Breaking News

Mirziyoyevning Rossiyaga tashrifi qoldirildi


Yevrosiyo ittifoqiga kuzatuvchi maqomida kirish qarorini bildirgan prezident Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga kutilayotgan rasmiy safari qoldirilgan.

Avvalroq Mirziyoyev va Putin o’rtasidagi muzokaralar 5-fevral kuni Moskvada o’tishiga doir ma’lumot tarqalgan edi. Ammo bu ma’lumot Rossiya prezidenti ma’muriyati tomonidan rad etilgan. Xususan, Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, Mirziyoyevning 5-fevralga belgilangan safari qoldirilgani haqidagi ma'lumot noto'g'ri, chunki 5-fevralda Mirziyoyevning Rossiyaga tashrifi rejada yo'q.

Bungacha matbuotga Mirziyoyevning Rossiyaga hozirlanayotgan safari haqida gapirgan O’zbekiston tashqi ishlar vaziri o’rinbosabari Ilhom Ne’matov muzokaralar 5-fevralga rejalanayotgani, Mirziyoyev Rossiya bilan munosabatlar rivojiga ulkan ahamiyat qaratayotganini ta’kidlab o’tgan edi.

Prezidentlar tashrifiga tayyorgarlik Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning yanvar oyida Toshkentga qilgan safari davomida ham muhokama qilingan edi.

Tashrif va muzokaralar muddati rasman tasdiqlanmagan bo’lsa-da, Mirziyoyevning fevral oyi boshida Rossiyaga tashrif buyurishi o’tgan yildan buyon matbuot xabarlarida ta’kidlab kelinayotgan edi.

Safar nima sababdan qoldirilgani noma’lum, ammo O’zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo’shilishga doir pozitsiyasi bilan bog’liq ekanligi asosiy farazlar sirasida.

O’zbekistonning bu ittifoqqa qo‘shilishi ehtimoli yuzasidan munozaralar anchadan buyon davom etib kelmoqda. Rasmiylar ham bu masalada bir necha bor turli bayonotlar bilan chiqdi.

Mavjud bayonotlar ohangi va ayrim tadqiqot markazlari e’lon qilgan hisobotlar O’zbekistonning Yevrosiyo ittifoqiga qo’shilishi ehtimolini, shu qatorda, Rossiya bosimining ortishiga doir xavotirlarni ham kuchaytirayotgan edi.

Ammo Mirziyoyevning parlamentga yo’llagan murojaati davomida mamlakatning integratsion tashkilotlarga qo‘shilishiga doir qilingan so’nggi bayonoti munozaralarga bir qadar oydinlik kiritdi.

Murojaatda u O’zbekiston Yevrosiyo Ittifoqiga faqat kuzatuvchi maqomida qo’shilishi mumkinligini, tashkilotga qo‘shilish mustaqillikka daxl qilishi haqidagi xavotirlar o’rinsizligini yana bir bor ta’kidladi.

Prezidentning bu so’nggi bayonotigacha bo’lgan mulohazalarda O’zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilishi aynan Mirziyoyevning fevral oyida Rossiyaga kutilayotgan rasmiy tashrifi davomida amalga oshishi taxmin qilinayotgan edi.

Ittifoqning O’zbekiston hisobiga kengayishi tashkilot mavqeini oshirishi, Rossiyaning Markaziy Osiyodagi yirik muvaffaqiyati bo’lishini qayd etib kelgan Kreml rasmiylari va ekspertlari hozircha Mirziyoyev taklif etgan kuzatuvchilik maqomi bo’yicha biror munosabat bildirmagan.

Rossiyaga rejalangan safarning qoldirilishi kuzatuvchilik maqomiga nisbatan munosabat yo’qligining izohidek yuzaga chiqqani kuzatiladi.

Tashkilotga kuzatuvchi sifatida qo’shilish, a’zolikdan farqli ravishda, mamlakatga aniq majburiyat va vakolatlar yuklamaydi.

Rossiyaga qarashli ayrim axborot vositalarida O’zbekistonning kuzatuvchi maqomida qo’shilish qarori Moskva bilan aloqalardagi burilish, G’arb, xususan, Ozbekistonni Jahon savdo tashkilotiga qo’shilishga undayotgan AQSh tomonidan Toshkentga qilinayotgan bosim natijasi ekanligi haqidagi taxminlar ilgari surilgan.

O’zbekistonlik ekspertlardan biri Igor Soy tahliliga ko’ra, Sergey Lavrovning Toshkenga safari davomida O’zbekistonning Yevrosiyo ittifoqiga qo’shilishi masalasi ijobiy hal qilingan. Ammo so’nggi paytda hukumat qarorida o‘zgarish yuz bergan. Ekspert bu o’zgarish ortida monopoliya tarafdori bo’lgan mahalliy oligarxlar turganini taxmin qiladi.

Biroq xavotirlar ortida mahalliy oligarxlar emas, asosan jamoatchilik, fuqarolik jamiyati faollari turganini kuzatish mumkin. Bu hadiklar iqtisodga emas, asosan siyosiy sabablar bilan bog’liq bo’lishi mumkin. Jamiyat Yevrosiyo ittifoqiga qo’shilishni sobiq ittifoqqa qaytish qarori sifatida ko’radi.

Yevrosiyo ittifoqining asosiy imtiyozi sifatida qayd etilayotgan guruh - Rossiyadagi mehnat muhojirlari ham bu qarorning ijobiy natijasini shubhali baholashadi.

Rossiyadagi mehnat muhojirlarining matbuotda e’lon qilingan fikrlaridan ular O’zbekistonning Moskva yetakchiligidagi ittifoqdan uzoqroq bo’lishi tarafdori ekanligini kuzatish mumkin.

Rasmiy Toshkent Prezident Mirziyoyevning Moskvaga safari qoldirilgani haqidagi ma’lumotlarga biror munosabat bildirmagan.

3-fevral kuni AQSh davlat kotibi Mayk Pompeoning O’zbekistonga safari davomida esa mintaqa davlatlari o’zaro iqtisodiy hamkorligi olg’a surilayotgan C5+1 guruhi doirasida navbatdagi yig’ilishini o’tkazdi.

Markaziy Osiyo va AQSh tashqi ishlar vazirlari darajasidagi uchrashuvlar xavfsizlik masalasida o’zaro aloqalarni mustahkamlashni, savdo, iqtisodiy sohadagi hamkorlik loyihalarini kengaytirishni, mintaqaviy integratsiyani kuchaytirishni maqsad qilgan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG