Breaking News

Rossiyaning Ukrainadagi urushi. 89-kun. Zelenskiyning Davos forumiga murojaati


Rossiya Mudofaa vazirligining bildirishicha, ukrain askarlari Donbassning Severodonetsk shahrida qurshovga olinmoqda, Ukrainada o’nlab harbiy obyektlar nishonga olingan, AQSh Ukrainaga yetkazgan gaubitsalar batareyasi, o’nlab qo’shin yo’q qilingan.

Xalqaro hayot - 23-may, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:50 0:00

Rus manbalari Dnepropetrovsk viloyatiga Polsha fuqarolaridan iborat ikkita batalyon kirganiga ishora qilmoqda.

Ukraina mavzusi Shveysariyaning Davos shahrida boshlangan an’anaviy xalqaro iqtisodiy forum kun tartibiga kiritilgan. Davlat rahbarlari va tadbirkorlar 4 kun davomida global iqtisodiyotni pandemiyadan tiklash, iqlim o’zgarishiga qarshi kurash, oziq-ovqat tanqisligining oldini olish kabi mavzularni ham muhokama qiladi.

Davos iqtisodiy forumi kabi yirik tadbirni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning an’anaviy bo’lib qolgan virtual murojaatisiz tasavvur qilib bo’lmaydi.

Anjuman ochilishida so’zlagan Zelenskiy 2000 ga yaqin ishtirokchilarni Moskvaga bosimni kuchaytirishga, sanksiyalarni bo’shashtirmaslikka, Rossiyadan neft sotib olishni bas qilishga, barcha rus banklari faoliyatiga to’siq qo’yishga, Rossiyada bizneslarni yopishga chaqirdi.

Uning aytishicha, sanksiyalar kelajakda boshqa davlatlarni bosqin rejasidan qaytarishga xizmat qilishi kerak.

Rossiya vakillari bu yilgi forumga taklif etilmadi.

BMTning Jahon oziq-ovqat dasturi tashkiloti rahbari Deyvid Bizli Davos forumida so’zga chiqib, barcha mamlakatlarni ushbu gumanitar inqirozga qarshi hamkorlikda kurashishga chaqirdi. Unga ko’ra, Odessa portlarida turib qolgan bug’doy jahon bozoriga olib chiqilsa, 400 million odamni ocharchilikdan qutqarishga imkon bo’ladi, bo’shagan omborlarni esa bu yilgi hosil bilan to’ldirsa bo’ladi.

G’arb Ukrainadan bug’doyni olib chiqishga harakat qilarkan, Rossiyani Ukraina portlarini to’sib qo’yganlikda ayblamoqda. Kreml nazarida esa, Rossiyaga qo’yilgan eng ko’p va qattiq sanksiyalar dunyoda oziq-ovqat inqiroziga sabab bo’lmoqda.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish o’tgan hafta AQSh, Ukraina, Rossiya, Turkiya va Yevropa Ittifoqi vakillari bilan gaplashib, Ukrainadan bug’doy eksportini yo’lga qo’yishda yordam so’ragan.

Global bug’doy ta’minotining salkam uchdan biri Rossiya va Ukraina hissasiga to’g’ri keladi.

Kremlga ko’ra, Ukraina dengiz yo’llarini minalashtirib, tijoriy kemalar xavfsizligiga tahdid solgan.

Mariupol va Xerson port shaharlari Rossiya nazoratiga o’tgach, Ukraina Azov dengiziga chiqishdan mahrum bo’ldi. Donbassdagi harbiy harakatlardan so’ng Nikolayev va Odessa ham hujumga uchrashi va Ukraina Qora dengizdan ham ajralishi mumkin.

Bu o’rtada Ukrainada asirga tushgan rossiyalik ilk harbiy ustidan sud o’tkazilib, 21 yashar tankchi Vadim Shishimarin 28-fevral kuni Chupaxovka qishlog’ida 62 yashar ukrainalikni o’ldirganlikda aybdor topildi. Rus serjanti aybiga iqror bo’lib, umrbod qamoq jazosiga mahkum etildi.

Kreml urush jinoyatlarida ayblangan askari taqdiridan xavotirdaligini, uni himoya qilish imkoniyatidan mahrum ekanini bildirdi.

Rossiya va Ukrainaning Donetsk va Lugansk bo’lginchi viloyatlarida ham yaqinda harbiy tribunallar o’z ishini boshlashi mumkin.

Tergovchilar ayni paytda asirga tushgan 5000 dan ziyod harbiyni so’roqqa tutmoqda. Mariupoldagi “Azovstal” zavodidan chiqib taslim bo’lgan “Azov” millatchi polki jangchilari ko’plab jinoyatlarda gumon qilinmoqda.

“Azovstal” zavodi ayni damda mina va turli shakldagi portlovchi moddalardan tozalanmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG