Breaking News

Moskvadagi paradda Markaziy Osiyo rahbarlari ham ishtirok etadi


Rossiya Prezidenti Vladimir Putin kechiktirilgan g’alaba paradini Moskvada, asosan, Markaziy Osiyo liderlari hamrohligida nishonlashi kutilmoqda. 24-iyunga belgilangan parad qatnashchilari orasida O’zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev ham bor.

Bu haqda Kreml so’zlovchisi Dmitriy Peskov ma’lum qildi. Mirziyoyevning Moskva safariga doir ma’lumot rasmiy Toshkent tomonidan hozircha tasdiqlanmadi. Avvalroq safar iyun oyiga rejalashtirilayotgani xabar qilingan edi.

Rossiya hukumati har yili 9-mayda o’tkaziladigan g’alaba paradini koronavirus pandemiyasi bois iyun oyiga qoldirgan edi. Tantana Rossiya hamon koronavirus o’chog’i bo’lib turgan bir paytda o’tishi kutilmoqda.

Rossiya bo’ylab so’nggi bir kuning o’zida 8000 dan oshiq kishida koronavirus aniqlangan. Virusga chalinganlarning umumiy soni 500 ming atrofida.

Shunga qaramasdan Rossiya hukumati karantin choralarini yumshatishga o’tgan. Ishlab chiqarish tiklanayotgani, tashqi chegaralar ham qisman ochilayotgani xabar qilinadi.

G’alaba paradi ortidan rossiyaliklar Vladimir Putinning mamlakat boshqaruvida yana bir necha muddatga qolishiga yo’l ochuvchi konstitutsiyaviy o’zgarishlar uchun ovoz berishadi.

O’zgarishlar tasdiqlangan taqdirda 20 yildirki Rossiyani boshqarib kelayotgan Putinning hozirgacha mavjud prezidentlik muddatlari bekor qilinadi. U yana konstitutsiyaga muvofiq prezidentlik uchun o’z nomzodini surish huquqiga ega bo’ladi.

20 yildirki Markaziy Osiyodagi avtoritar rejimlarni qo’llab kelayotgan Prezident Putin Shavkat Mirziyoyevning hokimiyatga kelishini faol dastakladi, buning ortidan ikki davlat o’rtasidagi munosabatlar shiddatli tarzda rivojlanishga ham ulgurdi.

Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelishi ortidan Moskvaning O’zbekistonga ta’siri sezilarli kuchaydi. Rossiyaning O’zbekistondagi iqtisodiy ishtiroki mamlakat tabiiy resurslari, energetik zaxiralar bilan bog’liq qator strategik sohalar hisobiga kengayib bormoqda.

Yaqindagi ma’lumotga ko’ra, Vazirlar Mahkamasi 2020-yil 23-apreldagi qarori bilan Orol dengizi va unga tutash hududlarda uglevodorod zaxiralarini o’rganish ishlarini Rossiyaga qarashli “Rosgeologiya” kompaniyasiga topshirgan.

Shu maqsadda “Rosgeologiya”ning O’zbekistonda bo’limi tashkil etilgani, “Rosgeo Uzbekistan” qo’shma korxonasiga yaqinda iqtisodiyot va sanoat vaziri lavozimidan iste’foga chiqqan Botir Xo’jayev rahbar etib tayinlangani xabar qilinadi.

“Rosgeologiya” - O’zbekistondagi energetik zaxiralar, tabiiy boyliklar bilan bog’liq sohaga jalb qilingan Rossiyaning navbatdagi kompaniyasi. Bu kompaniya bilan tuzilgan shartnoma tafsilotlari ham jamoatchilikka aniq emas.

O’zbekistonda azaldan ishlab kelayotgan “Gazprom”, “Lukoyl” kabi shirkatlar bilan imzolangan bitimlarning mamlakatga qanchalik manfaatli ekanligi munozaradan xoli emas.

Bu borada Prezident Mirziyoyevning o’zi ham Rossiyani “Gazprom” shirkati bilan tuzilgan shartnoma O’zbekiston manfaatlariga mutlaq javob bermasligini ta’kidlab o’tgan edi.

Shunga qaramasdan O’zbekistonga kirib kelayotgan Rossiyaga qarashli yirik kompaniyalar safi kengayib bormoqda. O’zbekiston “Rosatom” bilan atom stansiya qurilishi bo’yicha bitimga rozi bo’lgan mintaqadagi yagona davlat bo’lib turibdi.

Qiymati bir necha milliard dollarga baholanayotgan bu bitim tafsilotlari ham jamoatchilikka mavhum. Bu loyihaning samaradorligi, O’zbekistonga qanchalik kerakligi yuzasidan shubha va gumonlar hamon tinmagan.

Moskvaning Toshkentga nisbatan siyosiy, iqtisodiy ta’siri kuchayib borayotgani o’zbek jamoatchiligida Moskva bilan aloqalarga nisbatan munosabat bir qadar keskinlashayotgan vaziyatda kuzatiladi.

Yaqindagina Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiysi Mariya Zaxarova O’zbekistonda o’zbek tilida ish yuritilishini ko’pchilik qo’llamasligiga doir bayonoti bilan mamlakat jamoatchiligini junbushga keltirgan edi.

Bu bayonot til, davlatlararo, millatlararo munosabatlarga oid bahslarni jiddiy keskinlashtirdi. Toshkent munozara ishtirokchilarini ehtiyotkorlikka chaqirishga, shuningdek, til masalasi mamlakatning ichki siyosati ekanligi haqida izoh bilan chiqishga majbur qoldi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Moskvaga safari faqat g’alaba paradida ishtirok etish bilan bog’liq bo’ladimi yoki bu safar rasmiy maqomda amalga oshadimi, hozircha noma’lum.

Ammo O’zbekistonda anchadan buyon Xotira va qadrlash kuni sifatida o’tkazib kelingan 9-may Mirziyoyev hokimiyatga kelishi ortidan bir qadar o’zgargani, jamoatchilikka g’alaba bayrami sifatida taqdim etilayotgani kuzatiladi.

Jamoachilikda 9-may, aniqrog’i, bu sana atamasiga nisbatan munosabat ham turlicha. “Mening fikrim” portalida 9-mayni Xotira va qadrlash kunidan “G’alaba va Xotira kuni”ga o’zgartirish taklifi olg’a surilgan.

Bu tashabbusga munosabat bildirganlarning yarmi taklifni yoqlagan bo’sa, ovoz berganlarning yarmidan ko’prog’i bu taklifga qarshi ekanligini bildirgan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG