Breaking News

Rossiya neftiga yangi xaridorlar bor, ammo daromad past


Rossiya shu yilning aprel oyida, xususan, kuniga o'rtacha 3,6 million barrel xom neft yetkazib bergan.
Rossiya shu yilning aprel oyida, xususan, kuniga o'rtacha 3,6 million barrel xom neft yetkazib bergan.

G’arb sanksiyalariga qaramasdan, Rossiyaning xom neft eksporti ko’rsatkichlari 2022-yil boshidan beri eng yuqori darajaga chiqdi. Rossiya Yevropadan tashqarida yangi xaridorlarni topgan, ammo daromadiga sezilarli zarba evaziga.

“Bloomberg” agentligi ma'lumotlariga ko’ra, Rossiya aprel oyida kuniga o'rtacha 3,6 million barrel xom neft yetkazib bergan. Bu 2022-yil boshidan beri kuzatilayotgan eng yuqori ko‘rsatkichdir.

Mahsulotning deyarli hammasi Xitoy va Hindistonga yuborilyapti, ozroq qismi Misr va Turkiyaga.

2022-yil Ukrainaga bostirib kirishidan oldin Rossiya Yevropa Ittifoqiga kuniga 1,5 million barrel neft yetkazardi. Ammo G'arb davlatlari bu savdoni qariyb to’xtatgan. Rossiya neftini olayotgan tanho Bolgariya qolgan.

Shveyzariyadagi Sent-Gallen universiteti olimi Stefan Legge:

“Rossiya o’rniga Yevropa Ittifoqi xom neftni Misr va Hindistondan import qilyapti. Oqibatda Rossiya boshqa xaridorlarni topgan. O'z navbatida Yevropa Ittifoqi ham boshqa ta’minotchilarni qidirib topdi”.

Daniya suvlarida Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini qoralab turgan namoyishchilar
Daniya suvlarida Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini qoralab turgan namoyishchilar

Yangi mijozlar topsa-da, Rossiyaning tushumi 70 foizga qisqargan. G‘arb sanksiyalari va Rossiya neftining barreliga 60 dollarlik cheklov narxi daromadga zarba bo’ldi. Kremlga ko’ra, eksportdan daromad o'tgan oy 67 foizga qisqarib, 6,4 milliard dollarni tashkil etgan.

“Rossiya qiynalayotganini raqamlar ko’rsatib turibdi. Yangi xaridorlar topishgan, ammo arzonroq narxga. Ural nefti boshqa markalarga nisbatan chegirma bilan sotilyapti. Yangi mijozlar esa avvalgilari kabi jozibali emas”,- deydi ekspert Legge.

Yangi xaridorlar, shuningdek, ancha olisda. “Reuters” ma’lumotlariga ko’ra, neftni yetkazib berishga endi o’rtacha 16-18 kun ketmoqda. Urushgacha Yevropadagi qo’shnilariga yuborgani kabi to'rt-olti kun emas.

“Albatta, bu neft qiymatiga salbiy ta'sir qiladi, narxlar ko'tariladi, atrof-muhitni ifloslantiradi. Vladimir Putin G’arb bunday bahoni to’lashga rozi bo’lmaydi, deb tavakkal qilgan edi. Oradan bir yildan oshiq vaqt o'tib, G'arb davlatlari bu kabi xarajatlarning bir qismini o'z zimmalariga olishga tayyorligini ko’ryapmiz”, - deydi Legge.

Kozmino terminali, Naxodka porti, Rossiya
Kozmino terminali, Naxodka porti, Rossiya

G‘arb Hindiston kabi ittifoqchilarini rus nefti importini kamaytirishga ko‘ndirmoqchi.

“Albatta, ular suveren davlatlar va o‘z manfaatlari bor. Shunday bo’lsa-da, baribir Rossiya topgan ikkinchi variantni ham murakkablashtirish harakati ketmoqda. Ammo tarixdan va tahlillardan bilamizki, bundan qisman natija bo’ladi”, - deydi tadqiqotchi Legge.

Tahlilchilarga ko'ra, rus neftining bir qismi hamon Yevropa bozorlariga kiryapti. Chunki xom neftni oraliq davlatlarda yoki tranzit paytida dengizda boshqasi bilan aralashtirish qiyin ish emas.

Yuk tashish va kemalarning qanday bayroq ostida suzishi bilan bog’liq murakkabliklar sanksiyalar ijrosini qiyinlashtirmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG