Breaking News

Karzay: Afg'onistonni AQShdan tozalaymiz


Karzay tarafdorlari, Zabul viloyati
Karzay tarafdorlari, Zabul viloyati

Amerika Qo’shma Shtatlarining Nangarhor viloyati Achin tumanida “Islomiy davlat” to’dasiga qarshi bomba hujumi ayrim siyosatchilar tomonidan tanqid qilinmoqda. Afg'on armiyasining bildirishicha, faqat jangarilar o'lgan. Qariyb 94 kishi halok bo'lgan. Hukumat bilan kelishib ish qilingan.

Sobiq prezident Hamid Karzay fikricha, AQSh Afg’onistondan yirik bombalarni sinab ko’rish uchun maydon sifatida foydalanmoqda. U hukumat rahbarlarini xalqqa xiyonat qilganlikda ayblamoqda.

“Hukumat ushbu hujumni quvvatlab xato qildi. Hukumat milliy xiyonat qilgan bo’ldi. Bir afg’on sifatida ushbu hukumatni o’zim, milliy manfaatimiz, Afg’oniston hududi yaxlitligi namoyandasi deb hisoblay olmayman”,- deydi Karzay.

Karzay Amerikani Afg’onistondan haydab chiqarishga bel bog’lagan.

“Nodonlik yoki g’ayratsizlik yuzasidan Amerikani himoya qilayotganlarga aytaman, bilsinlarki, afg’on xalqi xiyonatkorlarni kechirmaydi. Bu mamlakatni Amerikadan tozalaymiz”,- deydi sobiq prezident Karzay.

Sobiq jihodiy qo’mondonlardan biri Muhammad Ismoilxon deydiki, Amerika hujumi Afg’oniston hududiy yaxlitligiga putur yetkazgan.

“Bu kelajakda yuz berishi mumkin bo’lgan qaqshatqich janglar boshlanishi uchun zamin yaratishi mumkin”,- deydi u.

Lekin ayrim qonunchilar nazarida Karzay xalq orasida ittifoqsizlik, tarqoqlik urug'ini sochmoqda.

“Biz ittifoqchimiz Amerikadan har bir dushmanimiz ustiga shunday bombalardan bittasini tashlashni so’raymiz”,- deydi deputat Fathullah Qaysoriy.

Prezident saroyiga ko'ra, so’z erkinligi bor joyda har kim o’z shaxsiy fikrini aytishga haqli. Ammo Bosh vazir Abdulla Abdulla tanqidchilarga chuqurroq o’ylashni tavsiya qiladi.

“Afg’oniston hukumatiga xavf solayotgan guruhlar nishonga olinsa ham, afg’on hukumati bosim ostiga qoladi. Lekin isyonchilarni yo’q qilishdan, ularning markazlarini nobud qilishdan boshqa nima yo’limiz bor?”,- deydi Abdulla.

Nangarhor viloyati Achin tumani aholisi, umuman olganda, AQSh amaliyotidan rozi. Hujumni toliblar, Haqqoniy guruhi va Afg’onistonning Pokistondagi elchisi Umar Zoxilvol qoralab chiqdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG