Breaking News

Iroq hali uzoq vaqt zaifligicha qoladi, deydi mutaxassislar


Armiya yaxshi qurollanmagan
Armiya yaxshi qurollanmagan

Salkam to’qqiz yillik urushdan so’ng AQSh qo’shinlari Iroqni tark etdi. Ammo al-Qoida kabi jangari guruhlarga qarshi to’liq g’alabaga erishilmadi. Xurujlar har hafta mamlakatda oddiy fuqaroni nobud qilmoqda. Iroq hukumati ularga qarshi o’z kuchi bilan kurasha oladimi?

Prezident Obama qo’shinlarni Iroqdan chiqarib, saylov paytida bergan va’dasini bajardi. Ba’zilar uning bu qarorini tanqid qilib, vazifani bajarmay Iroqni tark etdik, deydi. Rasmiy Bag’dod ham qo’shinlar qolishini istagan edi, biroq ularning daxlsizligini kafolatlashdan bosh tortdi.

O’z xavfsizlik kuchlari esa osoyishtalikni ta’minlashga ojizlik qilmoqda. Xurujlardan tashqari siyosiy ahvol ham og’ir. Sunniy va shia siyosatchilar til topisha olmayapti.

AQSh Mudofaa vaziri Leon Panetta hammasi yaxshi bo’ladi, deya umid qilmoqda. Sobiq mudofaa vaziri Uilyam Koen uning gaplariga qo’shilmaydi.

“Iroq hozir zaif. Tashqi kuchlardan ham, ichki tahdidlardan ham o’zini himoya qila olmaydi. Havo mudofaa tizimi yo’q. Harbiy-havo kuchlari oyoqqa turmagan. Armiya yaxshi qurollanmagan. Kontrrazvedkasi bo’sh. Muammolari ko’p”, - deydi Koen.

To'qqiz yillik urushdan keyin Amerika zobitlari Iroqni tark etdi
To'qqiz yillik urushdan keyin Amerika zobitlari Iroqni tark etdi

Sobiq vazirning o’ylashicha, AQSh qo’shinlarining bir qismi mintaqada qoladi.

“Ular hududdagi boshqa mamlakatlarga ko’chiriladi, ammo baribir Iroqning o’zida bo’lishiga yetmaydi. Boshlariga kulfat tushganda zudlik bilan yetib kelish uchun”, - deydi Uilyam Koen.

Bir vaqtlar AQSh prezidentiga davlat xavfsizligi bo'yicha maslahat bergan general Brent Skoukroftning aytishicha, askarlar Iroqda yana bir oz qolishi kerak edi.

“Iroq hali ham oyoqqa turmoqda. Davlat boshqaruvini yo’lga qo’yishga harakat qilyapti. Bu ishlarni AQSh borligida qilgan osonroq bo’lardi. Maslahat bilan yordam berardik. O’sha yerda bo’lsak, bizga quloq solishardi. Ammo endi ularni o’z holiga tashlab, vazifa qiyinlashadigan bo’ldi”, - deydi Skoukroft.

General Iroq hukumati oldidagi muammolarni sanab o’tadi.

Xurujlardan tashqari siyosiy ahvol beqaror
Xurujlardan tashqari siyosiy ahvol beqaror

“Neftdan tushgan daromadni taqsimlash, federal tizimni qo’llash, hokimiyatni kelishib boshqarish – mana shularga kelganda Iroq rahbarlari muammo bilan yuzlashadi deb o’layman”, - deydi Skoukroft.

AQShning BMTdagi sobiq elchisi Jon Bolton ham Iroq tahdid ostida, deydi.
“Eron unga ta’sirini o’tkazib, o’ziga bo’ysundirishga harakat qiladi. Al-Qoidaning ham Iroqqa qaytib borish ehtimoli yuqori”, - deydi Bolton.

Uning nazarida AQSh Iroqdan askarlarini chiqarib, Fors ko’rfazidagi arab davlatlarini tashvishlantirib qo’ydi.

“Eronga qo’shni bu davlatlar xavfli hududda joylashgan. Amerika ketayotganini ko’rib, endi nima bo’ladi deya bezovta”, - deydi Bolton.

Tahlilchilar nazarida Eron atom dasturi mintaqa davlatlari ko’ngliga g’ulg’ula solgan. Beqaror Iroqni ham hisobga oladigan bo’lsak, region hali uzoq vaqt qaltis ahvolda bo’lishi aytilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG