Breaking News

NATO harbiy alyansi tashkil topganiga 72 yil to’ldi


NATOning Bryusseldagi qarorgohi

NATO harbiy alyansi uchun tanish manzara: Rossiya kuchlari 2014-yilda Ukrainadan tortib olingan Qrim yarimorolida harbiy mashg’ulotlar o’tkazmoqda. Ukraina prezidenti deydiki, Rossiya agressiyasini to’xtatish uchun birgina yechim bor: uning davlati NATO a’zosiga aylanishi kerak.

Shu kunlarda NATO 72 yoshini qarshilamoqda. G’arbdagi ittifoqchilar kollektiv mudofaa tamoyili asosida 1949-yilda Vashingtonda tashkilotga asos solgan edi.

Tahlilchi Jonatan Aylga ko’ra, NATO uchun eng katta tahdid bu – Rossiya.

“Rossiya Yevropa mamlakatlarini qo’rqitish uchun nafaqat kuch ishlatishga tayyor, balki boshqa bir davlatning hududini kuch ishlatish orqali allaqachon o’ziga qo’shib olgan. Bu voqeaga 10 yil ham bo’lgani yo’q. Shunday ekan, NATO Yevropa xavfsizligi uchun nihoyatda muhim”, - deydi Ayl.

NATO kengayishda davom etmoqda. Shimoliy Makedoniya 2020-yilning martida unga qo’shildi. Bosniya va Gersegovina a’zolikka nomzod. Ukraina va Gruziya ham qo’shilishni istaydi.

Prezident Jo Bayden AQSh alyansni to’la qo’llab-quvvatlashini ta’kidlamoqda. Undan oldingi prezident Donald Tramp NATOni “eskirgan” tashkilot deb atagani ittifoqchilar orasida vahima uyg’otgan edi.

“Baydenning Oq uyga kelishi bilan shubha-gumonlar barham topdi”, - deydi Ayl.

Ayni paytda Bayden NATO e’tiborini boshqa strategik tahdidlarga ham qaratmoqda, deydi tahlilchi Simona Sor.

“Iqlim o’zgarishi bo’yicha hamkorlik, chunki buning xavfsizlik va mudofaaga ham aloqador jihatlari bor. Rossiya va Xitoyga nisbatan yangi yondashuv. Demokratiyani targ’ib va himoya qilish, dezinformatsiya va buzg’unchlikka qarshi kurash”, - deya sanaydi u.

NATO kun tartibida ko’plab masalalar bor, jumladan Afg’onistonda davom etayotgan zo’ravonlik. Shu bois bu davlatdagi qariyb 20 yillik missiyani tugatish qiyin kechmoqda.

Tashkilot ichida ham ziddiyatlar ko’zga tashlanadi, xususan xarajatlar borasida.

“Yevropa aholisining 90 foizdan ziyodi NATOga a’zo davlatlarda yashaydi, lekin bu davlatlar alyans xarajatlarining atigi 20 foizini qoplaydi”, - deydi NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg.

NATO a’zolari yalpi ichki mahsulotining 2 foizini mudofaa uchun ajratishi belgilangan. AQSh Yevropa davlatlarini 2014-yilgi ushbu kelishuvga amal qilishga chaqirib kelmoqda.

“Prezident Bayden mudofaa byudjeti haqidagi bandni olg’a surganlardan biri edi. U yevropaliklar mudofaa sohasiga sarmoya qilishda davom etishi kerak, degan fikrda”, - deydi Simona Sor.

Bu orada, Turkiya Rossiyadan havo mudofaa tizimlarini sotib olgani chuqur norozilikka sabab bo’ldi.

“Lekin Turkiya blok a’zosi bo’lishdan manfaatdor, undan chiqish haqida o’ylayotgani yo’q”, - deydi Ayl.

Ziddiyatlarga qaramasdan 72 yoshini qarshilagan NATO Yevropa xavfsizligi garovi bo’lib qolmoqda.

Xalqaro hayot - 9-aprel, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:30 0:00

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG