Breaking News

Tahlil: Qirg’izistonda yangi hukumat oldida murakkab masalalar


O'sh bozorlarida
O'sh bozorlarida
Qirg’izistonda yangi hukumatni tuzish jarayoni davom etayapti. Korrupsiya, davlat mulkini musodara qilishga doir bahslar ketidan hukmron koalitsiya tarqalib ketdi. Konstitutsiyaga ko’ra, parlament yaqin kunlarda yangi bosh vazirni tanlay olmasa, prezident organni tarqatib erta saylovlar belgilashi mumkin.
Tahlilchi Alisher Yusupov bilan suhbat/Muhiddin Zarif lavhasi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:35 0:00
Yuklab oling

"Amerika Ovozi" o’shlik iqtisodchi Alisher Yusupov bilan ana shu haqda suhbat qildi.
Alisher Yusupov: “Ha, Qirg’izistonning salkam 23 yillik mustaqillik davrida 25 hukumat boshlig’i almashayotir. Bu safargi jarayon siyosiy o’zgarish, deyish mumkin. Parlament va prezidentning hukumatni iste’foga chiqarish qarori vaqt taqozosi bo’ldi. Jantoro Satibaldiyev hukumati bir yildan ziyod faoliyati mobaynida ahcha yaxshi ishlar qilgan bo’lsa-da, ayrim siyosiy guruhlar nazarida salbiy ko’rinishlar ham o’rin oldi. Ayniqsa, Qumtor oltin koni atrofida bahslar tinchimadi. Norozilik chiqishlari davom etdi. Hukumat iste’fosidan maqsad vaziyatni yengillashtirishligi ko’rinib turibdi”, - deydi suhbatdosh.

Amerika ovozi: Shu kunlardagi hukumat almashuviga doir harakatlar, sizning nazaringizda, mamlakat hayotidagi qanday jarayon-tendensiyalardan dalolat beradi?
Alisher Yusupov: Qirg’iziston parlament respublikasi bo’lgach, parlament o’z huquqlarini his qilgan holda ish yuritmoqda. Parlament kuch yig’ayapti. Hozirgi ko’rinishlar eski sistemadan boshqaruvning parlament formasiga o’tish jarayonining bir ifodasi, deyish mumkin. Parlament xalq vakillari, u xalq ovozi ekani doim esda tutilsa, parlament hamda hukumat o’rtasida tig’iz hamkorlik bo’lsa, aholi ham minnatdor bo’ladi. Bu to’g’ri sistema.

Amerika ovozi: Ayrim kuzatuvchilar hukumat tuzish va uni tasdiqlash jarayoni cho’zilib ketsa, bu hol mamlakat iqtisodiy-siyosiy hayotida beqarorlikka sabab bo’lishi, ba’zi tashqi kuchlar va ularning tarafdorlariga o’z ta’sirini o’tkazishga urinish uchun imkon berishi ehtimol, demoqda. Bu tashvishlar naqadar o’rinli?

Alisher Yusupov: Ichki iqtisodiyot va siyosat uchun hukumat tuzish jarayonining cho’zilib ketishining hech qanday ta’siri bo’lmaydi. Chunki eski hukumat yangi hukumat kelguncha faoliyatini davom ettiradi. Mas’ul shaxslar bor. Ayni paytda, Ukrainada ro’y berayotgan jarayonlar, AQSh harbiy bazasining Qirg’izistondan chiqarilishini nazarda tutsak, ayrim tashqi kuchlar vaziyatdan foydalanishga urinib ko’rishi ehtimoldan xoli emas.

Amerika ovozi: Avvallari hukumat almashish jarayoni jamiyatda ancha shov-shuvga sabab bo’lar edi. Har xil siyosiy guruhlar o’rtasida jiddiy kurash yurib, ushbu kurash taftini jamoatchilik ham sezib turardi. Bu gal jarayon oddiy odamlarning e’tiboridan chetda qolayotganday tuyuladi. Odamlar siyosatdan charchadi-mi? Yoki hukumat almashishi oddiy bir holligiga omma o’rganib qoldi-mi?

Alisher Yusupov: Hozirgi hukumat boshlig’i bir kunda almashib qolayotgani yo’q. Iste’fo masalasi anchadan buyon ko’tarilib kelinayotgandi. Omma bundan xabardor. Ko’pchilik bu vaqt talabi, deb qabul qilmoqda.

Amerika ovozi: Amaldan ketayotgan hukumat o’z faoliyati davomida Rossiya bilan qator yirik loyihalar, shartnomalar imzoladi. Vaholanki, avvalgi hukumatlar bu borada sustkashlik ko’rsatgan edi…

Alisher Yusupov: O’ylaymanki, Rossiya bilan hamkorlik, qaysi yo’nalishda bo’lmasin, faol davom etadi. Albatta, bu yangi bosh vazirga ham bog’liq.

Amerika ovozi: Amalda kelajak hukumat yechishi lozim bo’lgan qanday dolzarb masalalarni urg’ular edingiz?

Alisher Yusupov: Tojikiston hamda O’zbekiston bilan chegara masalalari yechilmagani mahalliy aholi o’rtasida tortishuvlar, noxush hollarga sabab bo’lmoqda. Yangu hukumat boshlig’i chegarani aniqlash ishlariga alohida e’tibor qaratishiga to’g’ri keladi. Yana bir dolzarb masala – tashqi sarmoyadorlar hamda mahalliy aholi munosabatlari. Yaqinda yana bir xorijiy kompaniya tazyiq sabab faoliyatini to’xtatayotganini ma’lum qildi. Hukumat sarmoyadorlar haq-huquqlarini ta’minlay olishi, ularni himoya qila olishini ko’rsata bilishi lozim.

Iqtisodiy-ijtimoiy muammolar, pulning tobora qadrsizlanishi aholi orasida salbiy tuyg’ular uyg’otishi ehtimol. Hukumatdan, bosh vazirdan kun tartibidagi masalarni yechish uchun tezkor va samarali choralar ko’rish talab etiladi. Dolzarb masalalarni jamlab aytadigan bo’lsak, amalga keladigan hukumatni yengil hayot kutayotgani yo’q.
XS
SM
MD
LG