Breaking News

Karimov xotira kunlarida uning avlodi qayerda?


Prezident Shavkat Mirziyoyev O'zbekistonning undan oldingi rahbari Islom Karimov qabri oldida, Samarqand
Prezident Shavkat Mirziyoyev O'zbekistonning undan oldingi rahbari Islom Karimov qabri oldida, Samarqand

Islom Karimovning nevarasi, 25 yoshli Islom Karimov Britaniyadan siyosiy boshpana so'ragan. Marhum prezidentning kenja qizi Lola Karimova esa otasining 80 yillik yubileyida bevosita ishtirok etolmayotganidan taassuf bildirmoqda. Marhum prezident Karimov oilasiga doir bu xabarlar O'zbekistonda uni xotirlab, katta tantanalar o'tayotgan bir paytda kuzatilmoqda. Yubiley munosabati bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqandda Karimov qabrini ziyorat qilib, marhum prezident xotirasiga tiklangan maqbara ochilishi marosimida qatnashgan.

Karimovdan keyingi hayot: farzand va nabiralar qay ahvolda?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:03 0:00

Samarqand
Samarqand

30-yanvar kuni Shavkat Mirziyoyev va sobiq prezident bevasi Tatyana Karimova Islom Karimov rahbarlik faoliyatini boshlagan Qashqadaryo viloyatida uning xotirasiga tiklangan yodgorlikni ochib bergan. Mirziyoyev marhumning mustaqil O'zbekiston tarixida ulkan o'rin tutgan va o'chmas iz qoldirgan, deya gapirgan.

Shu kuni Mirziyoyev Samarqandda Karimov qabrini ziyorat qilgan, u dafn qilingan qabristonda marhum xotirasiga qurilgan majmuani ochib bergan.

Tatyana Karimova bugun O'zbekistonda Karimov xotirasi uchun o'tkazilayotgan tadbirlarda marhum prezident oilasini tamsil etayotgan yagona vakil.

Islom Karimovning katta qizi yirik miqdordagi moliyaviy jinoyatda ayblangan Gulnora Karimova hibsda. Diplomatik vakolatlarini topshirgan kichik qizi Lola Karimova yuzaga kelgan vaziyat tufayli otasining yubileyini mamlakatdan tashqarida xotirlashga majbur ekanini bildirmoqda.

Marhumning sevimli nevaralaridan biri kichik Islom Karimov esa so'nggi ma'lumotlarga ko'ra, Britaniyadan siyosiy boshpana so'ragan. BBC O'zbek xizmati kichik Karimovni siyosiy boshpana so'rashga majbur etgan sabab uning onasi Gulnora Karimova bilan bog'liq vaziyat bo`lishi mumkinligi haqida xabar bermoqda.

Islom Karimov maqbarasi, Samarqand
Islom Karimov maqbarasi, Samarqand

Kichik islom Karimovning Britaniyadan boshpana so`rashi, bu yangilikning Islom Karimov yubileyi o`tkazilayotgan kunlarga to'g'ri kelishi O'zbekiston jamoatchiligida qizg'in munozaralar bilan kutib olingan.

Gulnora Karimovaning o'g'li ancha yillardan buyon, O'zbekistonda onasiga nisbatan boshlangan tergov surishtiruvlar davridan, Britaniyada yashab keladi. Uning siyosiy boshpana so'rashi onasi taqdiri bilan bog'liq.

Londondagi Markaziy Osiyo instituti tadqiqotchisi Alisher Ilhomov deydiki, Gulnora Karimova AQSh qora ro'yxatiga kiritilishidan so`ng Londonda onasi mablag'lari hisobiga yashayotgan kichik Islom Karimov siyosiy boshpana olishga qaror qilgan ko'rinadi.

"Gulnora Karimovaning barcha boyliklari jinoiy yo'l bilan topilgan deb hisoblanilyapti. U AQShning Magnitskiy ro'yxatiga ham kiritildi. O'zbekiston tomoni ham uning mablag'lari jinoiy yo'l bilan topilgan degan fikrda. Gulnoraga tegishli barcha mablag'lar musodara qilinishi lozimligi shubhasiz. Shunday vaziyatda albatta kichik Islom Karimov Londonda qanday mablag'lar evaziga yashayapti degan savol o'rtaga chiqadi. Shuning uchun ham u siyosiy boshpana so'rashga qaror qilgan bo'lishi mumkin. Men O'zbekistonda uning hayoti tahdid ostida demagan bo'lar edim", - deydi Alisher Ilhomov.

Karimovning katta qizi Gulnora Karimova otasi tirikligi paytida uyushgan jinoiy guruh tuzishda, yirik moliyaviy jinoyatlarda aybdor deb topilgan va O'zbekistonda uy qamog'iga hukm qilingan edi. Keyinchalik O'zbekiston prokuraturasi Gulnora Karimova ustidan yana bir jinoiy ish qo'zg'adi. Unga tegishli mol-mulk va mablag'lar musodara qilinishini ma'lum qildi. Ammo bu ro'yxatda Londonda Gulnora Karimovaga tegishli biror mol-mulklar borligi ko'rsatilmagan.

Islom Karimov nabiralaridan biri bilan (arxiv)
Islom Karimov nabiralaridan biri bilan (arxiv)

Lola Karimova ayni paytda otasi nomidagi Islom Karimov jamg'armasini yuritadi. U va uning eri Temur Tillayevga tegishli ko'rilgan "Abu Saxiy" kompaniyasi atrofidagi surishtiruvlar, kompaniya o'z egalarini o'zgartirgani haqida ma'lumotlar marhum prezidentning kenja qizi ham huquq tartibot idoralari gumonidan xoli emasligi haqidagi gaplarni yuzaga chiqargani.

"Shavkat Mirziyoyevni o'zi "Abu Saxiy"dan davlatga tushayotgan soliq miqdori bir necha bor ko'payganini aytdi. O'ylashimcha, bu shunchaki aytilgan gap emas. Agar bu ish yuzasidan soliqdan qochishga oid biror surishtiruv o'tkaziladigan bo`lsa, butun oila a'zolari tergovga tortilishi mumkinligi ehtimoldan soqit qilinmaydi ", - deydi Alisher Ilhomov.

79 yoshida vafot etgan Karimovdan ikki qiz qoldi. Katta qizi Gulnora Karimova ayni paytda jinoiy javobgarlikka tortilgan, kenja qizi Lola Karimova esa diplomatlik vakolatini topshirib, o'zini otasining xotirasini abadiylashtirish ishlariga urgan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG