Breaking News

Blinken: AQSh, NATO aloqani mustahkamlab, ishonchni tiklaydi


NATO a'zolari vakillari masofa saqlagan holda suratga tushdi, Bryussel, 24-mart, 2021

Bryusselda ikki kunlik sammitda AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken NATOdagi ittifoqdoshlarni Vashingtonga ishonishga undadi. O'tgan yillarda oraga tushgan sovuqlik o'rnini yaqin hamkorlik egallaydi, deydi Blinken.

Xalqaro hayot – 25-mart, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:53 0:00

To'rt yil oldin o'sha paytdagi prezident Donald Tramp NATO, ya'ni Shimoliy Atlantika ittifoqini keraksiz va o'rinsiz organ deya atagan edi. Blinken deydiki, bunday pozitsiya asossiz va xato edi.

“Bizning yondashuvimiz qat'iy va barqaror: AQSh NATO bilan yaqindan ishlashiga so'z beramiz", - deydi Blinken.

Blinken alyans oldidagi harbiy tahdidlarni sanab o'tdi.

"Pekinning qurolli maqsadlari yil sayin oshib bormoqda. Zamonaviy texnologiya, tobora kengayib borayotgan imkoniyatlar, bugun Xitoyning qo'li ko'p narsaga yetadi. Rossiyada ham shunday. Yangicha qurol-aslaha bu davlatni ham kuchaytirgan va hammamizga, bir qoida asosida tinchlikni ta'minlovchi guruhga, birdek xavf tug'diradi".

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken va NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg, Bryussel, 23-mart, 2021
AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken va NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg, Bryussel, 23-mart, 2021

NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg Blinkenning so'zlarini olqishladi va tahdidlarni tan oldi.

"Rossiya yangi va kuchliroq yadroviy qurollarga ega. Biz Xitoy singari davlatlar bilan ko'proq qurollarni nazorat qiluvchi yangi bitimlarga muhtojmiz", - deydi Stoltenberg.

Xitoy NATO uchun shubhasiz yangi tahdid, deydi tahlilchi Simona Soare.

"NATO bunda Hind-Tinch okeani hududidagi masalalarga emas, ko'proq Xitoyning Yevropadagi ta'sir kuchiga xavotir bilan qaramoqda. Demak, alyans Pekinning to'g'ridan-to'g'ri sarmoyalari, xususan strategik texnologiya va favqulodda muhim infrastrukturaga tikayotgan puliga e'tiborni oshirmoqda".

Blinkenga ko'ra, AQSh Yevropadagi ittifoqdoshlardan NATO byudjeti uchun munosib mablag' ajratishni kutmoqda. Dezinformatsiya, kiber xurujlar, iqlimdagi salbiy o'zgarishlar va pandemiyaga qarshi kurashni kuchaytirish kerak.

AQSh va Turkiya bosh diplomatlari Bryusselda, 23-mart, 2021
AQSh va Turkiya bosh diplomatlari Bryusselda, 23-mart, 2021

Afg'onistondagi qo'shinlar, Tolibon bilan bitimga ko'ra, 1-maygacha chiqishi kerak. Blinken deydiki, bu kelishuv qayta ko'rib chiqilmoqda.

NATOda ichki ziddiyat ham sezilarli darajada. Turkiya AQSh qarshiligiga qaramay Rossiyadan S-400 havo mudofaa tizimlarini sotib olgan.

Amerika Rossiyadan Germaniyaga gaz olib keluvchi "Nord Stream 2" (Shimoliy oqim-2) loyihasiga ham qarshi.

Yevropa Ittifoqi Pekinni qanchalik qoralamasin, Xitoy bilan yangi savdo bitimi imzolash niyatida.

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken NATO qarorgohida, Bryussel, 24-mart, 2021
AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken NATO qarorgohida, Bryussel, 24-mart, 2021

"Bilamiz, har birimiz Xitoy bilan murakkab rishtalarga egamiz va ular alyans manfaatlariga har doim ham mos emas. Biroq biz bu borada birga harakat qilishimiz lozim", - deydi Blinken.

"Bir yoqadan bosh chiqargan holda texnologiya va infrastrukturamizni himoya qilishimiz zarur. Pekinga aldanmaslik kerak".

Yevropa Ittifoqi rahbarlari bilan uchrashuvda Blinken Amerikani blokning eng yaqin va ishongan do'sti deya ta'rifladi. Bu gaplar Yevropa rasmiylariga yoqmoqda, ammo tahlilchilar bu so'zlar amalda yana isbotlanishi lozim deya eslatmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG