Breaking News

Rossiyaning Ukrainadagi urushi. 70-kun. Yevropa sanksiyalari...Rossiya hujumlari...AQSh qurollari


Tankka qarshi "Javelin" raketa tizimi
Tankka qarshi "Javelin" raketa tizimi

Yevropa Ittifoqining keyingi sanksiyalari nimadan iborat bo'ladi?

Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 6-paketiga doir takliflarni muhokama etarkan, Yevropa Komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Leyen Rossiya xom neftidan bosqichma-bosqich voz kechishni, Rossiyaning yana bir bankini qora ro’yxatga qo’shishni, rus telekanallarini Yevropa to’lqinlaridan olib tashlashni taklif etmoqda.

Xalqaro hayot - 4-may, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:21 0:00

Yevropa Ittifoqi rus gazi va neftini Kremlning Ukrainadagi urushini moliyalashda asosiy daromad manbai deb ko’rarkan, a’zo davlatlarni Rossiya yoqilg’isidan voz kechishga, muqobil ta’minotchilarni topishga chaqirmoqda.

"Bu albatta oson bo’lmaydi, chunki ayrim a’zo mamlakatlar rus neftiga qattiq tobe. Biroq buni qilmasak bo’lmaydi. Rossiya neftini Yevropada butunlay ta’qiqlashni taklif etyapmiz”, - dedi rasmiy.

Fon der Leyen yil oxirigacha Rossiyaning qayta ishlangan neft mahsulotlaridan ham voz kechilishi haqida aytib, Yevropa mamlakatlari iqtisodiyotlariga ta’sirini kamaytirishga va’da berdi.

Uning bu bayonotidan so’ng neft narxi 3 foizga ko’tarildi.

Yevropa Ittifoqi, shuningdek, Rossiyaning uchta banki, jumladan “Sberbank”ni SWIFT xalqaro to’lovlar tizimidan chiqarishni ham taklif etmoqda.

“Sberbank” Rossiyaning eng yirik banki. Mamlakat bank sektorining taxminan 37 foizini tashkil etadi. Boshqa katta banklarni ham SWIFT dan chiqaramiz”, - dedi komissiya rahbari.

Ushbu takliflarni endi 27 a’zo mamlakat tasdiqlashi lozim.

Ayrim manbalarga ko’ra, Rossiyadan eng ko’p neft olayotgan Vengriya va Slovakiyaga xom neftdan voz kechishga 2023-yil oxirigacha muhlat beriladi.

Matbuotdagi xabarlarga ko’ra, Xitoyning xususiy neft kompaniyalari Rossiyadan katta chegirma bilan yirik miqdorda neft xarid qilmoqda.

Britaniya hukumati bugun bir necha rossiyalik jurnalistni (Yevgeniy Poddubniy, Aleksandr Kots, Dmitriy Steshin) qora ro’yxatiga qo’shdi, Yevropa Ittifoqi esa Rossiyaga qarashli uchta davlat telekanalining qit’aga har qanday shakldagi translyatsiyalarini to’xtatmoqchi.

Rossiyaning sanksiyalarga javobi

G’arb sanksiyalariga javoban Rossiya qarshi choralar ko’ryapti. Xususan, Rossiya Tashqi ishlar vazirligining bugun ma’lum qilishicha, Yaponiyaning 63 nafar rasmiysi, jumladan tashqi ishlar vaziri, mudofaa vaziri va bosh vaziri, jurnalistlari va olimlari qora ro’yxatga kiritilgan, Rossiyaga safar qilishi taqiqlanadi.

Aprel oyida Tokio sakkiz nafar rus diplomatini haydagan edi.

Rossiya Ukraina temir yo'l tizimini nishonga olmoqda

Rossiya Mudofaa vazirligi Ukraina tuprog’iga tekkan xorijiy qurollarni nishon deb bilarkan, raketalar bilan elektr podstansiyalariga hujum qilib, qurol-yarog’ va yoqilg’i tashishda muhim hisoblangan oltita temir yo’l stansiyasini ishdan chiqargan. Ushbu stansiyalar orqali aynan qanday qurollar olib o’tilgani haqida ma’lumot berilmagan.

Hujumlardan biri mamlakat g’arbidagi Lvov shahriga to’g’ri kelgan. Mahalliy rasmiylar ba’zi tumanlar chiroqsiz qolganini ma’lum qildi.

Vazirlik so’nggi 24 soat ichida 40 ga yaqin harbiy inshoot nishonga olinganini, 300 dan ortiq ukrainalik askar yo’q qilinganini bildirdi.

Mudofaa vaziri Sergey Shoyguning bugun ogohlantirishicha, Ukrainaga olib kirilayotgan har qanday qurol va o’q-dori yo’q qilinadi.

Vazirlik rasmiylari bilan majlis paytida Qurolli kuchlar Bosh shtabi rahbari Valeriy Gerasimov ham ko’rsatilgan. Ukraina tarafi Gerasimov o’tgan hafta Donbassda bo’lib yaralangani haqida ma’lum qilgan edi, biroq keyinchalik ushbu da’vosidan voz kechgan.

Ukraina harbiylari o’z navbatida Donetsk oblastida bo’lginchi kuchlar nazoratidagi Makeyevka shahrida joylashgan neft bazasini nishonga olgan. Hujumda bir odamning o’lgani, kamida 10 kishining jarohat olgani ma’lum. Inshootda yong’in hamon davom etmoqda.

Rossiya 9-may kuni Ukrainaga urush e'lon qiladimi?

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Ukraina rasmiylarining 9-may kuni Rossiya Ukrainaga qarshi urush e’lon qilishi hamda ommaviy harbiy chaqiruv boshlanishi haqidagi da’volarini safsata deb atadi.

Shu kunlarda Moskvada G’alaba kuniga bag’ishlangan asosiy harbiy paradga tayyorgarlik va mashqlar ketmoqda. Tadbirda 11 mingdan oshiq harbiyning ishtirok etishi kutilmoqda.

Bayden "Javelin" qurol sistemasini ishlab chiqaruvchi zavodda bo'ldi

Bu o'rtada AQSh Prezidenti Jo Bayden seshanba kuni Alabama shtatida joylashgan qurol zavodida bo’ldi.

"Lokxid Martin" korxonasi (Lockheed Martin), asosan, tankka qarshi ishlatiladigan “Javelin” raketa sistemasini ishlab chiqaradi. 23 kilogram vaznga ega va qo’lda olib yursa bo’ladigan ushbu qurol 4 kilometr radiusdagi nishonni urish salohiyatiga ega. Qo’shma Shtatlar Ukrainaga 5000 dan ortiq ana shunday qurollar yuborgan. Har bittasi kamida 217 ming dollar turadi.

Baydenning zavod ishchilariga murojaatida aytishicha, “Javelin” jang maydonida Ukrainaga jiddiy yordam bermoqda.

“Ushbu raketalar har xil turdagi zirhli nishonni urishda o’ta samarali ekanini ko’rsatmoqda. Ularning ukrainaliklar uchun ahamiyati shu qadar kattaki, hatto ukrainalik ota-onalar chaqaloqlariga “Javelin” yoki “Javelina” deya ism qo’ymoqda va bu hazil emas”, - dedi Bayden.

Bayden Ukrainaga harbiy va boshqa turdagi yordam uchun Kongressdan qo’shimcha 33 milliard dollar so’ragan. Shu kungacha Qo’shma Shtatlar o’z omborlaridagi tankka qarshi “Javelin” va “Stinger” zenit raketa komplekslarini Ukrainaga uzatgan. Qurol omborlarini to’ldirishga bir necha yil ketishi aytilmoqda.

“Ukrainaga bu qurollarni endi uzatishning imkoni yo’q. Ular Amerikaning o’ziga muayyan urush rejalari uchun kerak. Hozirning o’zida kamomad ehtimoli bor. Ularning o’rniga boshqa qurollar yuborilsa kerak”, - deydi vashingtonlik tahlilchi Mark Kenshn.

Qurollarni yetarli miqdorda ishlab chiqarib, Ukrainaga uzatishga koronavirus pandemiyasi bilan bog’liq muammolar halaqit bermoqda. Natijada Tayvan Mudofaa vazirligi AQShdan buyurtirilgan gaubitsa zambaraklari bir necha yilga kechikishi haqida shu hafta ma’lum qildi.

“Ukrainaga berayotgan yordamimiz boshqa holatlarda harakat qilish salohiyatimizga jiddiy ta’sir qilgani yo’q. Kelajakda Ukrainaga boshqa turdagi qurollar berilishiga guvoh bo’lamiz. Ukrainaga berilgan qurollar o’rnini to’ldirish maqsadida mudofaa byudjetining oshirilshi ham kutilmoqda”, - deydi tahlilchi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG