Breaking News

AQSh Xitoyga yangi sanksiyalar joriy etmoqda


Spiker Nensi Pelosi

Bu hafta AQSh Kongressi Xitoyni etnik zulmda ayblab, unga nisbatan yangi sanksiyalar qo'yishni ma'qulladi. Senat va Vakillar palatasida ovozdan o'tgan hujjat Pekinning qator rasmiylarini jazolashni ko'zlaydi.

Xususan, Shinjon viloyatida katta sonda yashovchi uyg'urlarni qamash va tazyiqqa olishda rol o'ynayotgan mansabdorlarga cheklovlar qo'yiladi.

Vashington-Pekin aloqalari shundoq ham tang. Koronavirus yuzasidan kelishmovchiliklar avjga chiqqan payt. Prezident Donald Tramp pandemiyada asosan Xitoyni ayblaydi. Oq uy va Davlat departamenti Gonkong Xitoy hududi emas, deya u yerdagi demokratik harakatlarni quvvatlamoqda.

Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi deydiki, Xitoy eng zolim tuzumlardan biridir.

"Uyg'ur xalqiga nisbatan vijdonsiz siyosati uchun Pekinni butun dunyo la'natlasa arziydi", - deydi Pelosi.

Kongress a'zolarining qayd etishicha, Xitoyda 1 milliondan oshiq uyg'ur va ular qatorida qozoq, qirg'iz va boshqa elatlarning vakillari mehnat lagerlarida ezilmoqda.

AQSh mana shu siyosat ortida turgan rasmiylar kim ekanini biladi va ularga nisbatan chora ko'radi, deydi Pelosi.

Yangi qonun Amerika hukumatidan Kongressga Xitoydagi inson huquqlari bilan bog'liq ahvol haqida izchil hisobot berishni, xususan qamoqxonalar va lagerlardagi vaziyatni o'rganishni, Xitoy qanday texnologiyalarga tayanayotgani yuzasidan axborot berishni talab qiladi.

Xitoy Amerikaning eng yirik savdo hamkori ekan, u yerga eksport qilinayotgan texnologiyaga e'tibor oshiriladi.

Uyg'urlar manfaati uchun kurashuvchi tashkilotlar nazarida Yevropa Ittifoqi ham AQSh singari yangi choralar ko'rishi lozim.

Texas shtatidan kongressmen Maykl Makkolga ko'ra, Xitoy uyg'urlarni yo'q qilishga bel bog'lagan va "madaniy genotsid" olib bormoqda.

"Vakillar palatasi Xitoyning bu ishiga chidab turmaydi", - deydi Makkol.

Xitoy hukumati esa Amerikani unga qarshi tinimsiz fitna va tuhmatda ayblab, Shinjonda uyg'urlar farovon hayot kechirayotgani, bu mintaqa o'tgan yillarda misli ko'rilmagan darajada rivojlanib, turmush darajasi oshganini da'vo qiladi. Uyg'urlarga zulm qilinyapti degan bayonotlar asossiz, deya javob qilmoqda Xitoy Tashqi ishlar vazirligi.

Inson huquqlari bo'yicha tashkilotlar tahlilicha, oxirgi uch yilda uyg'urlar yanayam qattiqroq bosim ostiga olinib, ularga davlat xavfsizligiga raxna solayotgan toifa sifatida qarash kuchaygan. Munosabat ham shunga yarasha, deyiladi hisobotlarda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG