Breaking News

Rossiyaning Ukrainadagi urushi. 76-kun. Bayden lend-liz haqidagi hujjat imzoladi


Oq uyda qonun loyihasini imzolash marosimi
Oq uyda qonun loyihasini imzolash marosimi

AQSh Prezidenti Jo Bayden Ukrainani qurol bilan ta’minlashga yordam beruvchi lend-liz haqidagi qonun loyihasini imzoladi. Ikkinchi jahon urushi paytida natsistlar Germaniyasiga qarshi jang qilgan Sovet Ittifoqiga ushbu dastur orqali ko’p qurol va harbiy texnika yuborilgan. Endi esa dastur SSSR vorisi - Rossiyaning o’ziga qarshi qaratilmoqda.

Xalqaro hayot - 10-may, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:41 0:00

“Ruslar sodir etayotgan vahshiyliklarga aql bovar qilmaydi. Ularga qarshi urush arzon emas, ammo bosqinga yo’l berish yanada qimmatga tushadi”, - deydi Bayden.

Har ikki partiya qonunchilari xayrixohligida qabul qilingan “Ukraina demokratiyasi va mudofaasi uchun lend-liz” deb nomlanuvchi hujjat Ukrainaga qurollarni tezroq yuborish imkonini beradi.

Ikkinchi jahon urushi paytida Qo’shma Shtatlar Sovet Ittifoqiga salkam 8000 ta samolyot uzatgan. Sovet uchuvchilari ularni Alyaskadagi aerodromdan olib, jang maydoniga uchgan.

“Bu gal lend-liz Rossiyaga qarshi qaratilgan”, - deydi AQSh Senatiga Alyaska shtatidan saylangan respublikachi qonunchi Den Sallivan.

Dastur xayriya emas. Sovet Ittifoqi qulashi ketidan uning xorijdagi mulki va qarzlarini o’ziga olgan Rossiya lend-liz bo’yicha qarzni 2006-yilda uzgan. AQSh yordami Sovet Ittifoqi va Rossiyaga foizlari bilan salkam 700 million dollarga tushgan.

9-may Rossiyada bayram bo’lganiga qaramay, Ukrainada harbiy harakatlar davom etdi. Pentagonning bildirishicha, evakuatsiya qilinayotgan ukrainaliklar Rossiyaga majburan olib ketilmoqda.

Urush jinoyatlariga doir ayblovlar

Inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi “Xalqaro Amnistiya” tashkiloti urush boshida rus qo’shinlari Kiyevda harbiy jinoyatlar sodir etganini da’vo qilmoqda.

BMTning inson huquqlari monitoringi missiyasi ham shunday bayonot bilan chiqdi. Missiya ukrainalik harbiylarni ham qotilliklarda, qiynoqqa solishlarda aybladi. Ukrainada guruhning 55 nafar kuzatuvchisi ishlayapti. Ularga ko’ra, 24-fevraldan beri mamlakatda harbiy harakatlar oqibatida BMT hisoblagan 3381 fuqarodan ancha ko’p tinch aholi o’lgan.

“Mariupolga kirib, vaziyatni o’rganish o’ta qiyin bo’lgani uchun aniq ma’lumot berishning imkoni bo’lmayapti”, - deydi missiya rahbari Matilda Bogner.

Ukraina urushi muolajadan ayrilgan bemorlarni nobud qilmoqda

Jahon sog’liqni saqlash tashkilotiga ko’ra, Ukrainadagi urush natijasida surunkali kasalligi bor odamlar muolaja olish imkoniyatidan mahrum bo’lgani uchun kamida 3000 nafari olamdan o’tgan.

"Ukrainadagi xonadonlarning 40 foizi xronik kasalligi sabab muolaja olishga ehtiyoji bor kamida bir oila a’zosiga ega. OITS va saraton bilan kasallanganlar shular jumlasidan”, - deydi tashkilotning Yevropa bo’limi rahbari Xans Kluge.

Guruhning Kopengagenda o’tayotgan anjumanida Rossiyaga qarshi choralar muhokama etilishi kutilmoqda, xususan Moskvadagi bosh mintaqaviy idora yopilishi mumkin.

Zelenskiy Rossiyaga qo'shimcha sanksiya qo'yishga chaqirmoqda

Bugun Slovakiya qonunchilariga virtual murojaat qilgan Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning aytishicha, Yevropa Ittifoqi zudlik bilan Rossiyaga qarshi sanksiyalarning oltinchi paketini qabul qilishi kerak. Ushbu chorada rus neftidan voz kechish ko’zda tutilgan, biroq Rossiya neftiga tobe Vengriya bunga hozircha ko’nmayapti.

Finlyandiya va Shvetsiya NATOga qo'shilishga majburmi?

Shu kungacha o’zini betaraf deb bilgan Finlyandiya va Shvetsiya bir necha kun ichida NATOga a’zo bo’lishga ariza berishi kutilmoqda. Ular Rossiyaning Ukrainaga asossiz hujumi bunday qarorga majbur qilganini bildirmoqda.

“Rossiya Ukrainada urush boshlashi ketidan hamma narsa o’zgardi. Milliy manfaatlarimizdan kelib chiqqan holda qaror qabul qilishimiz kerak. Finlar va Finlyandiya xavfsizligini ta’minlashning eng yaxshi yo’li nima? Biz G’arbning bir bo’lagimiz. NATOga a’zolik G’arbga integratsiyalashning yakuniy bosqichidek ko’rinadi”, - deydi Finlyandiyaning Yevropa masalalari bo’yicha vaziri Tyutti Tuppuraynen.

Ukrainada urush boshlanganidan beri Finlyandiyada NATOga a’zolik masalasida ijtimoiy fikr keskin o’zgardi. O’tgan yili aholining choragigina harbiy alyansga qo’shilish istagini bildirgan edi, biroq hozir bundaylar 76 foizni tashkil etmoqda.

“Bu kabi ishonchsiz qo’shni bilan endi oldingiday yashay olmaymiz. Xavfsizligimizni ta’minlashda NATO yagona yechimdir”, - deydi xelsinkiliklardan biri.

Shvetsiya ham shu kungacha biror harbiy tashkilotga a’zo bo’lmagan. NATO har ikkisini quchoq ochib qabul qilishini bildirdi. Bunga bir necha oy vaqt ketishi mumkin.

Yevropa Ittifoqiga a’zo Shvetsiya va Finlyandiya so’nggi yillarda NATOning qator mashg’ulotlarida qatnashgan. NATOga rasmiy a’zolik alyansning Boltiq dengizi va Yevropa shimolidagi mudofaasini ancha kuchaytirishi aytilmoqda.

Rossiya bu ikki mamlakat NATOga qo’shilsa, “harbiy-texnik chora” ko’rishga majbur bo’lishi haqida ogohlantirdi. Masalan, Kaliningrad shahrida yadro qurollari joylashtirilishi mumkin. Biroq bunday do’q-po’pisa bu davlatlarning NATOga qo’shilish ehtiyojini yanada kuchaytirdi.

“Bunday tahdidlarni hatto Sovuq urush paytida ham eshitmaganmiz. Finlyandiyaning mudofaa salohiyati kuchli, biroq yadro quroliga dosh berolmaydi. Yadro hujumiga qarshi salohiyatni kuchaytirishning yagona yo’li NATOga a’zo bo’lishdir”, - deydi Finlyandiya Xalqaro aloqalar institutidan Charli Salonius-Pasternak.

Unga ko’ra, Putin NATOdan Rossiya chegarasidan chekinishni talab qilib Ukrainaga hujum qildi, biroq aslida yana ikki mamlakatni alyansga qo’shilishga majburlamoqda.

“Bu bilan Putin ushbu mamlakatlarni xavfsizlik va mudofaa siyosatini keskin o’zgartirishga majburlab, yana bir strategik xatoga yo’l qo’ydi”, - deydi tahlilchi.

Ukraina urushi Afrikada oziq-ovqat inqiroziga yetaklashi mumkin

BMTga aloqador tashkilotlar Rossiyaning Ukrainadagi urushi COVID pandemiyasi, ichki qurolli nizolar, iqlim o’zgarishi hamda iqtisodiy tanazzul oqibatida keskin qashshoqlikka yuz tutgan o’n millionlab odam yashovchi Afrikada narx-navo oshishi natijasida oziq-ovqat inqirozini kuchaytirishi haqida ogohlantirmoqda.

Masalan, Zimbabveda yoqilg’i qimmatlashgan, mahalliy valyuta keskin qadrsizlangan. Yanvar oyida 61 foiz atrofida bo’lgan inflyatsiya, aprelda 96 foizga chiqib ketdi.

Bu o’z navbatida o’g’it narxini ko’tarib, kichik fermerlarga zarba berdi.

Ukraina urushi Qora dengizda yuk kemalari harakatini to’xtatib qo’ydi. Dengiz bug’doy va boshqa mahsulotlarni Rossiya va Ukrainadan Afrikaga eksport qilishda arteriya vazifasini bajarar edi.

Ukraina hukumati urush sabab bug’doy ekinzorlari 20 foizga qisqarishi haqida ogohlantirgan.

BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo’jaligi tashkiloti bosh kotibining yordamchisi va Afrikadagi vakili Abebe Hayle-Gabrielning aytishicha, qit’adagi 54 ta mamlakatning deyarli yarmi bug’doyni Ukraina va Rossiyadan olardi. Rossiya, shuningdek, Afrikadagi 11 mamlakatga o’g’it ham sotadi.

"Ukraina urushi Afrika mamlakatlari yuzlashayotgan boshqa inqirozlarga qo’shimcha bo’ldi. Kelajak yaxshi emas”, - deydi rasmiy.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG