Hujjatli film: Trampni Oq uyga olib kelgan saylov

  • Amerika Ovozi

Amerikaliklar o’tgan yilgi prezidentlik saylovida nimaga qarab ovoz bergan? Qanday omillar Donald Trampni Oq uyga olib keldi? “8-noyabr, 2016-yil” deb nomlangan hujjatli film aynan o’sha kun fuqarolar bilan suhbatlarga asoslangan. Mamlakatda siyosiy va madaniy bo’linish yaqqol ko’zga tashlanadi.

Suhbatdoshlar turli kasb egalari - liberal talaba, konservativ ko’mirchi.

Film prodyuseri Jeff Doychman 2016-yili 8-noaybrda saylovchilar kayfiyatini tasvirga tushirgan. 25 dan ortiq shtatda bo’lib, shaharma-shahar yurib, 50 fuqaro bilan gaplashgan. 16 nafarini filmda ko’rasiz.

“Geografik, demografik va mafkuraviy jihatdan xilma-xil odamlar bilan suhbatlashishga harakat qildik”, - deydi Doychman.

Saylovchilar, jumladan, Nyu-Yorkda Hillari Klintonga ovoz bergan sikx taksichi. Alabamada jinoyatda ayblanib, oqlangan va ovoz berish huquqini qayta qo’lga kiritgan kishi. Floridada Donald Trampga ovoz bergan sobiq harbiy. AQShda katta bo’lgan hujjatsiz muhojir. Har birining o’z qissasi, Klinton yoki Trampni tanlaganining o’z sabablari bor.

Qizig’i, Hillari Klinton g’alaba qilishi haqidagi prognozlarga deyarli hamma ishongan.

Jeff Doychman deydiki, jamiyatdagi chuqur madaniy tafovutlar axborot vositalari nazaridan chetda qolgan.

“Amerikada hamma o’z qobig’iga o’ralib olgan. Buni ochiq aytish kerak. Bizga fikrdosh, o’zimizga o’xshagan odamlar atrofida yuramiz, ishlaymiz. Ijtimoiy tarmoqlarda ham, hayotda ham ular bilan do’stlashamiz. Bepoyon bir mamlakatda yashayotganimiz xayoldan ko’tariladi ba’zida. Saylovlarda, qarorlar qabul qilayotganda bularni yodda tutish lozim”, - deydi film muallifi.

Hujjatli film hech bir tomonga yon bosmaydi. 16 amerikalik prezidentlikka kimnitanlagan bo’lmasin, o’z sharoitidan kelib chiqib, sizga qarorini tushuntirib beradi. Shulardan biri Tom, Massachussets shtatida tadbirkor.

“Iqtisod yaxshilansa, qo’shimcha ishchi yollagan bo’lardim. Mijozlarim ko’payardi. Oilam bilan ko’proq vaqt o’tkazardim”, - deydi u.

Filmda siyosiy reklama va yolg’on xabarlar omma ongiga qanday ta’sir qilishini ham ko’rasiz.

“Hillari saylovda yutsa - u qing’ir yo’l bilan bo’lsa ham yutib chiqadi - hamma uchun soliqlarni oshirishidan qo’rqaman. Hozir shundoq ham tibbiy sug’urta to’lovlaridan qiynalib yashayapmiz. Ahvolimiz voy bo’ladi”, - deydi saylovchilardan biri.

Boshqa tarafdan, Tramp Oq uyga kelsa ozchilikdagi guruhlarning ham xavotirlari ko’rsatilgan.

Saylovdan bir yil o’tib, deydi Doychman, jamiyatdagi bo’linish yanada keskinlashgan. Film amerikaliklarni tolerant bo’lishga, bir-biriga quloq tutishga undaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG