Insonlar oqimi - qochqinlar hayotini shafqatsizlarcha fosh etgan film

  • Amerika Ovozi

Mashhur rassom va huquq faoli Ai Veyvey "Insonlar oqimi" nomli yangi film ishladi. Unda dunyodagi qochoqlar taqdiri aks etgan. Xitoylik faol bu mavzuda ilgari ham hujjatli film yaratgan. Navbatdagi asarida u qochoqlarning ulkan oqimini dronlardan foydalangan holda suratga olgan. Ai 23 davlatga borib, urush, tabiiy ofatlar va diniy tazyiqdan qochgan odamlar joylashgan 40 ta qochoqlar lagerida bo'ldi. Uning maqsadi - qochqinlar oqimining global asoratlarini insoniyatga ko'rsatish.

"Qochoq bo'lish, shunchaki, bir siyosiy maqom emas. U insonga qarshi ishlatish mumkin bo'lgan shafqatsizlikning eng keng yoyilgan turi. Bu maqom orqali insonni uni odam qiladigan, hayotiga mazmun beradigan barcha jihatlardan mosuvo qilasiz".

Bu so'zlar "Insonlar oqimi" filmidan bir parcha. Filmga ko'ra, bugun dunyoda 65 milliondan ortiq odam boshpanasiz, o'z uyini tashlab ketgan. Dronlar orqali Ai Veyvey insonlar harakatini yuqoridan tasvirga oladi.

"Odamzot tarixida bunday oqimlar doim bo'ladi. Ko'p holatlarda ular sivilizatsiyamizning bir qismi", - deydi film muallifi.

Ammo bugungi ijtimoiy muammo shuki, deydi ijodkor, mamlakatlar qochqinlarning chegaralarni kesib o'tishiga ruxsat bermay, bu oqimni to'xtatishga urinmoqda. Dengizlardan kechib, uzoq masofalarni piyoda bosib kelgan yaqin sharqlik minglab muhojirlar Gretsiya va Makedoniya chegaralaridan o'ta olmay sarson.

"70 dan ortiq chegaralarda hech bir qochoq o'tmasin deb devorlar, to'siqlar qurishdi. Bu orqali ular qochoqlarning, bir mudatga bo'lsa ham, chegaradan o'tib xavfsiz hudud topish imkoniyatini yo'qqa chiqarishdi. Bundan tashqari, ularni o'ta xavfli sharoitlarda qoldirishdi", - deydi kinoijodkor.

"Ikki oylik bola, shu yerda tug'ilgan, lekin hanuz vaksina olmagan. Gigiyenik holat ham juda yomon", - deydi shifokor.

Film inson fojeasini shafqatsizlarcha fosh etadi.

"Barchasi dengizda halok bo'ldi. Xotinini shu yerga ko'mishdi. Og'lini ham, qizini ham. Og'li ham dengizda cho'kib ketgan. Bu mening ukam Saxi Ahmad", - deydi qochqinlardan biri ko'zida yosh bilan.

Film qahramonlari - urushdan, diniy tazyiq va tabiiy ofatlardan qochgan odamlar. Agar ularni asrab qolmasak, vatansiz, o'zliksiz tug'ilib o'sgan butun bir avlod ekstremizm va radikalizmga yuz tutishi mumkin, deydi Ai Veyvey.

"Bu odamlar, bu bolalar ulg'aysa, ota-onalarining qanchalar yomon, adolatsiz munosabatga duchor bo'lganini, dunyo buni bila turib hech narsa qilmaganini ko'rishadi. Bu ularning miyasida qanday taassurot qoldiradi?" - deya so'raydi ijodkor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG