Eron Vashingtonni yangi sanksiyalar haqida ogohlantirdi

  • Amerika Ovozi

AQSh Eronga nisbatan yangi sanksiyalar joriy etsa, Yaqin Sharqdagi harbiy bazalari raketa hujumiga uchrashi ehtimoldan xoli emas. Eron Inqilobiy gvardiyasi rahbari Muhammad Ali Ja'fariy shunday ogohlantirish bilan chiqdi.

Islomiy respublika 2015-yilda yirik davlatlar bilan kelishuv imzolagan edi. Unga muvofiq Eron yadroviy dasturini cheklash evaziga ayrim sanksiyalardan qutulgan, chet elda muzlatilgan mablag'larini qaytarib olishga muvaffaq bo'lgan.

Ammo Prezident Donald Tramp fikricha, Eron bitimga amalga qilmayapti. U Kongressdan 60 kun ichida iqtisodiy sanksiyalarni tiklashni so'rashi kutilmoqda.

Agar sanksiyalar qayta joriy etilsa, deydi Ja'fariy, AQSh regiondagi bazalarini ikki ming kilometr radiusdan tashqariga ko'chirishi kerak bo'ladi. U bu bilan Eron raketalari ucha oladigan masofaga ishora qilmoqda.

Muhammad Ali Ja'fariy
Muhammad Ali Ja'fariy

Eron, deydi Ja'fariy, mintaqaviy masalalar yuzasidan Vashington bilan muzokara qilmaydi. "Inqilobiy gvardiya terrorchi tashkilot deb belgilansa, biz ham AQSh harbiylarini terrorchi deb tamg'alaymiz", - deydi u.

Shu hafta Oq uyda harbiylar bilan uchrashgan Tramp Eron yadroviy kelishuv shartlarini bajarmayapti, deya bong urdi.

"Eron rejimi - terrorizm homiysi, Yaqin Sharq bo'ylab zo'ravonlikni targ'ib qiladi. Uning agressiyasi va yadroviy programmasiga chek qo'yishimiz darkor", - dedi AQSh rahbari.

2016-yilgi saylov kampaniyasi paytida Tramp AQSh kelishuvdan chiqishini aytgan edi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti va bitimni imzolagan yana besh davlat Tehron bilan qayta muzokara qilmoqchi emas. Eron majburiyatlarini bajarib kelmoqda, deydi ular.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG