Qo’shma Shtatlarga o’qish uchun kelgan talabalar o’quv yili boshlanishidan avval bir haftalik tanishuv dasturida. Ular Amerikadagi talabalik davri, bu davlatdagi shart-sharoit bilan tanishmoqda.
“Universitet bilan tanishuv dasturida muhim ma’lumotlar oldim”, - deydi ekvadorlik Viktoriya Graya.
“Sug’urta, immigratsion hujjatlarni to’ldirishda ancha yordam bo’ldi”, - deydi bolgariyalik Konstantin Georgiyev.
“Bir qancha talabalarni uchratdim. Ular ham men kabi nima qilishini bilmay, vaziyatni biroz tushunmay turibdi. Ko’pchilik hali vaqtga o’rganolgani yo’q, bilinadi. Muhim ma’lumotlar oldim”, - deydi rossiyalik Arina Zaytseva.
Texas shtatidagi Rays Universitetiga kirganlar mashg’ulotlardan oldin oliy o’quv yurti bilan tanishmoqda. Ularning ko’pchiligi AQShga endigina kelgan. Ba’zilari Amerikada biroz yashagan bo’lsa-da, universitet haqida o’rganadigan ma’lumotlar ko’p.
“Amerikada talabalik davri haqida bilaman deyolmayman. Xalqaro talabalar bo’limi hatto AQShda yashasangiz ham o’rganadigan qancha narsa borligini ko’rsatib berdi”, - deydi Zimbabvedan Takudja Tapfuma.
“Rays universitetiga kirishga qaror qilganimda bu yerning havosini hisobga olganman. Sovuqni yomon ko’raman”, - deydi Viktoriya Graya.
“Juda issiq, namlik yuqori. Shimoldanman, bu men uchun keskin o’zgarish”, - deydi Arina Zaytseva.
Texasning issiq havosi, talabalarning o’z yurti haqidagi sog’inchi bu yerga moslashayotganlar og’zidagi qizg’in mavzu.
“Oilam, do’stlarim muhim. Yaqinlarimni sog’inaman. Lekin negadir yangi odamlarni uchratganimda ular hamisha ob-havo haqida gapirishadi”, - deydi kolumbiyalik Santiyago Lopez.
“Xyuston shahriga moslashish bilan ovoraman. Biror narsani esimdan chiqarib qo’yishga fursat yo’q. Vaqti kelib o’zimizning ovqatlarni qo’msasam kerak, bu ham aslida bir normal holat”, - deydi Konstantin Georgiyev.
“Xyuston haqida yaxshi gaplar eshitardim. Lekin hech bu yerlarda, Texas shtatida bo’lmaganman. Men uchun ham qiziq, ko’nikishim kerak”, - deydi Takudja Tapfuma.
“Hech qachon Texasga kelaman deb o’ylamagan edim”, - deydi rossiyalik Zaytseva.
Xyuston shahri, Texas shtati, umuman, Amerika universitetlariga keladiganlar oldindan tushunchaga ega bo’lishadi. Ba’zilari esa talabalar tavsiyasi bilan ham keladi.
“Qoshma Shtatlarga kelib tahsil olishni istagan har bir insonga, harakat qiling deyman. Universitetlarda xalqaro talabalar uchun alohida bo’lim borligi katta yordam. Ular shu yerda o’qishingizni, xalqaro talabalar ko’payishini, hatto amerikalik talabalarning o’zi ham siz bilan tanishishni, aloqada bo’lishni istaydi. Bu ajoyib-ku”, - deydi kolumbiyalik talaba Lopez.
Facebook Forum