Breaking News

“Markaziy Osiyo Barometri”: Qirg’izistonda prezidentlik boshqaruviga qaytishni istaganlar ko’p


"Markaziy Osiyo Barometri" nodavlat tashkiloti Qirgʻizistonda 10-yanvarda oʻtuvchi prezidentlik saylovi va referendum boʻyicha aholi orasida oʻtkazgan soʻrovnomasining ilk natijalarini eʼlon qildi.

Maʼlumotga koʻra, 21-dekabrda eʼlon qilingan mazkur soʻrovnoma telefon qoʻngʻiroqlari orqali 9-17 dekabrda olib borilgan va unga 18 yoshdan katta boʻlgan 1000 respondent ishtirok etgan.

“Markaziy Osiyo Barometri” mintaqaviy mustaqil instituti eʼlon qilgan maʼlumotga koʻra, soʻrovnomada qatnashganlarning 58 foizi bu yil 5-oktabrda yuz bergan hukumat almashuvini toʻliq qoʻllashini, 73 foizi 2021-yilning 10-yanvaridagi saylovda ishtirok etishini bildirgan.

Respondentlarning 73 foizi konstitutsiyani oʻzgartirish boʻyicha referendumga rozi ekanini bildirgan boʻlsa, referendum haqida bexabar ekanini bildirganlar 7 foizni tashkil qilgan.

Shuningdek, soʻrovnoma ishtirokchilarining 80 foizi referendumda prezidentlik boshqaruvini qoʻllab ovoz berishini bildirgan. Parlament boshqaruvi tarafdorlari esa 14 foizni tashkil qilgan.

Xalqaro munosabatlar boʻyicha mutaxassis Aybek Siddiqov soʻrovnoma natijalariga shubha qilmaydi. U hozirgi kunda Qirgʻiziston fuqarolari chindan ham prezidentlik boshqaruviga oʻtib, Sadir Japarovni prezident qilib saylashiga toʻliq ishonishini, ammo bu jamiyat qanchalik siyosiylashgan boʻlmasin, siyosatda savodsiz ekanini koʻrsatadi, deb hisoblashini aytadi.

“Hozir revolyutsiyaning “eyforiyasi” davom etmoqda – el chindan ham konstitutsiya oʻzgarib, yangi prezident, parlament kelsa hayot oʻzgaradi deb ishonadi. Ammo amalda bunday boʻlmay qolishi mumkin. Yangi konstitutsiyaning loyihasi jamoat muhokamasiga qoʻyilgandan keyin tanqidga uchradi. Nima sababdan? Hokimiyatning bari prezidentga oʻtib, u nazoratdan chiqib ketgan (prezident “Xalq qurultoyi”ga hisobot berishini hisobga olmay qoʻysak ham boʻladi). Biz bu ssenariydan bir emas, ikki marotaba oʻtganmiz, uning oqibati achinarli”, - deydi Siddiqov.

“Ayni vaqtda bizda “parlamentarizm” deganda Jogorku Keneshning oltinchi chaqirilishi yodga keladi - hozirgi deputatlarning obroʻsi toʻkilgan. 120 deputat orasida 10-15 nafargina loyiq deputatlarni koʻrdik. Shunga qaramay parlament boshqaruvi Qirgʻiziston uchun toʻgʻri deb oʻylayman. Chunki mamlakatda plyuralizm boʻlsa rivojlanish boʻladi. “Toʻgʻri” deputatlar parlamentga kelishi uchun saylovchilar ovoz sotmay, saylovga faol qatnashishi kerak”, - deydi suhbatdosh.

“Markaziy Osiyoning Barometri” eʼlon qilgan soʻrovnoma natijalariga koʻra, prezidentlik saylovi bugun oʻtsa kimga ovoz berar edingiz degan savolga javob berganlarning 64 foizi Sadir Japarovga, 3 foizi Adaxan Madumarovga, 1 foizi Baktibek Qalmamatovga ovoz berishini, 17 foizi esa kimga ovoz berish boʻyicha bir qarorga kelmaganini bildirgan.

Savollarga javob berganlarning 8 foizi bu savolni javobsiz qoldirgan boʻlsa, nomzodlarning bariga qarshilar 4 foiz, boshqa turli sabablarni aytganlar esa 3 foizni tashkil qilgan.

Sadir Japarov soʻrovnomadagi “Qaysi siyosatchiga ishonch bildirasiz?” degan savolga ham eng koʻp nomi tilga olingan siyosatchi boʻlgan. Soʻrovnomada ishtirok etganlarning 48 foizi unga ovoz bergan. Ishtirokchilarning 30 foizi esa hech kimga ishonmasligini, 11 foizi Qamchibek Tashiyevga, 6 foizi Adaxan Madumarovga, 2 foizi Nurjigit Qadirbekovga ishonishini bildirgan.

Sadir Japarov fenomeni

“Qirgʻizistonning fuqarolari, mamlakatning siyosiy holatini faol yoritib kelgan jurnalistlar uchun ham 3 yildan ortiq qamoqda oʻtirgan Sadir Japarovning qamoqxonadan toʻgʻridan-toʻgʻri prezidentlik lavozimiga chiqishi kutilmagan voqea boʻldi. Ammo bundan ham ajablanarlisi shundaki, koʻpchilik Sadir Japarov haqida deyarli hech narsa bilmas edi”, - deydi siyosiy piar boʻyicha mutaxassis Azim Azimov oʻzining “YouTube” kanalida.

Uning fikriga koʻra, Japarov mashhurligining siri odamlarning “klassik siyosatchilardan” bezigani va u ozodlikka chiqqanda xalq qoʻlloviga ega boʻlgan boshqa real muqobil boʻlmaganidadir.

Shuningdek, Azim Azimov “Ozodlik”ning Qirgʻiz xizmatiga bergan intervyusida Japarovdan boshqa talabgorlar saylovda gʻolib boʻlishiga ishonmayapti deb aytgan.

“Mening fikrimcha, bu saylovda favorit Sadir Japarov boʻlmoqda. Boshqa nomzodlar yengib chiqishiga koʻp ham ishonmagani uchun targʻibot ishlariga koʻp ham mablagʻ sarflamay turibdi. Nomzodlarning aksariyati esa prezidentlik saylovini keyingi parlament sayloviga platforma qatori qoʻllanish uchun dasturlarini aytishmoqda. Shuning uchun targʻibot ishlari qiziqsiz va kuchli tortishuvlarsiz boʻlyapti”, - deydi mutaxassis.

Prezidentlik sayloviga oʻz nomzodini koʻrsatgan, ammo keyinchalik saylovda ishtirok etishdan voz kechgan siyosatchi Tursunboy Bakir oʻgʻli ham targʻibot-tashviqot ishlarida asosan Sadir Japarov faollik koʻrsatayotganini aytadi.

“Bishkekdan Oʻshga kelayotib qarasam, hamma yerda faqatgina Sadir Japarovning bannerlari ilingan ekan. Boshqalarning targʻibot bannerlarini koʻrmadim. Buning ikki sababi boʻlishi mumkin, yo boshqa nomzodlar oʻz kuchiga ishonmagani uchun pul sarflashni istamayapti yoki targʻibot ishlarini internetga koʻchirgan boʻlsalar kerak. Lekin nima boʻlganda ham bu nomzodlarning oʻz istagi. Ular uchun qandaydir toʻsiqlar boʻlyapti deb oʻylamayman. [Askar] Akayev, [Qurmanbek] Bakiyev davrida bizga boʻlgani kabi toʻsqinliklar hozirgi nomzodlarga nisbatan boʻlmayapti”, - deydi siyosatchi.

Markaziy saylov komissiyasi tarqatgan maʼlumotga koʻra, saylov jamgʻarmasidagi eng koʻp mablagʻ Sadir Japarovning saylov jamgʻarmasiga toʻplangan. Japarov mazkur mablagʻ xalqdan kelganini aytadi.

“Nomzodlik fondimda sarflangan pulning bari xalqdan kelmoqda. Pensionerlar nafaqasidan berishmoqda. Mana bu plakatlarni ham xalq oʻzi tayyorlab bermoqda. Men qamoqda oʻtirganda ham pulini, oziq-ovqatini, kiyim-kechagini koʻtarib kelib, meni xalq boqdi. Uch yil mobaynida sizlar boqdingizlar”, - degan nomzod saylovchilar bilan uchrashuvlardan birida.

Siyosatshunos Mars Sariyev ham Sadir Japarov bugungi kunda xalq ichidan chiqqan siyosatchi qatori qabul qilinayotganini va koʻpchilik unga umid bogʻlaganini aytadi.

“Sadir Japarov hozir katta qoʻllovga ega, ayniqsa regionlarda. Faqatgina shaharlardagi fuqaroviy jamiyatdagina unga shubha bor. Shuningdek, ayrim ijtimoiy tarmoqlarning qoʻllanuvchilari, ekspertlarda ham. Aslida uni [Japarovni] qoʻllash bu qonun doirasidagi [koʻrinish]. Mening fikrimcha 30 yil ichida bizning zodagon elita oʻzining obroʻsini yoʻqotib qoʻydi. Sadir Japarov esa fenomen qatori 2005 va 2010-yillari inqilob qilgan oligarx guruhlarning vakili qatori koʻrilmaydi. U xalq ichidan chiqqan degan umid bor. Japarov qamoqda oʻtirgan vaqtda ota-onasi va oʻgʻli vafot etdi. Uning bu yoʻqotishlari ham xalq ichida unga mehrni uygʻotdi.

Shu kabi taʼrif prezidentlik boshqaruvi boʻyicha ham toʻgʻri keladi. Chunki ayniqsa parlamentning oxirgi chaqirilishi Oʻmurbek Tekebayev tuzgan partiyaviy roʻyxat tizimi katta xato boʻldi deb hisoblayman. Xususan parlamentning oxirgi chaqirilishidan xalqning koʻngli qoldi. Qirgʻizistonning oddiy fuqarosi mana shu ikki vaziyatga reaksiya qiladi. Bu xolis haqiqat. Mening fikrimcha, “Markaziy Osiyoning Barometri” eʼlon qilgan tadqiqoti deyarlik xolis manzarani koʻrsatmoqda”, - deydi Sariyev.

Ammo ayrim siyosatchilar va siyosiy tahlilchilar Sadir Japarovning tarafdorlari undan moʻjiza kutayotganini, lekin natijalarni amalda koʻrsatish uchun imkoniyatlar juda kam ekanini aytib keladi.

Shuningdek, siyosiy kuzatuvchilar Japarov xalqaro jamoatchilikda tan olinmagani va Rossiya mediasi uni jinoyat olami bilan aloqasi bor ekani haqida aytib kelayotganini taʼkidlamoqda.

Muddatidan avvalgi saylov va referendum

Qirgʻizistonda muddatidan avvalgi prezidentlik saylovi 2021-yilning 10-yanvarida oʻtadi. Saylovga 18 nafar nomzod qatnashmoqda. Prezidentlik saylovi bilan birga 10-yanvarda referendum ham oʻtib, unda qirgʻizistonliklar parlament yoki prezidentlik boshqaruvi uchun ovoz berishi kerak.

Prezidentlik saylovi 4-oktabrdagi parlament saylovidan keyin boshlangan siyosiy inqiroz sabab muddatidan avval oʻtkazilmoqda.

Oktabr voqeasi

5-oktabrda Bishkekning markaziy koʻchalarida parlament saylovining natijalariga qarshi chiqqanlarning ommaviy norozilik namoyishlari boshlangan.

Norozilik namoyishiga chiqqanlar va kuch ishlatar tizimlar oʻrtasida toʻqnashuvlar yuz berib, yuzlab fuqaro jarohat olib, 19 yoshli fuqaro halok boʻlgan.

Namoyishlar oqibatida mamlakatda hokimiyat almashib, qamoqdagi ayrim siyosatchilar, jumladan sobiq parlament deputati Sadir Japarov ozodlikka chiqqan. Qamoqdan chiqqandan soʻng Japarov oʻzini-oʻzi bosh vazir xizmatiga tayinlab, keyinroq oltinchi chaqirilishning deputatlari uni bu xizmatga rasman maʼqullagan.

Shundan keyin namoyishchilar talabi bilan prezident Sooronbay Jeenbekov isteʼfoga chiqib, uning oʻrnini ham Sadir Japarov egallagan.

14-noyabrda Japarov 2021-yilning 10-yanvarida oʻtuvchi prezidentlik saylovida ishtirok etish uchun vakolatlarini oʻtkazib bergan.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG