Breaking News

Rossiyaning Ukrainadagi urushi. 26-kun. Zelenskiyning Knessetga murojaati


Mariupol, Ukraina
Mariupol, Ukraina

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSh, Britaniya, Kanada, Germaniya qonunchilari oldida virtual chiqishi ketidan Isroil parlamenti a’zolariga ham murojaat qildi. Zelenskiy har doimgidek tarixdan misollar keltirib, Rossiyaning Ukrainaga hujumini Ikkinchi jahon urushida natsistlarning yahudiylarni qirib tashlash rejasiga qiyosladi va Isroildan “Temir gumbaz” havo mudofaasi tizimini Ukrainaga berishni so’radi.

Xalqaro hayot - 21-mart, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:29 0:00

"Hamma yaxshi biladiki, sizning mudofaa tizimingiz eng zo’ri bo’lib, bizga yordam berishingiz, ukrainaliklar hayotini, ukrainalik yahudiylar hayotini saqlashda yordam berishingiz mumkin”, - dedi Zelenskiy.

Ukraina rahbari Isroil Rossiyaga sanksiya kiritmaganidan afsusda ekanini aytdi. Isroil BMT Bosh Assambleyasida Rossiyaning Ukrainaga bosqinini qoralovchi rezolyutsiyaga ovoz bergan.

Isroil Turkiya kabi Rossiya-Ukraina mojarosida vositachi bo’lishga harakat qilmoqda. Ikki mamlakat tashqi ishlar vazirlarining Antalyadagi uchrashuvi natija bermadi.

Zelenskiyga ko’ra, keyingi muloqot Isroil vositachiligida Quddusda o’tishi mumkin.

Ukraina rahbari Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashishga harakat qilmoqda, biroq Kreml ko’ra, bunday ehtimol yakuniy kelishuvni imzolashda bo’lishi mumkin.

Isroil Bosh vaziri Naftali Bennetning aytishicha, Rossiya va Ukraina o’rtasida kelishmovchiliklar talaygina.

“Urushni to’xtata olsak, eng yaxshisi shu bo’lardi. Ammo tinchlikgacha yo’l uzoq, hanuz ayrim bahsli mavzular bor, ba’zilari fundamental”, - dedi u.

O’tgan hafta Bennet Moskvada bo’lib, Putin bilan uchrashgan.

Bu o’rtada Rossiya qo’shinlarining Mariupolga hujumlari davom etmoqda. Aholining katta qismi shahardan chiqa olmayapti. Ukraina va Rossiya bir-birini evakuatsiya qilishga qaratilgan gumanitar korridor haqidagi kelishuvlarni buzayotganlikda ayblayapti.

Rossiya Mariupolni mudofaa qilayotgan ukrainalik askarlarga taslim bo’lishni taklif etarkan, ularga shaharni xavfsiz ravishda tark etishga ruxsat berilishini bildirdi.

Londonda asoslangan “Chatxem uyi” tahlil markazining ukrainalik eksperti Orisiya Lutsevichning aytishicha, dengiz bo’yida joylashgan bu shahar strategik ahamiyatga ega.

"Rossiya Mariupolni qo’lga olib, uning portlarini nazorat qilmoqchi, Qrimga ulamoqchi, aholini evakuatsiya qilib, Rossiyaga yuborishmoqchi”, - deydi u.

Bu o’rtada havo hujumida Ukraina poytaxti Kiyevdagi bir savdo markazi nishonga olindi. Rossiya Mudofaa vazirligining bildirishicha, hududda ukrain raketa tizimi, o’q-dori ombori va harby texnikasi joylashgan edi.

Ukraina Bosh prokuraturasiga ko’ra, hujumda kamida 8 odam o’lgan.

Bugun, shuningdek, Rovno viloyatidagi harbiy poligon nishonga olingan. Rossiya Mudofaa vazirligi qanotli raketa hujumida xorijiy jangarilarni tayyorlovchi markaz va millatchi qo’shinlar joylashuviga zarba berilganini, 80 dan ortiq odam nobud bo’lganini ma’lum qildi.

24-mart kuni AQSh Prezidenti Jo Bayden Yevropada bo’lib, NATO sammitida qatnashadi.

“Qo’shma Shtatlar prezidentimiz va NATOdagi ittifoqchilarimiz orqali Putinni to’xtatishga qaratilgan Ukraina tashabbusiga butunlay sodiqdir. Putin begunoh odamlarni, bolalarni o’ldiryapti. Buning uchun uning nomi tarixda abadiy bulg’anib qoladi”, - deydi AQSh senatori Dik Durbin.

BMT hisobiga ko’ra, mojaro salkam 3,5 million odamning Ukrainadan qochishiga sabab bo’ldi.

“Prezidentning bugungi qilayotgan ishlariga biz sababchimiz. Sanksiyalarga Kongress majburladi, rus neftini taqiqlashga Kongress majburladi, qurollar va yordam paketiga men ovoz berganman. 13 milliard dollarlik yordam paketi. Ma’muriyat hozircha bir milliardini chiqardi, xolos”, - deydi respublikachi senator Jon Barrazo.

Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qo’shimcha sanksiyalar qo’yishni muhokama qilmoqda.

"Ukrainada vayronalar ko’lamini ko’rib, neft va ko’mir kabi energetika sektorini ham nishonga olishimiz kerakligi ayon bo’lyapti”, - dedi Irlandiya Tashqi ishlar vaziri Saymon Kovni tashkilotdagi hamkasblari bilan uchrashuvdan oldin.

Biroq tabiiy gazning 40 foizini Rossiyadan olayotgan Yevropada hamma ham rus nefti va gazidan voz kechishga tayyor emas.

Yevropa Ittifoqiga a’zo mamlakatlar mudofaa vazirlari ham majlis qilib, tashkilotning yangi geosiyosiy voqelikka javob beruvchi yangi harbiy strategiyasini muhokama qilishi kutilmoqda.

"Mariupolda yirik urush jinoyati sodir bo’lyapti. Rossiya ko’plab urush jinoyatlariga qo’l uryapti”, - deydi Yevropa Ittifoqining tashqi siyosatga mas’ul rasmiysi Jozep Borrel.

Rossiya harbiy jinoyatlar haqidagi da’volarga javoban Yevropa Ittifoqini ikkiyuzlamachilikda ayblab, so’nggi yillarda AQSh va NATOning turli mamlakatlardagi urushlarida ko’plab begunoh insonlar nobud bo’lganiga, davlatlar vayron bo’lganiga ishora qilib, urushlarga qo’l urgan rahbarlar javobgarlikka tortilmaganini, urushqoq mamlakatlarga esa sanksiyalar qo’llanmaganini bildiradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG