Arab va musulmon dunyosi Trampning qaroridan g'azabda

  • Amerika Ovozi

AQSh Quddusni Isroil poytaxti deb tan olgani arab va musulmon davlatlarida keskin tanqidga uchramoqda. Tramp ma’muriyati bu nozik mavzu bo’yicha o’nlab yillik siyosatni o’zgartirdi, ammo Yaqin Sharqda tinchlikka erishish uchun sa’y-harakatlar davom etishini bildirmoqda. Yangi yondashuv nimadan iborat?

AQSh rahbarining Quddus yuzasidan bayonoti keskin norozilikka sabab bo’ldi. Yevropaga safar qilar ekan, Davlat kotibi Reks Tillersonning aytishicha, Isroil va Falastin tinchlikka erishishi uchun hanuz imkoniyat bor. Amerika ularni yarashtirishga harakat qiladi.

“Prezident Tramp Yaqin Sharq tinchlik jarayonidan voz kechmaydi. Oq uyga kelishi bilan bu masala bo’yicha maslahatchilarini tayinlagan edi. Yangi yondashuvlarni muntazam sinab ko’rayapmiz. Regiondagi hukumatlar bilan ham yaqindan aloqa qilayapmiz”, - deydi bosh diplomat.

Tillerson Prezident Trampning eng yaqin maslahatchisi va kuyovi Jared Kushner bilan kelisha olmayotgani to’g’risida xabarlar bor. Kushner tinchlik rejasini tuzish uchun Yaqin Sharqqa bir necha bor safar qilgan.

Trampning bayonoti oldidan Kushner qaynotasini maqtadi. Uning prezident bo’lishiga ham ko’pchilik ishonmagan edi, bu gal ham shunday bo’ladi, deydi u.

“Prezident bu qarori bilan tomonlarni tinchlikka yaqinlashtiradi. Bundan mamnunmiz. Quddusning Isroil poytaxti sifatida tan olinishi o’rinli va to’g’ri qaror”, - deydi Jared Kushner.

Falastin va arab rasmiylari, qolaversa, o’nlab boshqa hukumatlar zo’ravonlik avj olishini aytib, Vashingtonni Quddus maqomini o’zgartirmaslikka undadi. Arab-Amerika instituti rahbari Jeyms Zogbi:

“Yaraga tuz sepmaslik kerak, oxiri yaxshi bo’lmaydi. Tinchlik jarayoni tugadi, Amerikadan muzokarachi chiqmaydi, demayman. Birinchidan, AQSh o’z obro’yini to’kib bo’ldi, tinchlikdan hech darak yo’q”, - deydi Zogbi.

Kuzatuvchilarga ko’ra, Tramp o’zining konservativ, dindor tarafdorlariga saylov kampaniyasi paytida bergan va’dasini bajardi.

Quddusni Isroil poytaxti deb e’tirof etish qarorini AQSh Kongressidagi ayrim demokrat yetakchilar ham qo’llab-quvvatladi. Amerika qonunchilik palatalarida Isroilning tarafdorlari bisyor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG