Breaking News

Hindiston Afg'oniston va Markaziy Osiyoga yangi savdo yo'lini ochmoqda


Eronning Chabahor porti
Eronning Chabahor porti

Hindiston Pokistonni aylanib o'tib, Afg'onistonga yuk yetkazishga imkon beruvchi yangi savdo yo'lini ochdi. Nyu-Dehli Eronning Chabahor porti orqali Kobulga bug'doydan iborat dastlabki savdo karvonini jo'natdi.

Yangi dengiz yo'lining ochilishi Kobul uchun muhim strategik ahamiyatga ega. Chunki Pokiston shu paytgacha Hindiston mahsulotlarining o'z hududi orqali Afg'onistonga o'tishiga ruxsat bermay kelayotgan edi.

Kelasi oylarda Hindiston g'arbidagi Kandla portidan Chabahorga yana 1,1 million tonnalik bug'doy jo'natilishi kutilyapti. Yuk Eron portidan Kobulga quruqlik orqali tashiladi.

Yangi savdo yo'nalishi haqidagi yangilik AQSh Davlat kotibi Reks Tillersonning Nyu-Dehliga tashrifi ortidan e'lon qilindi. Tramp ma'muriyatining Eronga bosimi Hindistonning Eron portini muhim tranzit markaziga aylantirish rejalariga pand berishi mumkin.

Chabahor portida yangi terminallar, trassa va temiryo'llar qurish uchun Hindiston 500 million dollar sarmoya kiritmoqda. Nyu-Dehli shu port orqali nafaqat Afg'onistonga, balki Markaziy Osiyo bozorlariga chiqishni ham mo'ljallamoqda.

"Ilk bor Afg'oinistonga noan'anaviy yo'llar orqali kirib boryapmiz", - deydi Nyu-Dehlidagi Mudofaa tadqiqotlari instituti eksperti Sux Deo Muni.

Eron bandargohi orqali dengizga yo'lning ochilishi Hindistonning Kobul bilan aloqalarni kuchaytirish maqsadida tashlagan ikkinchi qadamidir. Iyun oyida ikki davlat orasida havo orqali yuk tashish ham yo'lga qo'yildi.

Chabahor porti Xitoy Pokistonda qurayotgan Gvadar bandargohiga javob bo'lishi aytilmoqda. Eron portini rivojlantirish loyihasi qariyb 15 yil oldin ishlab chiqilgan, ammo AQShning Eronga qarshi sanksiyalari bois amalga oshmay kelayotgan edi. Tehronga qarshi bosimlar kamaygach, o'tgan yili Hindiston, Eron va Afg'oniston portni rivojlantirish bo'yicha uch tomonlama bitim imzoladi.

AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson Nyu-Dehlida o'tgan muzokaralarda Tramp ma'muriyatining Eronga qarshi e'lon qilinishi kutilayotgan yangi jazo choralari bu kelishuv yo'liga to'siq bo'lmasligini bildirdi.

"Eron xalqiga zarar yetkazish maqsadimiz yo'q. Boshqalar bilan bo'layotgan qonuniy biznes faoliyatlariga ham aralashish niyatimiz yo'q. Yevropa yoki Hindiston bilan bo'ladimi yohud do'stlarimiz va ittifoqchilarimizga foyda keltiradigan iqtisodiy taraqqiyotga oid kelishuvlar bo'ladimi, ular va siyosatimiz o'rtasida ziddiyat yo'q", - dedi Tillerson.

Tahlilchi Muniga ko'ra, bu so'zlar Nyu-Dehlida iliq qarshi olindi.

"Nazarimda, Hindiston va Tramp ma'muriyati o'rtasida avval o'ylanganidan ko'ra ko'proq xotirjamlik bor", - deydi u.

Hindiston va Afg'oniston o'rtasidagi eng qisqa va kamxarj yo'l Pokiston orqali o'tadi. Ammo Islomobod va Nyu-Dehli o'rtasidagi azaliy raqobat bois Pokiston Hindiston yuklarining o'z hududi orqali o'tishiga ruxsat bermaydi. Afg'onistonga esa ko'p vaqt saqlanmaydigan oziq-ovqat mahsulotlarini cheklangan miqdorda Hindistonga o'tkazishga ijozat berilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG