AQSh Kongressidagi demokrat qonunchilar Rossiya Afg’onistondagi AQSh askarlarini o’ldirish uchun Tolibonga mukofot puli taklif qilgani haqidagi xabarlar yuzasidan rasmiylarni savolga tutmoqda. Prezident Donald Tramp va uning ayrim partiyadoshlariga ko’ra, bu xabarlar tasdiqlanmagan.
Mudofaa vaziri Mark Esper Kapitoliyda qonunchilar savollariga javob berar ekan, Afg’onistondagi amerikalik harbiylarni o’ldirish uchun Rossiya mukofot puli taklif qilayotgani haqidagi ma’lumotlarni ko’rmaganini aytdi.
“Xotiram pand bermayotgan bo’lsa, menga uzatilgan hisobotlarda “mukofot puli” degan so’zlar uchragani yo’q. Agar bu so’zlar ishlatilgan ishonchli ma’lumotlar bo’lsa, e’tiborimga tushgan bo’lardi. Qanday chora ko’rishni muhokama qilgan bo’lardik”, - deydi u.
Mark Esper Rossiya jangarilarga pul to’layotgani haqidagi ma’lumotlar unga yetkazilgani, ammo Mudofaa vazirligi razvedkasi tomonidan tasdiqlanmaganini keyinroq tan oldi.
Davlat kotibi Mayk Pompeo esa Kongressga borishdan bosh tortdi. Undan hukumat bu masala bo’yicha qachon xabardor qilingani va qanday chora ko’rayotganini tushuntirib berish so’ralgan edi.
“Nega Tramp ma’muriyati Rossiyaga hatto tanbeh bermaydi?”, - deb so’ramoqda kongressmen Julian Kastro.
Prezident Tramp bu ma’lumotlarni soxta deya qoralamoqda. Oq uyning bildirishicha, ma’lumotlarning haqqoniyligi tasdiqlanmagani bois ham prezidentga yetkazilmagan. Razvedka bo’yicha mutaxassislar nazarida bunday vaj asossiz.
“Rossiya amerikalik askarlar o’limi uchun mukofot puli to’layotgani 100 foiz aniq bo’lmasa ham, bunday ma’lumot AQSh hukumatining eng yuqori doiralariga, jumladan, prezidentga yetkazilgan bo’lardi”, - deydi AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi sobiq direktori Maykl Morrel.
Qonunchilarga bu mavzu bo’yicha yopiq eshiklar ortida hisobotlar berilgan. Masala nozik bo’lgani uchun ular savollarga ehtiyotkorlik bilan javob bermoqda.
“Qator savollar borki, ularning ba’zilariga aniq javoblar olganmiz. Shaxsan mening fikrim shuki, Rossiya dunyo bo’ylab AQShni obro’sizlantirishga harakat qilmoqda”, - deydi kongressmen Mak Tornberri.
AQShning Afg’onistondagi sobiq qo’mondonining ta’kidlashicha, Trampning Rossiyaga javobi aniq bo’lishi lozim.
“Germaniyadan harbiylarimizni chiqarish rejasi bekor qilinishi kerak, chunki bu Rossiyaning NATOni zaiflashtirish istagi bilan hamohang. Agar askarlarni so’nggi ma’lumotlarga qarasmasdan chiqarsak, Amerika Rossiya tahdidlari oldida zaif deb ko’riladi”, - deydi iste’fodagi general Jon Nikolson.
Ehtimoliy mukofot puli AQSh soldatlari o’limiga olib kelganmi, yo’qmi, ma’lum emas. Tahlilchilar fikricha, nima bo’lgan taqdirda ham Prezident Vladimir Putin AQShning javobini diqqat bilan kuzatmoqda.
“Buni muhokama qilayotganimizning o’zi Rossiyaga nisbatan pozitsiyamiz qayta ko’rib chiqilishi kerakligidan dalolat”, - deydi AQSh mudofaa vaziri sobiq muovini Ayan Brzezinski.
Ammo jiddiy muhokama AQShda keyingi prezident kim bo’lishini belgilovchi saylovgacha kechiktirilgan ko’rinadi.
Facebook Forum