Breaking News

O'shda yoshlar uchun mehnat yarmarkasi


Yarmarka O'shdagi dramatik teatr maydonida o'tdi
Yarmarka O'shdagi dramatik teatr maydonida o'tdi

O’sh shahrida yoshlar uchun mehnat yarmarkasi bo’lib o’tdi. Tadbir mahalliy davlat tizimlari tomonidan AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligi (USAID) va Yevrosiyo Jamg’armasi ko’magida tashkil etilgan.

“Bo’sh ish o’rinlari yarmarkasi O’sh-2012” mahalliy milliy dramatik teatr binosida o’tkazildi. Teatr maydonida nafaqat shaharliklar, balki tevarak-atrof tumanlardan kelgan yuzlab yoshlar yig’ildi. Rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, 30 yaqin ish beruvchilar xizmat vakansiyalarini taqdim etdi.

“Turli korxonalar yoshlarga qanday ish taklif qila olishi borasida ma’lumot olayapmiz. Masalan, chevarchilik, kompyuter o’rganish kurslari kabi...”,- deydi o'shlik yoshlardan biri.

“Qirg’izistonda ish topish - dolzarb masala. Ochig’ini aytsam, universitetni bitirgan yoshlar ish topa olmaydi. Aksar korxonalar odamning ish tajribasiga, stajiga qarab ishga oladi. Tajribasi bo’lmagan yoshlar chekkada qolib ketadi”, - deydi ish izlab kelgan yana bir yosh mutaxassis.

O'sh
O'sh
“USAID tomonidan moliyalashtirilgan “Ta’lim uchun kreditlar” dasturi yoshlarga o’quv haqqini to’lsh uchun uncha qimmat bo’lmagan moliyadan foydalanish tizimini tuzishni ko’zda tutadi. Bu o’rinda gap nafaqat bilim olish, balki o’qish uchun olingan kreditni to’lash maqsadida ishga joylashish hususida boryapti”, - deydi Shamil Ibragimov, Yevrosiyo Jamg'armasining Markaziy Osiyo bo'yicha rahbari .

Uning aytishicha, yarmarka ish izlovchilarni mehnat bozori bilan tanishtiradi.

Bishkek shahri va Issiq-Qo’l viloyatida ham bunday tadbirlar o’tkazilgan. Bu yil Janubiy Qirg’izistonning Isfana shahrida ham o’tishi ehtimol.

Yarmarkada yoshlarmaxsus tayyorgarlikdan o’tadi. Masalan, rezyumeni qanday yozish, ish beruvchilarga o’zini qanday taqdim etishni o’rganadi.

O'sh
O'sh
“Bunday tadbirlar albatta kerak. Sababi o’qishni tamomlagan talabalar, yosh mutaxassislar o’ziga ish topish imkoniga ega bo’ladi. Kelajakda Qirg’izistonning iqtisodiyotini yuksaltirishiga o’z hissasini qo’shishadi. Bizda ishga joylashish uchun kuchli qarindosh-urug’ing, tanish-bilishing, puling bo’lishi kerak. Korrupsiya ham yo’q emas. Bilim saviyasi yuqori bo’lgan yuzlab talabalar o’z kasbi bo’yicha ish topolmay sarson bo’lib yurishibdi. Oliygohni tugatgach ular yo o’z qishloqlariga qaytib dehqonchilik bilan shug’ullanishlariga yoki chet o’lkalarda ishlashlariga to’g’ri kelyapdi’, - deydi 22 yoshli talaba Aziz Ormonov.

Yevrosiyo Jamg’armasi Markaziy Osiyoda 1993-yildan buyon faoliyat ko’rsatadi. Fuqaroviy tashabbuslarni va turli ijtimoiy loyihalarni qo’llab-quvvatlash uchun 40 million dollar sarmoya ajratgan.

XS
SM
MD
LG