Breaking News

Markaziy Osiyoning yosh liderlari AQShda savdo va transport haqida so'zladi


Ramsfeld Fondi (Rumsfeld Foundation) har yili Mo’g’uliston, Markaziy Osiyo va Kavkazdan mutaxassislar tanlab, ularni Vashingtonga tajriba almashish uchun taklif qiladi. Bu yilgi stipendiya (Rumsfeld Fellowship) sohiblari - 10 professional.

Ular orasida ikkisi O'zbekistondan. Farrux Irnazarov - Toshkentda Germaniya bilan hamkorlikda ochilgan Markaziy Osiyo Taraqqiyot Instituti rahbari. Qodir Norov - moliyaviy sohada ishlovchi xususiy biznes, Avesta Investment Group, boshlig'i. Afsuski, bu yoshlar "Amerika Ovozi"ga o'z fikrlarini bildirishni istamadi.

Ramsfeld Jamg’armasiga 2007-yilda Amerika sobiq mudofaa vaziri Donald Ramsfeld tomonidan asos solingan. Maqsadi – siyosat va biznesda yosh liderlarni quvvatlash.

Vashingtondagi Jons Xopkins Universitetida o'tgan davra suhbatida qatnashchilar savdo va transport bilan bog'liq muammolar va hamkorlik haqida so'zladi.

Qirg’izistonlik biznes-konsultant Azamat Akeleyev deydiki:

“Qo’shni besh davlat o’rtasida o’zaro havo qatnovi katta emas. Rossiyaga parvozlar undan bir necha karra ko’proq. Mintaqadan Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari va Xitoyga uchish ommalashgan”.

Bu davlatlar sotuvga chiqarayotgan mahsulot, deydi u, asosan neft-gaz, kimyo va qishloq xo’jaligi mahsulotlari.

“Asosiy muammolar siyosat va mavjud qoidalarda. Markaziy Osiyo davlatlari ko’proq sotishga harakat qiladi-yu, shu bilan birga proteksionizmdan qutula olmayapti. Eshiklarini xorij moliga ochib bermayapti. Bojxona, xavfsizlik tizimidagi teshiklar va korrupsiya, poraxo’rlik ham boshog’riq. Erkin savdo ko'plab imkoniyatlar yaratishi mumkinligini anglashmaydi”, - deydi Akeleyev.

O’zbekiston va Tojikiston o’rtasidagi ziddiyat, ayniqsa suv yuzasidan tortishuv haqida gap ketar ekan, aloqalar yil-sayin og’irlashib ketmoqda.

Siz qanday yechimlar bilan chiqqan bo’lar edingiz? - degan savolga tojikistonlik Bahriddin Najmiddinov, paxta savdosi bilan shug’ullanuvchi kompaniya rasmiysi, shunday javob beradi:

"Vatanda fuqarolik urushi boshlanganida 17 yoshda edim. Shundan beri chegaralar yopiq. O’zimga qolsa, bugunoq rahbariyatga borib, orani yaxshilaylik, O’zbekiston bilan aloqalarni mustahkamlaylik deb chiqaman”.

Donald Ramsfeld
Donald Ramsfeld
Mog’ulistonlik polkovnik Munk-Ochir Dorjjugder fikricha chegaradosh davlatlar orasida muammolar bo’lishi tabiiy.

“Menimcha, biz ASEAN, Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasini namuna qilib olishimiz kerak. 10 mamlakat birlasha olgan-ku. Ana shulardan o’rganaylik”, - deydi Mo’g’uliston Milliy Mudofaa Universiteti o'qituvchisi.

Akeleyevning aytishicha, Markaziy Osiyo davlatlari bir-birining bozorlarida ahvol qanday ekanidan bexabar.

“Ular uchun mintaqa emas, balki xorij davlatlari, masalan, Rossiya va Xitoy bilan savdo ustuvor bo’lib qolgan. Bir-biri bilan muloqot uzuq-yuluq”, - deydi u.

Regional va xalqaro ittifoqlar haqida so’z borar ekan, Gruziya va Qirg’iziston Jahon savdo tashkilotiga a’zo davlatlar. Qo’shnilarga bu jabhada fikr berishi mumkin.

Gruziyalik arbob Tamta Kupradze nazarida a’zolik faqat ijobiy imkoniyatlar yaratmoqda.

Qirg’izistonlik Azamat Akeleyev fikricha esa:

“Qirg’iziston Jahon savdo tashkilotiga kirish orqali xorijdagi portlarga yo’l topdi. Katta-katta bozorlarga qadam qo’ydi. Lekin Qirg’iziston joriy yildan boshlab Belarus, Qozog’iston va Rossiya bilan Bojxona Ittifoqiga qo’shilib, o’zini cheklab qo’ygani ham rost. Bugun Qirg’izistonning asosiy savdo hamkorlari Qozog’iston va Rossiya bo’lib qoldi. Mamlakat bu zanjirni kengaytirgani ma’qul”.

Qirg’iziston Boj Ittifoqiga kirgach, Xitoydan kelayotgan va qayta olib sotiladigan mol 70 foizga kamaygan.

Muhimi, deydi Turkmanistondan Bayram Atayev, xom neft savdosi bo’yicha mutaxassis, har qanday yangi loyihalar, xoh transport, xoh savdo sohasida bo’lsin, mahalliy aholi uchun kasbiy imkoniyatlar yaratadi.

“Gaz quvurlarini o’z ko’zim bilan ko’rib, ishlaydigan odamman. Quvurlar yotqizilgan hududlarda murakkab texnika, nasos stansiyalari albatta bo’ladi. Bu esa mintaqada fuqarolar uchun yangi ish o’rinlari degani. Ishonchli ish joylari bor degani. Masalan, Boku-Tbilisi-Jayhun loyihasini oling. Ozarbayjon, Gruziya va Turkiya bundan faqat foyda ko’rdi”, - deydi Atayev.

G’arb mutaxassislari deydiki, regiondagi davlatlar oson, kelishib ishlay oladigan sherikka aylanishi kerak. Chegara, boj, yo’llar, qonunlar kabilar qancha yaxshilansa, chetdan qiziqish ham ortadi.

XS
SM
MD
LG