Breaking News

Sanksiyalarga qaramay, 2023-yilda Rossiya iqtisodiyoti o'sdi


2023-yilda Rossiya iqtisodiy o’sish bobida Qo‘shma Shtatlarni ham, Yevropani ham ortda qoldirdi. Jiddiy sanksiyalar domida qolgani, yirik bozorlardan uzilganiga qaramay, mamlakatda 3,6 foizlik o’sish qayd etilgan.

Ammo bu asosan harbiy xarajatlar oshgani bilan bog’liq deb ko’rilmoqda. Ukrainaga keng ko'lamli bosqin ikki yildan beri davom etyapti. Qiyos uchun, 2022-yilda Rossiyada yalpi ichki mahsulot 1,2 foizga qisqargan edi.

Mart oyidagi saylovlarda Vladimir Putin yana nomzod. Uning ta’kidlashicha, Rossiya G'arb bozorlarini muvaffaqiyatli tark etdi, o'zini-o'zi ta'minlashga erishdi va yangi savdo aloqalarini o’rnatayapti.

Urush xarajatlari

Rossiya iqtisodi 2024-yilda ham nisbatan sustroq bo’lsa-da, o'sishda davom etishi kutilmoqda. Xalqaro valyuta jamg'armasi 2,6 foizlik, Rossiya hukumatining o’zi esa 2,3 foizlik o’sish prognozini e’lon qilgan.

"Rossiya hozir yirik fiskal rag’batlantirish davrini boshdan kechirmoqda. O'sish ortidagi asosiy omillardan biri shu", - deydi Xovard Shats, RAND korporatsiyasi iqtisodchisi.

Unga ko'ra, Rossiya hukumati 2023-yilda qariyb 353,8 milliard dollar (32,4 trillion rubl) sarflagan. 2022-yilda bu raqam 31 trillion rubl edi. Ammo bu raqamlar urushdan oldingi xarajatlardan ancha yuqori. 2021-yilda federal byudjet 270 milliard dollarni (24,8 trillion rubl) tashkil etgan.

"Rossiya mudofaa sanoatini rivojlantirmoqda, aholini ish bilan ta’minlayapti. Qurolli kuchlar safiga qo’shilayotganlarga, halok bo'lgan harbiylar oilasiga, yarador bo’lib uyiga qaytayotgan askarlarga pul to’lanyapti", - deydi Shats.

Kreml bu xarajatlarni soliqlarni oshirish, suveren fond va eng muhimi, qarz olish hisobiga moliyalashtirmoqda. Ayni paytda defitsit eng yuqori nuqtada, ya’ni umumiy byudjetning qariyb 10 foiziga teng.

"Rossiya iqtisodiyotining o’sishi qanchalik barqaror? Haqiqiy vaziyatni bilib bo’lmaydi, - deydi Shatz. - Barcha xarajatlarni va inflyatsiya bosimini ko'rib turgan Markaziy bank e’tiroz bildiryapti”.

Moliyaviy rag’batlantirish oqibatlaridan biri shuki, 2023-yilda inflyatsiya 7,4 foizni tashkil etdi, 2022-yilda 11,9 foiz edi. Inflyatsiyani jilovlash uchun Markaziy bank foiz stavkalarini 16 foizga ko’tardi.

13-paket

2022-yildan boshlab AQSh va uning ittifoqchilari Rossiyaning urushga pul sarflash qobiliyatini pasaytirish, rossiyaliklarning Kreml tanlagan yo’lning oqibatlarini ta’tib ko’rishi uchun qator iqtisodiy sanksiyalar joriy etdi.

Rossiyani G'arb bozorlardan uzib qo'yishdan tashqari, bu choralar rus banklarining xalqaro biznes to’lovlarini amalga oshirishini cheklab qo’ydi, neft va gaz savdosiga zarba bo’ldi. G’arb, shuningdek, Rossiya neftiga narx chegarasini belgiladi.

Mutaxassislar boshidan sanksiya rejimi vaqt o'tishi bilan o'z kuchini yo’qotishi aytgan edi, chunki davlatlar ularni chetlab o’tish yo’lini topadi va yangi savdo aloqalarini o'rnatadi. Rossiyaning Yevropa bilan savdosi uzilgan bo’lsa, Xitoy oldi-berdi bilan kuchaydi.

Belgiya Tashqi ishlar vaziri Hadja Lahbibga ko’ra, Yevropa Ittifoqi ayni damda sanksiyalarning 13-paketi ustida ishlamoqda.

“Ishni 24-fevral ramziy sanasiga qadar yakunlaymiz, deb umid qilamiz”, - deydi u, urushning ikki yilligiga ishora qilib.

Rossiyaning aksar aholisi, xususan, katta shaharlarda yashovchilarning kundalik hayotiga sanksiyalar uncha ta'sir ko’rsatmayapti, deydi Mariya Snegovaya, Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi tadqiqotchisi.

Inflyatsiya yuqori, lekin narx-navo o'sishi ma'lum darajada maoshlar oshishi bilan qoplandi. Ishsizlik darajasi hozir tarixan eng past nuqtada.

"Aftidan, katta shaharlarda hayot odatdagidek davom etmoqda. Ba'zi masalalar bor, masalan mamlakat to'g'ri yo'nalishda ketayotgani yo'q, deydi ba’zilar. Ammo radikal o’zgarish yo’q”, - deydi Snegovaya.

"Odamlarning ishi bor. G'arb mahsulotlari Xitoyniki bilan almashdi. Sanksiyalarni chetlab o'tishning yo'llari topilgan. Hech narsadan tanqislik yo’q. Bu hozircha ish beryapti, lekin u nima hisobiga ish beryapti va qancha davom etishini hech kim bilmaydi".

Biroq yirik shaharlardan uzoqlashgan sayin vaziyat boshqacha, dedi Snegovaya, Rossiyaning chekka hududlari aholisi bilan muloqotlariga tayanib.

"Chekka joylarda vaziyat og’irroq. Ba’zi mahsulotlar yetishmaydi. Mahsulotlarning asosiy qismi shaharlarga ketayotgani aniq”, - deydi suhbatdosh.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG