Fors ko'rfazida siyosiy inqiroz keskinlashgan

  • Amerika Ovozi

Turkiya kuchlari, Qatar

AQSh Fors ko'rfazidagi hamkorlarini o'zaro nifoqni hal etishga undab, dushmanona harakatlar qilmaslikka chaqirmoqda. Lekin vaziyat tobora qaltis. Saudiya Arabistoni va uning ittifoqchilari Qatarga qarshi keskin pozitsiyada. Ular Dohani terrorizmni va umumiy g'animlarni quvvatlayotganlikda ayblamoqda.

Bahrayn, masalan, Qatarni o'z zaminiga Turkiya harbiy kuchlarini kiritib, arab yerlarini ajnabiylarga ochib berganlikda qoralamoqda.

Eron bilan hamkorlik qilayotgani uchun qarshilikka uchragan Qatar Tehron tomonidan quvvatlanmoqda. Saudiya Arabistoni, Bahrayn, Birlashgan Arab Amirliklari va Misr u bilan aynan shu sabab savdo va boshqa turdagi aloqani uzgan.

Eron rahbari Hasan Ruhoniy deydiki, uning davlati osmoni, yeri va suvlari Qatar uchun ochiq.

Saudiya Arabistoni esa bunday bayonotlar ketidan Qatardan yanada g'azabda.

Eron Prezidenti Hasan Ruhoniy
Eron Prezidenti Hasan Ruhoniy

Saudiya Arabistoni va ittifoqchilar Qatardan Eron va "Musulmon Birodarlar" bilan hamkorlikni uzishni talab qilmoqda. Yana bir talab - "Al-Jazira" xalqaro telekanalini yopish.

13 banddan iborat talabnoma Qatarga vositachi Quvayt tomonidan topshirilgan. Turkiya qo'shinlari Qatardan chiqib ketishi shart, deyiladi unda.

Bu davlatlar Qatarga 10 kun ichida ularning shartini bajo etishni talab qilmoqda. Moliyaviy da'volar ham bor.

Qatar esa blokada to'xtamas ekan, shartlarga quloq tutmoqchi emas. Hozirda amirlik bilan savdo va qatnov to'xtab qolgan.

Qatar mustaqil, suveren mamlakat va o'z manfaatlaridan kelib chiqqan holda ish ko'radi, deydi amirlik rasmiylari.

AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson nazarida talablar haddan oshib ketmasligi kerak, biroq qo'shnilarning Qatarga ishonchni tiklashi uchun bu davlat dadil qadamlar tashlashi, o'zgarishlar qilishi kerak.

Qatar Saudiya Arabistoni, Misr, Birlashgan Arab Amirliklari va Bahrayn fuqarolariga o'zidan doimiy joy berishi kerak. Eron singari dushman mamlakatdan kelganlarni va terrorga aralashgan guruhlarning a'zolarini esa haydashi kerak.

Qatar terror tashkilotlarga har qanday bevosita va bilvosita yordamni to'xtatishi shart, deyiladi talabnomada. Terrorga qarshi kurashda qo'shnilar bilan yaqindan ishlay boshlashi kerak.

Qatarga ko'ra esa u biror terror tizimini himoya qilmayapti yoki unga ko'maklashmayapti. Biroq Hamas va Tolibon singari harakatlarning a'zolariga boshpana bergani fakt. Amirlik buni tan oladi.

Al-Qoida va "Islomiy davlat" singari terror to'dalari, shuningdek, Hizbulloh va al-Nusra Fronti ham Qatardan madad olayotganlikda gumon qilinadi. Amirlik ular bilan aloqasi yo'qligini isbotlashi kerak.

"Qatar bilan kelishmovchilik harbiy emas, diplomatik", - deydi amirlik Tashqi ishlar vaziri Shayx Xolid bin Ahmad al-Xalifa.

Turkiyadan o'tgan kunlar ichida 120 yuk samolyoti Dohaga qo'ngan. Ularda harbiy vositalar emas, iqtisodiyot uchun zarur mahsulotlar kelmoqda, deya bildiradi hukumat.

Turkiya harbiy samolyoti, Doha
Turkiya harbiy samolyoti, Doha

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG