Breaking News

Kushner: Falastinliklar o'zini boshqarishga hali tayyor emas


G'azo sektori

Oq uy maslahatchisi Jared Kushner deydiki, falastinliklar o'z taqdirini o'zi belgilay olishi kerak, ammo u davlatchilik haqida og'iz ochmadi va falastinliklar o'zini boshqara olishiga shubha bildirdi.

Kushner Prezident Trampning kuyovi bo'lib, Yaqin Sharq tinchlik rejasini tuzish ustida ishlab kelmoqda. Falastinliklar Isroil harbiylari va hukumatidan ozod bo'lishi mumkinmi degan savolga, ular tegishli davlat tuzilishiga, xavfsizlikni ta'minlash mexanizmlariga ega emas, deb javob berdi u.

Tramp "asr kelishuvi" deb ta'riflagan tinchlik jarayonini Falastin rahbarlari boykot qilmoqda. Jared Kushner maxfiy reja ustida ikki yildan beri ishlaydi. Falastinliklar va ayrim arab davlatlari nazarida AQShdan xolis bo'lishni kutmaslik kerak, bu Isroilga yon bosadigan reja boladi.

Kushner televizion intervyusida ikki mustaqil davlat yonma-yon yashashi kerak degan gaplarni gapirmadi. Ammo o'nlab yildan buyon AQShdan pozitsiyasi shu bo'lgan.

"Ammo ular o'z taqdirini belgilay olishi kerak. Tafsilotlarni reja e'lon qilinganida bilib olasiz", - deydi rasmiy.

Tashabbusning iqtisodiy jihatlari iyun oxirida Baxraynda o'tadigan sarmoya anjumanida muhokama qilinadi. AQSh moliyalayotgan bu konferensiyaga falastinliklar qatnashmasligini bildirgan.

Isroil-Falasin mojarosi negizida yotgan siyosiy muammolarga yechimlarni Tramp ma'muriyati qachon e'lon qilishi noma'lum. Ammo ekspertlar ulardan biror natija bo'lishiga ishonmaydi.

Isroilda Bosh vazir Benyamin Netanyaxu yangi hukumat tuza olmagach, yangi saylov sentabrga belgilandi. Bu ham Tramp ma'muriyati rejasini kechiktirishi mumkin.

Falastinliklar Isroil aralashuvisiz o'zini boshqara oladimi degan savolga Kushner shunday javob berdi: "Yaxshi savol. Umid shuki, bir kun kelib ular o'zini boshqarishga qodir bo'ladi".

Falastin hududlari sarmoya jalb qilmoqchi bo'lsa, deydi u, adliya tizimi adolatli bo'lishi, so'z erkinligi va barcha dinlarga nibstan bag'rikenglik ta'minlanishi lozim.

Falastinliklar Kushnerga ishonadimi?

"Ishim ularning ishonchini qozonish emas. Reja ularni yaxshiroq hayotga yetaklaydimi, yo'qmi, ular shunga qarab baho beradi", - deydi Kushner.

Falastin rahbariyati Tramp ma'muriyati bilan 2017-yil oxirida hamkorlikni to'xtatgan. O'shanda AQSh elchixonasini Tel-Avivdan Quddusga ko'chirishga, Quddusni Isroil poytaxti deb tan olishga qaror qilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG