Breaking News

Eronda xitoylik-amerikalik tadqiqotchi 10 yilga qamaldi


Xiyue Vang, nufuzli Prinston universiteti tadqiqotchisi
Xiyue Vang, nufuzli Prinston universiteti tadqiqotchisi

Eron sudi xitoylik-amerikalik olimni josuslikda aybdor topib, 10 yillik qamoq jazosiga mahkum etdi. AQSh Davlat departamenti qarorni tanqid qilmoqda.

Prinston Universiteti tadqiqotchisi Siu Vang ham AQSh, ham Xitoy fuqaroligiga ega. Bir yil oldin Erondan uchib ketayotganda qo'lga olingan va ayg'oqchilikda ayblangan.

"Eron soxta ayblar bilan xorij fuqarolarini qamashda davom etmoqda. Asossiz ushlangan amerikaliklarni darhol vatanga qaytarishni so'raymiz", - deyiladi Davlat departamentibayonotida.

Prinston Universiteti ma'lumotiga ko'ra, Siu Vang 37 yoshda, Yevrosiyo tarixi bo'yicha doktorlik darajasini olish arafasida. Eron haqidagi maxfiy ma'lumotlarni AQSh Davlat departamenti,Prinston va Garvard oliygohlari hamda Britaniyaning Fors tadqiqotlar institutiga uzatganlikda ayblanib, 2016-yilning avgustida hibsga olingan.

Eron sud organlari veb sahifasida (Mizan Online) Vang 4500 bet hujjatdan nusxa olgani, Britaniyada chop etilgan tahlillarda uning ismi tilga olingani, Tehron va Mashhaddagi arxivlarda u olimlar bilan uchrashgani haqida yozilgan. Bu harakatlar, sud nazarida, tadqiqotchi Eronga yashirin missiya bilan kelganini ko'rsatadi.

Hozirda Amerika fuqaroligiga ega kamida to'rt eronlik qamoqda. Yana biri, kaliforniyalik G'ulomrizo Sahiniy, Eron xavfsizligiga tahdid solganlikda ayblanib, 18 yillik jazo belgilangan. Ammo hukmni apellyatsiya qilib, to'lov evaziga ozodlikda yuribdi.

Amerikaliklarni ozod etish chaqiriqlariga Tehron quloq tutmaydi. Eron turmalarida Britaniya, Avstiya va Fransiya fuqarolari ham bor.

Erondan yana bir xabar - Prezident Hasan Ruhoniyning akasi Husan Faridun moliyaviy qalloblikda ayblanib, ushlangan. Bu yaqinda qayta saylangan prezident va uning siyosiy raqiblari o'rtasida ziddiyat kuchayayotganidan darak.

Indiana Universitetidan Husayn Banay izohicha, Eron adliya tizimidagi radikal ulamolar shu tariqa Ruhoniyga bosim o'tkazmoqda.

Husan Faridun, prezidentning yaqin maslahatchisi, Tehron va yirik davlatlar o'rtasida 2015-yilgi yadro muzokaralarida qatnashgan. Ruhoniyning tanqidchilari deydiki, Eron G'arbga bu masalada yon berdi-yu, lekin va'da qilingan iqtisodiy o'sishga erishgani yo'q.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG