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG