Breaking News

Kongressmen Moran Pokiston va Afg'oniston rahbariyatidan norozi


Kongressmen Jim Moran
Kongressmen Jim Moran
Kongressmen Jim Moran kelasi oy Pokiston va Afg’onistonga safar qiladi. Kobulda AQSh qonunchisi prezident Hamid Karzay bilan uchrashib, haligacha imzolanmagan xavfsizlik bitimi xususida gaplashadi.

Jim Moran Kongressda Virjiniya shtatidan vakil bo’lib, 1991-yildan beri bir necha bor saylangan. Demokratik partiya a’zosi. 2002-yilda sobiq prezident Jorj Bush Kongressdan Iroq urushiga ruxsat so’raganida Jim Moran rezolyutsiyaga qarshi ovoz bergan. AQShdagi neokonservativ kuchlar manfaatlariga xizmat qilishni istamadim, deydi “Amerika Ovozi” bilan suhbatda qonunchi.

"Bilasizmi, Iroqda urush boshlanganidan olti oy o’tgach, Bush harbiy amaliyot qanday ketayotganini muhokama qilish uchun iroqlik amerikaliklar bilan uchrashdi. Ular shia va sunniylar o’rtasidagi mojaro haqida og’iz ochganida, Bush “shialar kim, sunniylar kim, ularning Iroq mojarosiga qanday aloqasi bor” degan ahmoqona savolni o’rtaga tashladi", - deya eslaydi Moran.

Uning aytishicha, Amerikaga tahdid solmagan Saddam Husaynning qulashi bilan Iroqda shialar hokimiyatga kelib, bu mazhabdagi Eron kuchaydi.

"AQSh tashqi siyosatini ichki siyosat belgilaydi. Shuning uchun Amerika xalqi Afg’onistondagi harbiy harakatlarimizni qo’llab-quvvatlagunga qadar u yerdan ketmaymiz. Agar prezident Obama bu ishning AQSh uchun ahamiyatini tushuntirmasa, jamoatchilik urushni qo’llab-quvvatlamay qo’yadi va askarlarni u yerdan olib chiqishga majbur bo’lamiz", - deydi kongressmen.

Jim Moranning aytishicha, amerikaliklar nazarida Afg’onistonda milliardlab dollar behuda, maqsadsiz sarflanmoqda. Unga qo’shni Pokistonga ham ko’p pul beriladi, ammo ular bizni yoqtirmaydi – aholining 94 foizi Amerikaga salbiy qaraydi, nega ularga pul berishimiz kerak, deya yelka qisadi kongressmen.

"Afg’onistonda ham shu ahvol. Ularga yordam bersak, bizni tanqid qilishsa. Prezident Hamid Karzay saylov kampaniyasini Obamani tanqid qilishdan boshlagani esimda. Nega ularga pul beryapmiz? Axir bu pulning katta qismi Karzay va uning hamtovoqlari hamyonida qolishi, Dubayga o’tkazilishi aniqku", - deydi Moran.

Qonunchining aytishicha, agar Karzay xavfsizlik bitimini imzolashdan bosh tortsa, Afg’onistondagi urush uchun Kongress tomonidan ajratilgan 85 milliard dollar unga berilmaydi. Shunda Afg’oniston yana beqarorlikka yuz tutib, qo’shni Pokistonga ham oson bo’lmaydi, deydi Moran.

Kongressmen Pokiston va Afg’onistonda qonunchilarning ham, matbuotning ham Amerikaga nisbatan g’arazi borligini aytadi. Bu mamlakatlar biz bilan hamkorlik qilishi zarurligini tushunishi lozim, deydi Jim Moran.

"Karzay Amerika rahbari bo’lganida Afg’onistonga yuz milliardlab dollar bergan bo’larmidi? Afg’on urushi AQShga bir trillion dollarga tushdi. Na rahmat aytdi bizga, na yordamimizning qadriga bordi. Shuncha pul berib, evaziga hech narsa so’ramadik. Faqat ta’lim tizimini yaxshilashni, ayollar huquqlarini himoya qilishni, saylovlarni halol o’tkazishni, politsiya faoliyatini takomillashtirishni, pulning bir qismini muhtojlarga berishni, korrupsiyaga qarshi kurashishni so’radik. Ammo bularning barchasidan avvalambor Afg’onistonning o’zi foyda ko’radiku", - deydi kuyinib kongressmen Moran.

Unga ko’ra, hech qaysi mamlakat Afg’onistonga Amerikachalik yordam bera olmaydi. Berganda ham evaziga ko’p narsa so’raydi. Shuning uchun Karzay xavfsizlik bitimi bobida tezroq bir qarorga kelsin, aks holda kech bo’lib, Amerika qo’shinlarini olib chiqishga majbur bo’ladi, deydi demokrat kongressmen Jim Moran “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG