So'rov: Aksar amerikaliklar Trampni nifoqchi deb biladi

  • Amerika Ovozi

O’tgan yilgi saylov kampaniyasida Donald Tramp yurt birdamligini ta’minlaydigan rahbar bo’lishga va’da bergan edi, ammo o’tgan yetti oyda shuning aksini ko’rayapmiz.

Virjiniya shtatining Sharlotsvil shahrida ro’y bergan to’polonlarda Tramp oq tanli ayirmachilarni va ularga qarshi chiqqan odamlarni birdek ayblagani uchun tanqid ostida qoldi.

Prezident o’z chiqishlarida turli qiyofalarda namoyon bo’ladi. Masalan, Nevada shtatida urush faxriylari oldida u birdamlikka urg’u berdi.

“Odamlarni ajratuvchi yaralardan qutulib, umumiy qadriyatlarimizga tayanib birlashaylik”,- dedi Tramp.

Bir kun oldin esa Arizonada tarafdorlari oldida so’zlab, raqiblarini va jurnalistlarni so’kdi.

Sharlotsvil shahridagi qonli namoyishlar haqida noo’rin biror gap aytmadim, deydi AQSh rahbari.

“Mana qarang - oq millatchilar, neo-natsistlar, Ku-Kluks-Klan deysizmi, hammasini tanqid qilganman. Lekin baribir kir qidirishyapti. Oldinroq bayonot bermading deb, meni irqchiga chiqarishdi”, - deydi Tramp.

Prezident Arizonada miting o’tkazayotganini eshitib, u yerda aksil-trampchilar ham to’plandi.

“Oq uyda o’tirgan odamning yurish-turishidan hayratdaman. Ishlari pala-partish”, - deydi bir namoyishchi.

Trampning tarafdorlari esa unga sodiq.

“Ajoyib prezident. Hamma ishi to’g’ri”, - deydi ulardan biri.

Sharlotsvil ketidan yog’ilgan tanqidlar ketidan prezidentning reytingi yanada pastlab ketdi, deydi tarixchi Alan Lixtman.

“O’xshash krisiz bilan yuzlashgan boshqa rahbarlar bilan solishtirganda, Tramp ishni eplolmadi”, - deydi u.

Trampning g’azabnok bo’lib, kerilib gapirishlari uning tarafdorlariga yoqadi.

“O’zini ifodalashi, uslubi jihatdan ko’plab siyosatchilarga o’xshamaydi. Ayrimlar shuning uchun ham Trampga ergashadi. Chunki u siyosatchi degan qolipdan tashqarida, siz kutgan narsani qilmaydi”, - deydi siyosatshunos Xans Noel.

Tramp o’z partiyasi yetakchilari bilan ziddiyatga borishi ham muammo yaratadi.

Tahlilchi Larri Sabato fikricha, respublikachilar tashabbusni o’z qo’liga olishi darkor. "Kongressda ko’pchilik ular, saylovchi ularning ishiga qarab baho beradi. 2018-yilda qayta saylanayotgan Tramp emas”, - deydi Sabato.

So’nggi so’rovda qatnashganlarning 62 foizi Trampni nifoqchi, 31 foizi esa birlashtiruvchi deb bilishini aytgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG