Yangi farmon AQShga kirish vizalarini ko'rib chiqish muddatini uzaytiradi

  • Amerika Ovozi

AQShga kirish vizasi

AQSh Prezidenti Donald Tramp 21-iyun kuni yangi farmon imzolab, sobiq Prezident Barak Obama paytida joriy etilgan yana bir tartibni bekor qildi. Bundan keyin AQShga bormoqchi bo'lgan xorijiy mamlakatlar fuqarolari viza olish uchun arizasi javobini uzoqroq kutishiga to'g'ri keladi.

Obama ma'muriyati Amerikaning xorijdagi konsullik xizmatlariga noimmigrant viza uchun arizalarning 80 foizini uch hafta ichida ko'rib chiqishni buyurgan edi.

AQShga sayohat qilmoqchi bo'lgan xorijliklarni elakdan o'tkazib, mamlakat xavfsizligini kuchaytirishga va'da bergan Tramp ma'muriyati arizani to'ldirish jarayoniga qo'shimcha talablar kiritdi. Xususan, viza talabgorlari endi ijtimoiy sahifalarda so'nggi besh yil ichida qo'llagan nomlarini (nik, laqab, ism shular jumlasidan), so'nggi 15 yilda qaysi mamlakatlarga sayohat qilganini ko'rsatishi kerak.

Masalan, konsullik xizmati xodimlari viza talabgorlaridan ularning Facebook yoki Twitter dagi sahifalarini oshkor etishni so'rashi mumkin. Yangi qoida va talablar idora ishini sekinlashtirishi kutilmoqda.

Mart oyida Prezident Tramp Eron, Liviya, Somali, Sudan, Suriya va Yaman fuqarolarining AQShga kirishini cheklovchi farmon imzolagan edi. Biroq Trampning bu harakatini musulmonlarga qarshi chora sifatida ko'rgan ayrim tashkilotlar sudda hukumatga qarshi da'vo ochganidan so'ng farmonning ba'zi bandlari bekor qilindi.

Bu ish AQSh Oliy sudiga oshirilgan, ammo sud uni ko'rib chiqishini hanuz ma'lum qilmadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG